Ixlos — oʻqigan namozing va qilgan toatlaring uchun ikki jahonda ham evazini istamasligingdir.
Shoshiling
Oʻlim – “endi hammasi tugadi”, degani emas, balki qandaydir bir yangi narsaning boshlanishi aslida…
Biz esa buni unutib, arzimas narsalarni izlab yuramiz. Xuddi gorizontda botayotgan quyosh oldimizda turgandek shoshamiz, hovliqamiz. Vaqtni yengib, qoʻlga olishni istaymiz, lekin quyosh hali ham uzoqda – hech yetolmaymiz. Qancha yugurib-elsak ham, bari behuda. Inson yoʻli – “umr” yoʻlidan uzunroq. Umr tugagandan keyin ham bizning hayotimiz davom etadi. Yaʼni, biz mangu yashaymiz. Aslida vaqt ham bizning qoʻlimizda emas, umr uzunligini biz belgilagan emasmiz. Yerdagi hayotbaxsh “tomirlar” – Yaratguvchining qoʻlida. Esingizda boʻlsin, inson hayoti yerda tugamaydi.
Biz: “Hayotning oxiri bor”, deb tasavvur qilamiz. Aslida unday emas. Hayot – bu abadiyat sari davom etadigan yoʻl. Oʻlim soati esa bizni keyingi hayotga, Alloh bilan boʻladigan uchrashuvga yoʻllaydi. Xudo sizni kutib turibdi.
HAYOT – QISQA MASOFAGA CHOPISHUV EMAS.
SIZ QAYSI TARAFGA QARAB YUGURYAPSIZ?
Doʻstim, oʻtirib qolmang. Alloh taolo bizning “ulugʻlikdan ulugʻlikka” oʻtishimizni, yerdagi foniy va arzimas narsalarga bogʻlanib qolmay, abadiyat sari harakat qilishimizni xohlaydi. Hayotingizda sodir boʻlgan musibatlar sizni yiqitib qoʻymasin. Qaygʻuga berilib, “sayohatdan” qolib ketmang. Baxt va boyliklar ham oyogʻingizga kishan boʻlmasin. Kechagi kun bilan yashamang, “bugun” uchun shukrona aytib, Allohdan baraka soʻrab, olgʻa qadam tashlang!
Xalaqit beradigan kishanlarni, yuklarni oʻzingizdan soqit qiling, abadiy hayotdan qolib ketmang.
Biz – olgʻa intilishimiz kerak. Toʻxtamang. “Shu yetar, marra shu-ku!” deb oʻylamang. Bosib oʻtkan yoʻlimiz bilan qanoat qilmaylik, maqtanmaylik. Tezligimiz, kuchimiz va yutuqlarimizga mahliyo boʻlib, quyoshimizni yoʻqotib qoʻymaylik. Yaratgan Alloh – bizning quyoshimiz! Agar palatka tikib, endi biroz dam olay, deb koʻrpaga oʻralsak, yoʻlni esdan chiqarib qoʻyishimiz mumkin. Alloh bizni ulugʻ maqsad sari chorlagan. Aziz doʻstim, karvondan qolib ketmang!
Vaqtingiz shoshyapti
Vaqt tigʻiz, shoshilyapti… quyosh ham toʻxtamay yerni aylanyapti… mashinalar shoshib, probkada bir-biriga signal beradi. Odamlar ham shoshadi, ana, anov kishi sal demasa tramvay ostida qolay dedi… Hech qayerga shoshilmaydigan qish ham, bugun tunda shoshib, hamma yoqni oq un bilan toʻldirmoqchiga oʻxshaydi. Bahorchi? Bahor esa odamlarni isitishga shoshyapti. Rafiqasini yaxshi koʻrgan erkaklar uyga shoshyapti. Biznesmenlar esa oʻljadan quruq qolmay, deb, soatdan tezroq yurishga, vaqtdan oldinga oʻtishga tirishmoqda. Ona bolasini bogʻchadan olishga, boʻydoqlar uylanishga, qizlar turmushga chiqishga, sobiq student yangi ishidan kech qolmaslikka shoshyapti. Yomon – oʻch olishning, oʻgʻri esa qochishning gʻamida. “Shans” deb atalmish poyezdga minish uchun, kimlar shoshmaydi deysiz…
Qayoqqa shoshyapsiz? Shoshaman, deb kechikib qolmadingizmi? Shuncha shoshganga yarasha koʻp narsaga ulgurdingizmi? “Shansni” qoʻlga kiritish uchun vaqtni boy berib qoʻymadikmikan? Vaqtni yengish uchun biz rejalar tuzamiz, lekin hayot mukofotini qoʻlga kirita olamizmi?
Vaqtni biz yaratgan emasmiz. “Xronos” degan vaqt bor, “kayros” degan vaqt bor. Xronos – bu oʻtayotgan vaqt, kayros esa hozirgi momentimiz. Biz koʻpincha xronosni kayros ekan, deb adashtiramiz. Natijada vaqtni yoʻqotib, shansni qoʻldan boy beramiz. Vaqtni toʻgʻri tushunish uchun nima qilish kerak? Bizga vaqtni faqat Xudo toʻgʻri tushuntira oladi.
