Bir kuni Abdulvohid Zayd qoshida bir necha ulugʻlar oʻtirishar edilar. Dedilar: “Ajabo! Bu yerda xalq bilan emas, Alloh bilan mashgʻul bir kishi bormi?” Abdulvohid Zayd: “Sabr qilingiz, hozir ul kishi kelgay”, dedi. Bir soatdan keyin Utbat ul-Gʻulom kelib qoldi. Soʻradilar: “Qayerdan kelding?” “Bozordan”. “Kimni koʻrding?” “Hech kimni koʻrmadim”, dedi.
Fan — kofirlarning kufrona amalimi?

Insoniyat tarixi ilmiy, iqtisodiy va madaniy hayotda turfa yutuqlarga erishgan oʻrta asrlarda islom olami maʼrifat markazi boʻlgani, madaniyatda yetakchi oʻrinda boʻlgani hech kimga sir emas. Ammo bugungi kunda islom olami fan borasida juda qoloqlikda qolib ketdi.
Hozirgi zamonning aksar musulmon olimlari tarixda ”Islomning oltin asrlari” deb atalgan davrlarda yashab oʻtgan musulmonlarning buyuk ilmiy ixtirolari va yutuqlari haqida koʻtarinki ruh bilan yozishadi. Ular oʻzlarining asarlarida oʻsha davrning musulmon olimlari tarafidan qilingan ixtirolar, oʻsha davrda islom olamining ilm fanga qoʻshgan ulkan hissasi haqida batafsil hikoya qilishadi.
Islom olami hozirgi zamon taraqqiyotidan tom maʼnoda bir chekkada qolgan bugungi kunda, koʻpchilik musulmonlar oʻzlarining nigohlarini ulkan zafarlar, buyuk ixtirolarga boy, tahsinlarga loyiq ishlarni amalga oshirgan musulmonlarning oʻtmishiga qaratdilar. Ammo buyuk tariximiz haqida yozayotgan bu kishilar islom olamining taraqqiyoti, hayratomuz muvaqqiyatidan keyin duch kelgan inqirozining sabablari haqida soʻz ochmaydilar. Menimcha ular oxirgi asrlarda biz botib qolgan qoloqlik asoratidan oʻzlarining “buyuk oʻtmish”larini pesh qilish bilan tasalli olayotganga oʻxshaydilar.
1991 yilda oʻzining “Islom va fan, diniy taassub va oqillik yoʻlida kurash” nomli kitobida nashr qilgan fan va islomning aloqalari haqidagi tahqiqotlarning muallifi, Islomobod univesitetining professori, pokistonlik fizik Parviz Xudbxoi oʻtkizgan soʻrovlarning natijasiga koʻra, yer kurrasi aholisining beshdan biri boʻlishiga qaramay, musulmonlarning jahon ilm fanidagi hissasi juda oz, atigi 1% dan ham kam ekan. Kichkinagina Isroilning oʻzida yalpi musulmon mamlakatlariga qaraganda 2 barobar koʻp olimlar bor ekan. Bu qanaqasi? 8 asrdan 14 asrgacha, musulmonlarning 600 yil davomida ilgʻor bilimlarga uygʻun dunyoqarashlari bugunga kelib jaholat iskanjasida qoldi?
Ushbu savolga javob izlab bir qancha maqolalarni titkilab, oʻzimcha bir tadqiqot oʻtkazishga toʻgʻri keldi. Keling, qiziqarli faktlarga boy oʻtmishimizga birgalikda bir nazar tashlaylik. Yunon manbaʼlari Menimcha, oʻtmishda islom olamining ilm-fandagi ravnaqining hozirda zamondoshlarimizdan kamdan-kami zikr qiladigan sabablarini zikr qilish ayni maqsadga muvofiq deb oʻylayman.
