Dilozorlarning hammasi doʻzaxga mahkum (hadis).
Tasavvuf mavzusida oʻtkazilgan suhbat
PROFESSOR, DOKTOR MAHMUD ASʼAD JOʻShON HAZRATLARI BILAN
TASAVVUF MAVZUSIDA OʻTKAZILGAN SUHBAT
Jurnalist:
SAVOL: — Muhtaram hazrat, mavzuimiz tasavvuf boʻlgani bois, bizga avvalambor tasavvufning kelib chiqishi haqida maʼlumot bersangiz. Ikkinchidan, tasavvufga asos boʻla oladigan qoida — dasturlar toʻgʻrisida bir oz soʻzlab bersangiz: ham Qurʼonga va hadisga suyanib, hamda paygʻambarimiz (s.a.v.) ning hayotlaridan misol olishimiz mumkin boʻlgan va tasavvufga dastur — qoida sifatida sanash mumkin boʻlgan manbalar borasida ham maʼlumot bersangiz.
Professor M. A. Joʻshon:
JAVOB: — Tasavvuf, oʻtmishdagi din va eʼtiqodlarga mansub toifalar orasida ham ularning dinlariga bogʻliq holda mavjud edi. Ammo savolingiz Islom tasavvufi haqida boʻlgani, uchun shunga koʻra javob berishga harakat qilaman. Chunki, oʻtmishdagi tasavvuf jarayonlari haqida maʼlumot berolmayman, sababi, mening soham emas. Masalan, nasroniylarda, yahudiylikda, hind va Chin dinlaridagi tasavvuf jarayonlari haqida maʼlumotim yoʻq. Avvalo oʻz tushuncha — qarash tizimimga ega boʻlish maqsadida boshqa fikrlarni bilishga urinmayman. Men bilgan, tushungan tasavvuf islomiy maʼnodagi tasavvufdir.
Tabiiyki, tasavvufga doir bir savolga javob berish uchun dastlab tasavvuf haqida bir nuqtaga kelishib olish kerak. Bu mavzuda maqola va kitoblar yozgan mualliflar tomonidan tasavvufga oid koʻplab taʼriflar bayon etilgan. Men bularni koʻproq madaniyat va anʼana toʻgʻrisidagi taʼriflarning koʻpligiga oʻxshataman. Bunday taʼriflarning barchasi ijtimoiy-maʼnaviy hayotga doir boʻlganligi sababli sanogʻi 160—180 qadar mavjud, deyiladi baʼzi asarlarda.
Tasavvuf borasidagi taʼriflarni baʼzi shoirlarimiz nazmda ham bitib, jamlaganlar. Masalan, 1487 yilda yozilgan bir manzumada 50—60 baytning har birida turli taʼriflar alohida-alohida jam qilingan. 1655 yilda bitilgan bir manzuma koʻpgina tasavvufiy asarlarda ham aks etgan. Mazkur taʼriflarni tekshiradigan boʻlsak, baʼzilari tasavvufdan paydo boʻlgan natijalar — xulosalar haqida ekanligiga guvoh boʻlamiz. Baʼzilarida esa taʼrif muallifining ichki-ruhiy kechinmalari, holati aks etgan.
Tasavvuf zamon va makon jihatidan teran va keng miqyosga ega boʻlib, asrlardan beri davom etib kelmoqda. Shu sababli tasavvufni muayyan hududlardagi koʻrinishiga asoslanib tugal maʼnoda taʼriflash imkonsiz va toʻgʻri emas. Hatto tasavvufni mintaqalarga boʻlib oʻrganish majburiyati tugʻiladi. Masalan, Shimoliy Afriqodagi tasavvufiy qarashlar, Oʻrta Osiyodagi tasavvufiy qarashlardan farqli, yoki boʻlmasam, Onadoʻlidagi tasavvufiy nazariyalar Iroq va Misrdagi tasavvufiy nuqtai nazarlardan farqlidir.