“Dono qalbga ega boʻlishimiz uchun bizga umr kunlarini sanashni oʻrgat” (Mazomir 89:12).
Kim shoshmaydi? Hayotni tushungan inson. Kim hayotni tushungan boʻlsa, oʻtkinchi arzimas narsalar orqasidan yugurmaydi. Samo kemasida keraksiz yukni nima qilasiz?
QAYoQQA ShOShISh KERAK OʻZI?
Vaqt shoshyapti, uchyapti… Qalamchalar bir pasda katta daraxtlarga aylanib qoladi, shunday emasmi? Quyosh ham charchamay har kuni ufqdan chiqadi, yaxshiyu yomonlarga nur tarqatadi. Bu ham abadiyatni quchish uchun bizga berilgan shans. Xudo bilan uchrashishga, Xudoniki boʻlishga shoshiling. Oʻtkinchi narsalardan qochishga shoshiling. Mehr koʻrsatishga shoshiling. Muhabbatda kamol topishga shoshiling. Hayotni toʻlaqon yashashga shoshiling.
SChETChIKDAGI HAYoT
Inson hayoti karta oʻyiniga oʻxshaydi: oʻtayotgan har bir yil – misoli bir karta. Kartalarni yerga tashlar ekansiz, yillar birin-ketin yugurib oʻtaveradi: biridan keyin biri – biridan keyin biri. Ha deyishga ulgurmay oxirgi kartani – hayotning oxirgi soniyasini yerga tashlaganingni bilmay qolasan kishi. Hayot nimalardan iborat? Soniyalar, daqiqalar, soatlar, kunlar, oylar, yillar…
Hammamizning hayotimiz “schetchikka qoʻyilgan”. Bu haqda hech oʻylab koʻrganmisiz? Soatning toʻxtamay tiqillayotganiga bir quloq solib koʻring-a! Umringiz oʻtib ketmoqda. Uni toʻxtatish yo sekinlatish iloji yoʻq. Biz faqat undan foydalanib qolishimiz mumkin, xolos.
Har bir soniya – biror narsa qilish uchun berilgan shans. Daqiqalar-chi? Soatlar-chi? Kunlar-chi? Biz axir juda koʻp vaqtimizni bekorchi narsalar uchun ishlatamiz. Statistik maʼlumotlarga koʻra, har bir odam 7 yildan 18 yilgacha vaqtini televizor oldida oʻtkazar ekan. Bu vaqt ichida toʻrtta institutni bitirish mumkin! Yoki biron bir biznesda katta muvaffaqiyatga erishish mumkin. Siz-chi, aziz doʻstim, bu vaqtni nimaga sarflagan boʻlar edingiz?
Mana, yana bir yil qochib ketdi, uni quvib yetishning endi iloji yoʻq. Yana qancha yil vaqtimiz qoldi? Koʻpmi? Ana, hozirgina yana bittasi oldingizdan oʻtib ketmoqda. Ushlang uni, egarlang, minib oling! Har bir yangi yil bir vaqtning oʻzida ham marra chizigʻi, ham hisob punkti, ham start maydoni…
Bir kino qahramoni: “Shunday yashaginki, maqsadsiz oʻtkan yillar uchun pushaymon boʻlib qolma”, – deb aytgan ekan. Maqsadingiz nima? Qayoqqa borish kerakligini aniq bilasizmi?
Yer yuzidagi hech bir odam tasodifan tugʻilgan emas. Yaratgan Egamiz har bir insonni muayyan reja bilan dunyoga keltirgan. Oʻz vazifamizni bilib olaylik, bajaraylik, uddasidan chiqaylik. Kimki oʻz maqsadini bilmasa, uni izlamasa, maqsad ustida ishlamasa, oxir-oqibat bankrot boʻladi. Na mol-dunyo, na qimmat mashinalar, na pachka-pachka pullar bizni bu bankrotlikdan qutqara olmaydi. Xudo sizga qanday vazifa berganini bilasizmi?
Xudoning xohishi bilan siz bu dunyoga kelgansiz. Xudo sizni toʻgʻri yashash uchun hamma imkoniyatlar bilan taʼminlagan. Xudo hech qachon xato qilmaydi. Adashmaydi. U sizni ajoyib kelajak uchun yaratgan. Agar Xudoning daʼvati bilan yashasangiz, Xudoning Yoʻlidan yursangiz, goʻzal bir hayotga, baxt, mehr-muhabbat va shodlikka ega boʻlasiz. Nahotki, shunday hayotga erishishni xohlamasangiz?
Esingizda boʻlsin, umringiz kunlari sanoqli. Hayotingiz “schetchikda”, limiti har kuni kamayib boryapti. Oxir-oqibat, bir kun emas-bir kun, oʻtkazgan kunlaringiz haqida hisob berasiz. Xudo sizdan soʻraydi. Shu paytda Unga nima deb javob berasiz?
“Dono qalbga ega boʻlishimiz uchun bizga umr kunlarini sanashni oʻrgat” (Mazomir 89:12).
So’nggi izohlar