Birinchidan, musulmonlarning ilm-fandagi rivoji asosan, ularning qadimgi yunon mutafakkirlaridan olgan bilimlari sababli edi.Yunon madaniyatning sharqda tarqalishi boshda Aleksandr Makedonskiyning yurishlaridan boshlangan va yunonlarning sharqda oʻrnashishlari bilan yoyilgan edi. Keyinchalik 7-8 chi asrlarda islom lashkarlarining Forsdan tortib, Shimoliy Afrikadan to Ispaniyagacha boʻlgan oʻlkalarni zabt etganlarida, ularning qoʻllariga Aflotun (Platon), Arastu (Aristotelь), Pisogʻur (Pifagor), Dimuqrit (Demokrit), Arximed va boshqa olimlarning koʻplab asarlari oʻlja sifatida tushgan edi. Musulmonlar koʻplab kutubxonalarni Halifalik qoshiga tashib keldilar. Qadimiy qoʻlyozmalar koʻplab toʻplanib ketgani oqibat, ularni tarjima qilish markazlarini tashkil etishga sabab boʻldi.
Ikkinchidan, ilm fanning gurkirab rivojlanishiga xalifalarning qoʻllab quvvatlashlari turtki boʻldi. Misol uchun, Halifa Maʼmun tarafidan yunon ilmlarini jamlash uchun Bagʻdodda “Dorul- ulum”nomli ulkan ilmiy markaz tashkil qilingan edi. Shu davrdan boshlab u Halifalikda ilm-fanni rivojlantirishni oʻz vasiyligiga olgan edi. Oʻrta asrlardagi ushbu ilmiy markazda arab tiliga tarjima qilingan dastlabki asarlar ichida aleksandriyalik astronom Klavdiy Ptolomeyning (90-161) hozirda “Alьmagest” deya mashhur asari bor edi. (“Buyuk tartibot”ni anglatuvchi yunoncha “Megiste syntaxis”ning arabcha nomi “Al-Majisti”). “Al-Majisti” keyingi 500 yil davomida fazoviy bilimlar rivojining asosi boʻlib keldi.
Yana bir misol- Movarounnahr xukmdori Ulugʻbek. Bu odamda muvaffaqqiyatning zarur garovlari mujassam edi; ilmiy maqsadi va unga erishishni aniq bilgan iqtidorli olim va qudratli davlat xukmdori. Amir Temurdan qolgan mol-mulkni Ulugʻbek ilm fanning rivojiga yoʻlladi. Uning tashabbusi bilan ilmu-tafakkur markazlariga aylangan madrasalar qurila boshladi. Buxoro, Samarqand va Gʻijduvonda madrasalar qurildi. Gʻijduvondagi madrasa peshtoqidagi paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning “Ilm izlash har bir muslim va muslimaga farz” degan hadisining yozuvi hanuzgacha saqlanib keladi. 1417-1420 yillarda Ulugʻbek Samarqandda madrasa qurib, unga islom olamining koʻplab munajjim va matematiklarini daʼvat etdi.
Oʻrni kelganda shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, ilm-fanning rivojlanishiga turtki boʻlgan yana bir sabab, musulmonlar oʻz hayoti davomida ibodatda bardavom boʻlish burchlari hamdir. Zero, faqat Islom dinigina ibodatlarni ado etishda astronomiya bilimlaridan boxabarlikni taqozo etadi. Chunki musulmon qayerda boʻlmasin, “qibla”ga, yaʼni Makkaga yuzlanib namoz oʻqishi lozimdir. Musulmon olimlariga Yer kurrasining yumaloqligi Magellanning dunyoni aylana safaridan avvalroq maʼlum edi; bu bilim ularga musulmonning yer yuzining qaysi nuqtasida boʻlmasin, “qibla”ga yuzlanishda qoʻllandigan jadvalni tuzishlari uchun kerak edi. Aynan shuning uchun ham musulmonlarning astronomiya faniga boʻlgan eʼtiborlari yuqoriroq boʻlgan.