SAVOL: — Siz oʻzingiz tasavvufni qanday taʼriflaysiz, sharhlaysiz?
JAVOB: — Men shaxsan mazkur taʼriflarning izdoshi sifatida zehnimda oʻrnashgan nuqtai nazarimni aytadigan boʻlsam, menimcha, tasavvufda yakki gʻoya mavjud: birinchisi, yaratuvchimiz Alloh taoloni tanish-bilishga qaratilgan gʻayratlar boʻlib, kishidagi oʻz Parvardigori haqidagi bilimining, yaʼni maʼrifatullohning ziyodalashuvi — ortishiga yoʻnalgan saʼy-harakatlar.
Ikkinchisi, kishining oʻziga, nafsiga qaratilgan gʻayratlari. Demak, tasavvuf, bir tomondan Allohni bilmoq va tanimoqqa yoʻnaltirilgan jiddu jahdni, ikkinchi tomondan, kishining oʻz nafsini tarbiyalashi, ruhiy-axloqiy jabhasini tuzatishni maqsad qilib olgan. Birinchi xususga “maʼrifatulloh” deyilsa, ikkinchisiga “tahzibi axloq” yoki “tazkiyai nafs” (nafsni poklash) deyiladi.
Demak, tasavvuf bir tomondan maʼrifatullohni, ikkinchi tomondan tazkiyai nafsni yuksaltirmoq uchun qilinadigan xatti-harakat, gʻayratlarni ifodalovchi, anglatuvchi, mazkur gʻoyalarga erishmoq uchun yurish lozim boʻlgan yoʻllarni koʻrsatuvchi bir ilmdir.
Yana boshqacha bir taʼrif yodimga tushdi: “Insonning Allohni sevishi, Allohning ham insonni sevishi”. Menimcha, avvalgi soʻzni keyinga olib, ikkinchi soʻzni oldinga qoʻyish kerak, yaʼni insonning Alloh tomonidan sevilishi va bunga bogʻliq holda insonning Allohni sevishi uchun nimalar kerak boʻlsa, tasavvuf ana shularni tushuntiruvchi bir ilmdir.
SAVOL:—Tasavvufga bogʻliq oyat va hadislardan yodingizga kelganlarini ayta olasizmi?
JAVOB: — Nima ish qilsag-u, Alloh bizni sevsa, nima qilsag-u, bizda “muhabbatulloh” hosil boʻlsa?! Menimcha, tasavvuf shugʻullanadigan soha shundan iborat, deb oʻylayman. Shu oʻlchovlar doirasida fikrlaganimizda, shu narsa maʼlum boʻladiki, Islom tasavvufi — Islomning oʻzagi va ruhidir.
