Moʻmin boʻlgan odam Qoʻrquv va Umid orasida turmogʻi, Ollohning rahmatiga suyanmogʻi, Undan aslo umid uzmasligi kerak.
Aʼzam Oʻktam: “Qirqinchi bahor” kitobidan
Bobolarim
Ularda har ne oq, har ne nuroniy,
“Qoralagan” demay qalam tek qolar.
Duo birla suyab turar dunyoni
Paygʻambar yoshini OQLAGAN chollar.
Tilim
Tilimdan bol tommas, achchiq ham emas,
yaraydi qalbdagin izhor etishga.
Uzunmas unchalik, qisiq ham emas,
yetadi boʻynimdan tortib ketishga.
Chorbogʻ
Poklanmoqqa suv eltar ariq,
Qaldirgʻochlar tushirar takbir,
Sajdadan bosh koʻtarmas poliz,
Tandir — yuvosh duogoʻy kampir.
Teraklar — saf tortgan yigitlar,
Makkajoʻxorilar — bir maydon ayol,
Yoʻrgaklangan bola quchoqlab,
Shukr namoziga saflangan.
Bularni qoʻy…
Bilsa bilar, chalsa chalar oyoqdan,
Ayt oʻzing: tashvishin chekayin nening?
Har soʻzu ishimga million guvoh-la
Naq Allohning Oʻzi kutyapti meni.
Tobora
Zulmatga moyilroq koʻryapman koʻzni,
Moy yoʻq, shisha xira, pasayar pilik.
Yolchimagandek belboqqa boʻzchi,
zor boʻlganim — odamgarchilik.
Har kun bir his uchar vujuddan, dildan,
har tun bir tuygʻuning oʻchar qorasi.
Tobora yurakning tiriklik birlan
ochiq boʻlayotir orasi.
So’nggi izohlar