Tarixdan maʼlumki, 12-14 asrlarda islom madaniyati butun dunyoda eng ilgʻor oʻrinda boʻlgan, islom olami insoniyat taraqqiyotida yetakchi mavqeʼni tutgan. Oʻsha davrlar insoniyatning ilmiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ulkan yutuqlarga erishgan davri edi. Keyinchalik ahvol oʻzgara boshladi, afsuski musulmon madaniyatining foydasiga emas; islom olamida 20 chi asrga borib uni jaholat botqogʻiga botirgan qoloqliq boshlandi. Aql-idrok va taraqqiyotning oʻrniga safsata va qoloqlik almashdi, diniy taassubva jaholat oʻzini har tomonlama namoyon qila boshladi. Baxtga qarshi, asrlarcha Yevropada hukmron boʻlgan “Zulmat davri” islom olamiga koʻchib oʻtdi. Islom olami oʻzining azaliy raqibi boʻlgan nasroniyatga nisbatan notavonroq, ojiz va johilroq boʻlib qoldi. 19-20chi asrlarga kelib Yevropa nafaqat ilmiy jihatdan, balki iqtisodiy va harbiy jihatdan ham ustun edi. Bu musulmonlar uchun fojeaga aylandi. 19chi asr oxirlari , 20chi asrga kelib Turkiya va Hijozdan (Makka va Madina) tashqari butun islom oʻlkalari Angliya, Frantsiya (Afrika shimoli va Shom) va Rossiya (Kavkaz va Oʻrta Osiyo) mustamlakasiga aylandilar.
Besamar izlanishlar
“Kim aybdor?” – ahvol ogʻirlashganda paydo boʻladigan oddiy insoniy munosabat. Bu savolga musulmon mamlakatlarida koʻpchilik javob izlagan va turfa javoblar topgan. Odatda inson oʻz kulfatlarining sababini oʻzidan izlagandan koʻra oʻzgani ayblagani osonroqdir. Uzoq muddatlardan beri moʻgʻullarni aybdor qilish oson edi; 13 asrdagi moʻgʻullarning xuruji musulmon madaniyatining inqirozining, zaiflashishining va zavolining sababi deb sanalardi. Lekin bu dalilning ikkita zaif joyi bor. Birinchisi; musulmon halqlari, ayniqsa Eronda, buyuk madaniy yutuqlarining aksariga moʻgʻullar istilosidan oldin emas, balki soʻngra erishgan edilar. Movarounnahr saltanati ham tarix maydonida moʻgʻullar xurujidan soʻngra yuzaga kelgandi. Ikkinchisi (buni tan olish ham qiyin, ammo inkor etib ham boʻlmaydi); moʻgʻullar zavolga yuz tutgan saltanatni yenggan edilar. Darhaqiqat, oʻtmishda nechogʻliq qudratli boʻlgan Halifalik saltanatining Sharqiy Osiyo dashtlaridan kelgan koʻchmanchilar oʻrdasiga magʻlub boʻlishini boshqacha tushunish qiyin.
Salbchilar haqida ham, ispan lashkarlari haqida ham(Kordovani qayta zabt etilishi) shunday deyish mumkin. Taʼkidlab oʻtish zarurki, oʻzining rivojlangan madaniyatiga ega boʻlmagan, yoʻlida uchraganning gʻoratini bergan yovvoyi moʻgʻullardan farqli oʻlaroq, salbchilar va ispan lashkarlari oʻzlarining zabtlarida musulmonlarning ilmiy markazlarini barbod etishmagan. Yevropaliklar salb yurishlaridan keyingina nihoyat, yuvina boshlaganlar, hammom, sovun va oynani taniganlar.
Frantsuz va inglizlarning arab yurtlarida hukmdorligi davrida (19-20 asrlar) Yevropa timsolida yana bitta aybdor topila qoldi. Ammo ingliz-frantsuz istilosi nisbatan qisqa boʻlgan va yarim asr oldin barham topgan edi. Ikkinchi Jahon Urushidan soʻngra yovuzlik roli Yevropadan Amerikaga oʻtdi. Aybni Amerikaga toʻnkash ancha qulay keldi, biroq Britaniya va Frantsiyaning misolidagiday, ancha zaif chiqdi. Moʻgʻullarning zafari kabi, arab yurtlarining ingliz-frantsuz istilosi va Amerikaning taʼsiri ostida qolishi ham, musulmon mamlakatlarining ichki zaifliklariga sabab emas, balki ichki zaifliklarining natijasidan edi (balki ichki zaifliklari sababli edi). Aytgancha, qachonlardir Britaniya xukmi ostida boʻlgan bu davlatlarning baʼzilari bugungi kunda rivojlanishda ulkan sakrashlar qildi. Buning yaqqol dalillari-Malayziya, BAA, Qatar.