Asosi — Qurʼoni karim va Hadisi shariflar hamda hazrati paygʻambarimiz bilan sahobalarining hayot tarzlaridir. Tasavvufning bu gʻoyalariga doir oyat, dalillarni Qurʼoni karimdan esimda boricha aytaman:
“Men ins va jinni faqat oʻzimga ibodat qilishlari uchun yaratdim” (Zoriyot—56),
“(Ey insonlar, U) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq—yaxshiroq amal qilguvchi ekanligingizni imtihon qilish uchun oʻlim va hayotni yaratgan zotdir. U qudratli va magʻfiratlidir” (Mulk—2),
“Sizlar Allohni unutib qoʻygan (yaʼni, U zotning amr—farmonlariga itoat etmagan), bas (shundan keyin Alloh), ularga oʻzlarini ham unuttirib qoʻygan (yaʼni, oʻzlariga oxiratda foyda beradigan amallar qilishdan yuz oʻgirtirib qoʻygan) kimsalar kabi boʻlmangiz!” (Hashr — 19)
Demak, insonning asl vazifasi, bu oyatlardan maʼlum boʻlmoqdaki, Allohni bilmoq—tanimoq va Unga haqiqiy maʼnoda bandalik qilmoq. Qurʼoni karim buni bizga ochiq-ravshan bildirmoqda. Allohni unutmaslik, uni doim yodda tutish, zikr qilish uchun Qurʼoni karimning oʻziga xos tavsiyalari bor: “Ey moʻminlar, ALLOHni koʻp ZIKR qilinglar! Va ertayu kech U zotni poklab tasbeh aytinglar!” (Ahzob —41,42)
Bu xil oyatlarni Allohning ertayu kech yod etilishi, unutmaslik kerakligi, ismi va borligʻi bilan yodda tutish kabi buyruqlarni, tasavvufdagi maʼrifatulloh gʻoyasining kelib chiqishi va manbai deb bilishga majburmiz. Shunday ekan, Allohni unutmaslik, yodda tutish zikr qilish — farz amallardan biridir. Shunga buyurayotgan Qurʼoniy oyatlar — tasavvufning Qurʼondagi manbalaridir. Chunonchi, yana bir oyatda aytilishicha, “Ey moʻminlar, Allohdan haq-rost qoʻrqish bilan qoʻrqinglar va faqat musulmon boʻlgan hollaringda dunyodan oʻtinglar!” (Oli Imron—102.)
Bunday oyatlar bandaning Alloh huzuridagi gʻayratini, Uni bilish va Unga bandalik qilish borasidagi gʻayratini ifodalovchi buyruqlardir. Shu bilan birga yuqorida taʼkidlaganim tasavvuf gʻoyalaridan biriga ishoradir.
Tasavvufning ikkinchi bosh gʻoyasi boʻlgan “tazkiyai nafs”ga ham Qurʼondagi axloqqa doir yolgʻon soʻzlamang, tarozi tortishda kam tortmang, bir-biringizni oʻldirmang, oʻgʻirlik qilmang, sabr qiluvchilardan boʻling, taqvo egalaridan boʻling, maʼnosidagi barcha oyatlar dalildir.
Masalan, “Ey moʻminlar, Allohdan qoʻrqinglar va (har bir) jon erta (Qiyomat kuni) uchun nimani (yaʼni qanday ezgu amalni) taqdim etganiga qarang! Allohdan qoʻrqinglar! (Bu ifoda ostida, solih amallar qilishga tashviq etish yotadi, Allohdan qoʻrqing va ertaga qiyomat kuni sizga foydasi tegadigan solih amallar qiling, degan maʼno oyatning bir jihatidir). Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir”. (Hashr—18.) Zinhor gunoh ishlar qilmangiz, chunki qilgan ishlaringiz bekamu koʻst Allohga maʼlumdir. Aks holda oʻzlaringga zulm qilib qoʻyishlaring mumkin, demakdir. Bu oyatlar bizga taqvo yoʻlini tavsiya qilmoqda.
“Darhaqiqat, uni (yaʼni oʻz nafsini — jonini iymon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi. Va u (jonni fisq-fujur bilan) koʻmib xorlagan kimsa nomurod boʻldi” (Shams—9, 10) oyatlari qalbni, botinni poklashga katta ahamiyat berish kerak-ligini uqdirmoqda. Demakki, inson nafsini tarbiyalamogʻi, xulqini chiroyli qilmogʻi, hayotining asl gʻoyasi boʻlgan Allohni bilishi-tanishi kerak va unga bandalik vazifasini eng yaxshi tarzda ado etishi zarur.
Shuningdek, “kichik jihoddan keldingiz, katta jihod sizni kutmoqda” tarzidagi “insonning oʻz nafsi bilan kurashi”ni eng katta jihod-kurash deb baholovchi hadislar, dalillar tasavvufning Islomiy poydevorga suyanganligini ochiq-oydin koʻrsatib turibdi.
