Ikki xil qozilar borki, ular doʻzaxga mahkumdirlar, bir xillari esa jannatiydirlar. Haqni bilsa-da, nohaq hukm chiqaradigan yoki umuman ilmi yoʻq boʻla turib, oʻz xohlaganicha hukm chiqaradigan qozilar doʻzaxiydirlar (hadis).
Doktor Shafe’iy Kadkaniy
Xomushona
Mening xomushgina shahrim, qani ruhbaxsh bahorlaring?
Qayda sho‘ru shaydoyi ul hazorlaring, hazorlaring?
(hazor – bulbul degan ma’noni ham beradi)
Har bir yaproq tomirida xazon xunobasi yuzgay,
Qani subhidam nakhati, shirin bo‘yli bahorlaring?
Ham ko‘cha, ham bozorlaring dushman sipohi qoplamish,
qayda tulpor kishnog‘lari, qayda yovqur suvorlaring?
Holing nechuk totorning tiyg‘in taginda, munisim,
Qayda qoldi zo‘r hamlali, po‘lod sheri shikorlaring?
Tunlar qaro tortdi so‘qir, mayxonalar xomush va gung,
Qani Majnun kabi na’ra tortgan bodagusorlaring?
Yuzlarda g‘am zahri va dillarda hama begonalik,
Qayda qoldi seni payvandi jon qilgan ul yorlaring?
Osmonmi bu? Osmon emas, boshingda zindon tomidir,
Ro‘shno bo‘larmi oqibat, shahrim, bu shomi torlaring?
MARSIYА
Xazar mavjini qoplabdi motam,
Giyohu beshalar ustidadir g‘am.
Qara, tong chog‘i zangor tunli bu ufq,
Bahorlar ruhidir o‘tgan muqaddam.
Bahormi bu, Xudoyim, dashti g‘amda,
Siyovush qonlaridir lolalar ham.
Parishon aylagan jonidan bod reza gullar,
Shahodat jomidan oqqan jamuljam.
Tun ahlin tillarida zikr o‘lg‘ay,
Vale bo‘lmas ular xotirda mubham.
Samum zahri o‘tib bu bog‘lardan,
Bahor gulzorlarini qopladi vahm.
Bahor ruhi, o‘shal qonlarki o‘tdi,
Daraxtzor besha bo‘ldi qonidan nam.
CHORLA…
Tun sahrosida qizil gul haqqi chorla,
Bog‘lar bedor va barakali bo‘lsin.
Chorla, chorlayver oppoq kabutarlar
Qonli oshyonlarga qaytib kelsinlar.
Sukut ravoqida qizil gul hurmati,
Kim saslarin avji va mavji niliy tomdan o‘tgaydir,
Tunning niliy tomi osha yorug‘ yomg‘ir payomin
Har bir yo‘lovchi o‘zi bilan eltgay
Cheksiz kengliklar tomon.
Qurg‘oqchilikdan nechun qo‘rqarsen?
Devorlar tikmishlar g‘oyat,
Suv qarshisida emas,
Nurlar qarshisida,
Ovoz qarshisida,
Sho‘r qarshisida…
Bu kasofat zamonada
Zamon shoirlariga ijozat berdilar,
Toki kuylasinlar uyqudan-da teranroq,
Suvdan-da zilolroq.
Sen xomush kuylaguvchisan,
Sen sokit ketguvchisan,
Kim bizning bargsiz niholginamizga
Tarona etgaysen?
Bahor tikan simlar osha keldi.
Binafshaning hariq shu’lasi naqadar go‘zal!
Ming bir ko‘zgu oqayotgandek, ming bir ko‘zgu…
Sening qalbing bilan qo‘shilmoqqa talpinar.
Zamin zindonlardan xolidir,
Sen tanhosan.
Oshiqona nag‘malarni qayta kuylagaymisan?
Chorla, qizil va oshiqona gul hurmati,
Ishq hadisin o‘zing bilgan tilda bayon qil.
HALLOJ
Ko‘zguda qayta namoyon bo‘ldi: Bulut sochlarini bod tarardi.
Yana o‘sha «Analhaq» ning qizil qo‘shig‘i
Uning tillarida
Sen Ishq namozida nimani o‘qigan eding –
yillar davomida dor ustidan yurding
va bu tullak mirshablar
hamon loshingdan hazar qiladilar?
Sening nomingni nishoburlik siynachok rindlar qatori mastlikda – mastlik – rostlik –
Ohista til uchida takrorlaydilar.
Qachonki sen,
yuzingni qopga tiqqan lahzalarida xomush va mot eding,
Bizlar qashqirsimon tomosha ahli,
Ma’murlar bilan bir safda sukut saqladik.
Sening xokistaringni subhidam shabadalari qay yergaki eltdilar,
Bir er tuproqdan bosh ko‘tardi.
Nishobur ko‘chabog‘larida
Tungi mastlar yana sening qizil ovozingni
zamzama qildilar.
Noming hamon tillarda.
So’nggi izohlar