Nazarimda, yuqoridagi “bahona”lar hech qonday tanqidga dosh berolmasa kerak. Shubhasiz, moʻgʻullar bosqini, salb yurishlari va gʻarb mustamlakachiligi juda katta ziyon keltirgan, lekin bari oʻz zamonasida. Salb yurishlari tugaganiga va moʻgʻullar bosqinidan sakkiz asr oʻtdi, mustamlakachilik davri esa yarim asr oldin tugadi. Misol uchun, Hindiston 300 yil Britaniya hukmronligi ostida qoldi, hozirgi zamonda esa, fanda programma taʼminoti sohasida ikkinchi oʻrinda turadi. Yaponiyaning mustamlaka hukmronligi ostidan yaqindagina qutulib chiqqan Janubiy Koreya hozirda yuqori texnologiyalar sohasida yetakchi oʻrinni egallagan. Ichki yalpi mahsulot hajmi boʻyicha dunyoda ikkinchi sanalayotgan Xitoy davlati yuz yil oldin gʻarb mustamlakasi zulmi va yapon harbiy asorati ostida edi. Mustamlakalik nasibasini totgan Singapur, Tayvanь, Gonkong ham hozirda yuqori rivojlangan mamlakatlardir. Qiyos uchun, maorif borasida Singapur baʼzi bir Yevropa davlatlaridan oldinda. Ajab fakt; urushdan soʻnggi yillarda Misr va Yaponiya rivojlanish darajasida teng boʻlgan, bugun Misr qay darajada, gapirishga ham arzimaydi.
Begunoh
Aybni osonlikcha birovga toʻnkab qoʻyish musulmonlar jamiyatining oʻzining asoslarini zaiflashtiradi. Musulmonlar jamiyatining asoslaridan biri dindir, yaʼni Islomdir. Islomni ayblash notoʻgʻri. Vatikanning amri bilan olimlarni olovda yoqqan, hurfikrlilarni taʼqib etgan va mazhablararo qirgʻinlar qilgan Yevropadan farqli oʻlaroq, islom olami madaniyat va taraqqiyot markaziga aylangan edi. Musulmonlar islomning aynan ilk davrlaridanoq yunonlardan meros qolgan bilimlarning rivojini davom ettirdilar, hoʻjalikning yangi sohalarini tuzdilar, fabrikalar qurdilar. Tijorat esa misli koʻrilmagan darajada rivoj topdi. Islom jamiyatining maʼlum darajada hurfikrlilik va soʻz erkinligiga erishishi islom diyorlariga quvgʻin yahudiylarni va hurfikr nasroniylarni jalb qildi.
Ayni zamonda aybni birovga toʻnkab qoʻyish davom etmoqda (moʻgʻullar, mustamlakachilar, yahudiylar, Amerika…) va hali beri buning adogʻi koʻrinmaydi. Bu gaplar Yaqin Sharqning katta qismini boshqarayotgan noʻnoq va mustabid hukumatlar uchun oʻzlari bartaraf etolmagan qoloqliklarning sabablarini tushuntirish uchun tayyorgina bahona xolos. Musulmon ommasi uchun esa bu qandaydir bir tasalli boʻlib hizmat qiladi. Biror bir arabdan, “nega sizlarda ilm fan rivojlanmayapti” deb soʻrasangiz, u darhol sizga “buyuk fitnaning” mavjudligini roʻkach qiladi. Emishki, bunga Gʻarb toʻsqinchilik qilyapti. Biroq bunday izoh mantiqsizdir; Gʻarb toʻsqinchilik qiladi deyilayotgan Malayziyaning misoli oʻzigina bu dalilning asossizligini isbotlaydi. Aslida ish qanday boʻlgan edi? Koʻrinib turibdiki, bu savolga javob – osongina birovni aybdor qilib qoʻyish boʻlib qolgan, koʻpchilik tarixchiyu olimlar ham bu illatdan xoli emaslar.