Mazkur barcha amr-buyruqlarga hind, eron, yunon, gʻarb falsafalari hech qanday taʼsir qilmagan boʻlib imonli kishini Allohni yanada yaqinroq tanishga, insonni oʻz maʼnaviyatini poklashiga yoʻnaltiradigan buyruqlardir. Shunday ekan, tasavvufning kelib chiqishini Eronga, yunonga, hindga taqamoq, xristianlikdan oʻtgan demoq voqelikka va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Bunga sabab — Islomning ichki taraqqiyotini, ruhiy hayotini bilmaslikdir. Balki Islomni oʻz mustaqil qadriyatlaridan mahrum qoldirib, uni pastga urmoq maqsadida qilingan ishdir. Hamma narsani “undan olingan, bundan kelib chiqqan” deyaverib, Islomni goʻyo toʻplangan narsalar yigʻindisi qilib koʻrsatish, pastga urish begonalarning ishidir.
SAVOL: — Tasavvufni taʼriflar ekansiz, avvalo, Islomdan soʻz ochdingiz. Demak, Islom bilan tasavvuf orasida aynan bir xillik mavjud, degan xulosa chiqyapti. Ammo sizga ham maʼlumki, koʻpchilik tasavvufni bir axloqiy qoida deb biladi. Shunday ekan, tasavvuf tushunchasi va yashash uslubi tufayli asta-sekin tariqatlar paydo boʻlishiga qaysi ijtimoiy ehtiyojlar sabab boʻlgan? Avvallari tasavvuf mavjud emasdi, ammo keyinchalik Qurʼon va hadisga suyangan tasavvuf va tariqatlarning jamlanganini koʻryapmiz. Bu jamlanishga qaysi ijtimoiy sabablar taʼsir koʻrsatgan?
JAVOB: — “Avvallari tasavvuf mavjud emas edi” – iborasiga mavzu mutaxassisi sifatida men qoʻshila olmayman. Zero, tasavvuf bilimdonlari bor, mutasavviflar bor. Ular bu nuqtaga, ayniqsa, eʼtibor berishadi: “Tasavvuf soʻz emas, holdir”, deydilar jumladan. Shu ifodadan kelib chiqib aytish mumkinki, tasavvuf hol ilmi boʻlib, paygʻambarimiz (s.a.v.) davrida sahobai kiromda mavjud edi.
Hazrati paygʻambarimiz mutasavviflarning sultoni edilar. Ul zot hayotlari mobaynida tavoze bilan, ibodatga mushtoqligi bilan, voqealarga nisbatan koʻrsatgan xatti-harakatlari bilan tasavvufiy hayot tarzining eng goʻzal namunasi boʻldilar. Chunonchi, ashobi kiromga har sohada xizmat qilar, xonaga kirib-chiqishda ularning oʻrinlaridan turishlariga ruxsat bermas edilar. Ul zotning yotogʻi naqadar sodda, yupqa ekanini koʻrgan bir sahobiya ayol, uyidan chiroyli bir toʻshak berib yuboradi.
Hazrati Oisha onamiz bu toʻshakni ul zotning taglariga solmoqchi boʻlganlarida, paygʻambarimiz: “Bu toʻshakni egasiga qaytarib ber, agar Allohdan soʻraganimda edi, huzurimda oltinu kumushlardan togʻlar muhayyo qilgan boʻlardi, ammo men buni xohlamayman. Hattoki menga Makkadagi Batha mavzesining togʻlarini oltinu kumush konlariga aylantirib berishni taklif qildilar, men qabul etmadim. Parvardigoro, bir kun och boʻlay, senga niyozu tazarruʼ qilay: bir kun toʻq boʻlay, senga toʻqligimdan, bergan neʼmatlaringga shukr qilay, dedim”, dedilar.