Oʻzimning izlanishlarimda anglashimcha, aybdorni izlash va muhokama qilish bilan mashgʻul koʻplab aqllar bitta tarixiy voqeʼlikni nazardan chetda qoldirmoqdalar. 11 asr oxirida zamonaning yetuk mutafakkirlarining ilgʻor dunyoqarashlariga qarama-qarshi oʻlaroq bilim, fandan voz kechishni targʻib qiladigan va hur ilmiy tafakkurga qarshi chiqadigan ruhoniylarning nufuzi oshib bordi. Ushbu yoʻnalishning yirik vakillaridan biri Muhammad Gʻazzoliy(1058-1112) edi. Islom olamida ilm-fanning inqirozining sabablarini oʻrganishda uning faoliyati va asarlarini zikr etmaslik mumkin emas. Izlanuvchilarning Imom Gʻazzoliyga qarashlari xilma-xil, ularni shartli ravishda ikki guruhga boʻlish mumkin. Birinchi guruh Imom Gʻazzoliyni falsafaning, moddiylikning, fan va taraqqiyotning ashaddiy dushmani deb biladilar. Bunday fikrdagi faylasuf va sharqshunoslar Imom Gʻazzoliyning “Faylasuflarga raddiya” kitobiga javoban “Raddiyaga raddiya”ni yozib, unda Imom Gʻazzoliyni qattiq tanqid qilgan Ibn Rushd taʼsiridagi guruhdir.
Ikkinchi guruh Imom Gʻazzoliyni buyuk islom ilohiyotchisi, islom dini usulchiligining himoyachisi deb biladilar. Bu guruhga, islomning asoslariga rahna soluvchi eʼtiqoddan himoya qilish va dinni safsata ilohiyotdan (ilmi kalom) tozalash uchun yozgan, hayotidagi asosiy boʻlgan “Ihyo ulumid-din” asarini koʻrsatib, Imom Gʻazzoliyni islom himoyachisi sifatida tanituvchi din ulamolari kiradi.
Zikr qilib oʻtganimizday, oʻsha davrgacha qadimgi yunon olimlarining koʻpgina asarlari arab tiliga tarjima qilingan edi. Ilmiy tafakkurning rivojlanishi, xususan qadimgi yunon falsafasi va mantiqi taʼsiri ostida, hukmron sinflarning gʻoyaviy vakillari – musulmon mutakallimlarini aql-idrok, hurfikrlik va yuksalishga qarshi kurashda aql va mantiqdan foydalanishga majbur qilib qoʻydi. Xullas, dushmanning qurolini oʻziga qarshi ishlatish demak.
Ibn Sino va Imom Gʻazzoliylarning zamonida musulmon Sharqida faylasuflarning va ilohiyotchilarning gʻoyaviy qarama-qarshiliklari oʻzining choʻqqisiga chiqdi; Imom Gʻazzoliy oʻzining “Faylasuflarga raddiya” kitobida falsafaning dinga xavf soladigan masalalarini ajratdi. Uning diniy aqidalarni naqadar qiziqqonlik bilan himoya qilishi, uning sababiyat qonuniyatiga boʻlgan munosabatlaridan maʼlum. Bu yerda u falsafaning mantiqan rad etib boʻlmaydigan masalalaridan birida raqiblarini yengmoqchi boʻladi. Imom Gʻazzoliy, tabiatda sababiyat va undan kelib chiqadigan rivojlanish qonuniyatiga qarshi chiqish kerak, chunki bu masalaga moddiy yondashish , yaratilish qonunlarida favqulodda kuchlarning ishtirokini inkor etadi deb hisoblaydi.
Imom Gʻazzoliy sababiyat qonuniyati yaratilishda har qanday favqulodda ishtirokni inkor etishini aniq tushundi. Agar ikkita narsadan biri ikkinchisining paydo boʻlishiga sabab boʻlsa, xudoning roli qayerda qoladi? Imom Gʻazzoliyning fikricha, masalaga moddiy – ilmiy yondashish xudoni sabab oʻlaroq inkor qilishga olib keladi. Shuning uchun Imom Gʻazzoliy oʻzining fikr yuritishlarida keskinlikka borgan, hattoki olov bilan toʻqnashganda pilikning yonishining sababini ham inkor etgan. U, faylasuflarning yonishning sababini tushuntirib beradigan ishonchli asoslari yoʻq; “Ularning olov bilan toʻqnashganda, yonishni kuzatishdan boshqa keltiradigan bir dalillari yoʻq” derdi.
Gʻazzoliyga koʻra, barcha tabiiy jarayonlar ilohiy irodada koʻzda tutilgan, shu ilohiy iroda hohlagan lahzasida buzib tashlashga qodir boʻlgan bir tartibga boʻysunadi. Materiyaga nisbatan har qanday tashqi qonun – qoida va zaruratlar mavjudligi haqidagi barcha goyalar bekordir.
Aql-idrokka qarshi kurashda Imom Gʻazzoliy diniy aqidani mantiq va falsafa ilmi yordamida ilmiy asoslab berishga tirishdi. Imom Gʻazzoliy falsafani musulmon diniy taʼlimi tizimiga kirgizib, ilohiyotga xizmatkor qilib koʻydi.
Shunday qilib, aql-idrok bilan aqidaparastlikning oʻrtasida kechgan shiddatli kurash aqidaparastlikning foydasiga hal boʻldi. Natija ham uzoq kuttirib qoʻymadi. Ruhoniylar hurfikrlilikni, mantiq va natija-sababning aloqalarini izlashni taqiqlab qoʻydilar, vaholanki bularsiz fanning taraqqiyotini tasavvur qilib boʻlmas edi. Oʻquv dasturlaridan ilohiyotdan boshqa barchasi chiqarib tashlandi. Ilm-fanning oʻrnini diniy taassub egallagan madrasalardan endi fizik, matematik, astronom, ximik va biologlar yetishib chiqmay qoʻydi. Islom diyorlarida ilm fanga qattiq zarba berilgan edi, natijada ilm-tafakkur bilan shugʻullanish tezda yoʻqqa chiqdi.
Oʻz vaqtida Malayziyaning sobiq bosh vaziri Muhozir Muhammad aytgan edi; “Ilm, – shariat darslarini oʻrganish chegarasidan tashqariga chiqmasligi kerak deguvchi oʻzlari talqin qilgan islomni yoya boshlagan ruhoniylarning yuzaga kelishi bilan islom diyorlarida ilm-fan zavolga yuz tutdi.”
Taʼminotsizlik
Islom diyorlarida ilm fanning zavolining sabablaridan biri, uning halifalar tarafidan qoʻllab quvvatlanishining toʻxtatilishi deyish mumkin. Islom diyorlarida ilm fanning rivojlanishi halifalar va sultonlarning qoʻllab quvvatlashiga bogʻliq edi. Olimlarning homiylari sultonlar boʻlib, aynan oʻshalar ilmiy markazlar qurilishiga mablagʻlar ajratardilar, mashhur ilm dargʻalarini jalb etardilar. Halifalik ilm fan oʻchogʻiga aylanishiga katta kuch sarf qilgan oldingi halifalardan farqli oʻlaroq, keyingi halifalar maishatparastlik, kayfu safoga berilib ketdilar.
Endi ularning saroylarida mutafakkirlar, olimlar, shoirlar va tarixchilarga joy yoʻq, ularning saroylari qimmatbaho bezaklarga, oltin va qimmatli kiyim kechaklarga toʻlib toshgan. Ammo bu “shirin hayot”ning toʻlovi qimmatga tushdi. Moʻgʻullarning bosqiniga Abbosiylarning halifasi qarshi tura olmadi. Dushmanga yengilib, oʻzi ham ularga asir tushdi. Hibsdagi halifa yemoq soʻradi. Shunda uning oldiga oltin va qimmatbaho toshlar toʻla tovoqni keltirib qoʻyishdi. Bunga qarab halifa, “buni qanday yeb boʻladi?” deganda, moʻgʻullarning boshligʻi Xulagu, “Agar sen shularning hammasini askarlarga sarflaganingda edi, bizga asir tushmagan boʻlarding.” degan edi.
Bizning zamondoshlar ham ushbu halifadan oʻtar joyi yoʻq. Hozirgi hokimlar fanning rivojlanishiga yordam berishning oʻrniga mablagʻlarni nooʻrin joylarga sarflaydilar. Bunga misol yaqindagi yangiliklardan biri. “Oʻtgan yili jahon ommasi Le Burjedagi aviasalondan tarqalgan xabardan hayajonga tushgan edi. Oʻzini oshkor etmagan bir xaridor oʻziga uchar saroy yasash uchun Airbus A380ga buyurtma bergan. Oʻshanda “Biznes-Stilь” jurnali, afsuski bu baxtli xaridorning ismi nomaʼlumligicha qoladi deb tashvishga tushgan edi. Qanchalar yanglishgan ekanmiz! Arablar oʻzlarining zarbulmasal boʻlgulik sarf xarajatlaridan faxrlanadilar va bularni hech sir tutmaydilar.
A380ning sirli xaridori shahzoda Al-Valid ibn Talal ibn Abdul Aziz as-Saud boʻlib chiqdi. Oltin suvi yuritilgan “ Airbusga”ga shahzoda ikki yillarda yetishishi mumkin. Biroq hozirdanoq bu ulkan uchqichga kiritiladigan oʻzgartirishlar haqida ilk tafsilotlar maʼlum boʻlmoqda. Bulardan eng qiziqarlisi shahzodaning uchqichini koʻrganning koʻziga tashlanadigani! Havo ochiq paytda yerda turuboq boshingiz uzra Al-Valid ibn Talal ibn Abdul Aziz as-Saud uchib oʻtayotganini anglab olasiz. Uchqich oftob nurlaridan yarqirab turadi – shahzoda oʻzining aerobusini haqiqatdan ham oltin bilan qoplatib chiqmoqchi. Uchqichning tanasini tilla bilan qoplab chiqish bu arab hashamat shaydosiga $ 58 millionga tushar ekan. A380 ning oʻziga esa shahzoda 300 million dollar toʻlagan. Mutaxassislarning fikricha, kiritiladigan oʻzgartirishlarga yana shuncha mablagʻ ketadi.”
Xotima
Islom olamining tarixini varaqlab shunday xulosa qilish mumkinki, ilm fan hokimiyatda ancha ilgʻor odamlar boʻlganda rivojlangan. Ularning davrida fan yuksalishda edi. Ular halifalikni “ilmiy tafakkur va yuksak madaniyat” markaziga aylantirgan edilar. Ularning boshqaruv davri tarixda “Islomning Oltin Davri” sifatida yodda qoladi. Davlat boshida ziyoli odam boʻlganda, islom madaniyati gullab yashnagan. Movarounnahrni Ulugʻbek boshqargan davrda, ayniqsa poytaxt, madaniy yuksalishda avjga chiqdi, buni 9 asr, “oltin asr” bilan tenglashtirish mumkin edi.
Ulugʻbek Samarqandni Oʻrta Asrlardagi ilm fan markazlaridan biriga aylantirdi. 15 asrning birinchi yarmida bu yerda Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi munajjim va riyoziyotchilardan iborat butun bir ilmiy maktab yuzaga keldi. Bu davrda Samarqandda, Markaziy Osiyo tarixi haqida ajoyib asar yozgan tarixchi Xofiz Obroʻ, mashhur tabib Mavlono Nafis, shoirlardan Sirojiddin Samarqandiy, Sakkokiy, Lutfiy, Badaxshiylar yashagan edilar.
Ulugʻbekning vafoti bilan Movarounnahrda ham ilm fan zavolga yuz tutdi; Samarqand oʻzining avvalgi shuhratini yoʻqotdi, buyuk olim ham fanoga yuz tutdi. Endi bu yerda olimlar tugʻilmay qoʻydi va buyuk kashfiyotlar ham qilinmas boʻldi. Shunday qilib qachonlardir shuhrati butun dunyoga yoyilgan Samarqand jahon madaniyatining rivojlanish markazi boʻlganligi qoʻldan ketdi.
Ruhoniylar siyosiy nufuzga erishishi bilan olimlarning boshlari tanlaridan judo boʻla boshladi. Ulugʻbekning oʻlimi bunga yaqqol dalil – aynan ulamolar uni sehr joduda ayblab kallasini olgan edilar. Ulugʻbekning tirikligidayoq u oʻtkazgan madaniy va davlat islohotlari musulmon ruhoniylari tomonidan ashaddiy toʻsqinchiliklarga uchragan edi, uning fojeaviy oʻlimidan soʻngra esa ruhoniylarning taassubi avjiga mindi.
Ulugʻbekning oʻlimidan soʻngra taʼlim sohasiga chuqur oʻzgarishlar kiritildi. Bolalarni eski maktablarda oʻqitish 6 yoshdan boshlanardi. Ular arab alifbosini oʻrganishardi, soʻngra haftiyakni hijjalab oʻqiy boshlashardi. Bolalar oʻzlariga tushunarsiz boʻlgan arabcha matnni tushunmay, uni yodlashardi, lekin voqean besavodligicha qolishaverardi. Oʻziga toʻqroq odamlarning bolalari maktabdan madrasalarga oʻtishardi. U yerda asosan arab tili grammatikasi, aqida va fiqh ilmi oʻqitilardi. Madrasalarning talabalari pastki, oʻrta va yuqori boʻlimlarga boʻlingan boʻlib, har bir boʻlimda oʻqish muddati 8 yil davom etardi. Kambagʻalroq oilalardan chiqqan talabalar ochlik, muhtojlik iskanjasida edilar. Vosifiy oʻzining xotiralarida ochlikdan oʻlgan ikki talaba haqida yozgan.
Talabalar orasida baʼzi bir manfur mullalarga qarshi chiqishlar ham boʻlib turar edi. Muhammad Tolib Buxoro madrasalari talabalarining shunday chiqishlarini vasf qilgan.17 18 asrlarda madaniyat va ilm fan musulmon ruhoniylari, ayniqsa soʻfiylik tariqatlari taʼsiri ostida boʻlgan. Bu davrda endi biz yirik olimlarni uchratmaymiz. Oʻrta Osiyo xalqlari oz munchamas hissalarini qoʻshib rivojlantirgan aniq fanlar, tabiiy fanlar yoʻqotilgan edi. Buxoro musulmon ruhoniylarining tayanchiga aylangan edi.
Ilmu irfonga qarshi kurashda gʻolib chiqqan diniy taassub zamonamiz ruhoniylarining orasida ham hukmron. Islom olamidagi ilm fanning hozirgi ahvoliga nazar solsangiz, yuqorida aytib oʻtilganlar bugungi kunda ham davom etayotganini payqamay iloji yoʻq. Ruhoniylarning va ommaning mutaassib qismining ilm fanga boʻlgan munosabati oʻsha oʻsha; aqli norasolarcha ilmu irfonni rad etish . Ular zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni istaydilar, ammo oxiratda foydasi yoʻq deb ilm fan bilan shugʻullanishdan jirkanadilar. Koʻpincha ularning ogʻzidan “Alhamdulillo, biz uchun kashfiyotlar qilib berishyapti, biz esa vaqtimizni ibodatga sarflayapmiz” degan gaplarni eshitish mumkin. Ular, Qurʼonning oyatlari va paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislari ilm deganda faqat shariat ilmlarini nazarda tutadi degan gʻoyani ilgari suradilar. Mutaassiblar nazarida ilm fan “gʻarbniki” boʻlganligi, ilm fanda Gʻarbga ergashish zarurligini rad etish uchun unga qarshi chiqishadi. Ularning fikricha, bu yoʻl anʼanaviy diniy qadriyatlarning yemirilishiga va moddaparastlikning yoyilishiga olib keladi.
Muallif: Kurmanaliyev Maksat.
Ruschadan Nizomiddin Ayyub tarjimasi.
So’nggi izohlar