Ul zot dunyo saltanatini orzu qilmadilar, dunyo matosiga mayl etmadilar, mol-davlat toʻplamadilar, qoʻllariga pul tushguday boʻlsa, oʻsha kundayoq kech tushmasdan sadaqa qilishga harakat qilardilar. Ashoblariga ham ana shu axloq bilan xulqlanishni tavsiya qilardilar. Sahobalar ham aynan ul zotning sunnatlariga rioya qilishar edi. Ahli tasavvufning dunyoga mayl etmasligiga manba ham ana shu holdir.
Rasulullohga nozil boʻlgan ilk oyatlardayoq, chunonchi, Iqro, Muddassir, Muzzammil kabi ilk suralarda ul zotga tunda tahajjud namozi oʻqish amr qilinadi. Paygʻambarimiz va sahobalari kechalari turib Allohga iltijo qilishar, tunlarini bedor oʻtkazib, ihyo qilishardi. Zotan, paygʻambarlikdan avval Hiro gʻorida aksar vaqtlarini ibodat bilan oʻtqazganligini bilamiz. Keyinchalik ham ana shu ibodat tarzini davom ettirdilar. Rasululloh ana shu tarzda sahobalarga axloqning har turida eng yaxshi namuna edilar.
Ashobdan keyin kelgan tobeinlarning feʼl-atvori ham aynan shunday edi. Oʻsha davrlarda bugungidek “tasavvuf”, “soʻfiy” soʻzlari ishlatilmagan boʻlib, hol oʻlaroq mavjud edi. Tobeindagi eʼtiqod, taqvo, jiddiyat va Alloh sevgisini koʻrgan keyingi nasllar ham ularning izidan yurdilar. Shu asnoda bu anʼana avloddan-avlodga oʻtib kelaverdi. Bu ixlosli zotlar tasavvufiy oqimlarni ana shunday tarixiy jarayon doirasida, ijtimoiy hodisa sifatida bunyod etganlar. Paygʻambarimiz davrida “hol” sifati mavjud boʻlib, tasavvuf iborasi keyinchalik paydo boʻldi.
SAVOL: — Islomiy ilmlardan—baʼzilarining asta-sekin kelib chiqqanidek, tasavvuf ilmi ham keyinchalik paydo boʻlgan, ammo manba jihatidan-chi?
JAVOB: — Tasavvufiy bilimlarning jamlanishi, xuddi hadislar bir-ikki asr mobaynida kitob holiga keltirilgani kabi tarixiy jarayon davomida asta-sekin roʻy bergan. Dastlab ogʻzaki rivoyatlar tarzida, keyinchalik yozuvga oʻtkazish yoʻli orqali yuzaga kelgan. Kalom ilmi hadislarning jamlanib, tartibga solinishi bois kelib chiqqan.
U davrda bir sohaning boʻlimi, amaliy boʻlim tushunchasi bilan islomiy bilimlar bir-butun holda ekan, tarixiy maʼlumotlar, tafsirga, Qurʼonga oid maʼlumotlar ajratilib, hadislar ajratilib, amaliy bilimlar haqida maʼlumotlar, fiqhiy bilimlar ajratilgan, shu bilan birga axloq va nafsni poklashga doir, Allohni tanish, bilish, yaʼni maʼrifatullohga doir bilimlar ham keyinchalik jamlangan, tartibga solingan. Ammo jamlanish va tartibga solishni toʻgʻri tushunish kerak.
Masalan, Buxoriy “Sahih ini falon asrda yozganligi uchun falon hadis oʻsha davrda paydo boʻlgan”, degan daʼvo naqadar gʻayriilmiy va yanglish esa, “Tasavvuf ham falon vaqtda paydo boʻlgan, asri saodatda yoʻq edi”, degan daʼvo aynan yuqoridagi daʼvo singari notoʻgʻridir. Men oʻzim oʻqigan kitoblardan chiqarganim xulosalarga tayanib, shu nuqtai nazarimni tasdiqlayman.
Tasavvuf yoʻlining keyinchalik tariqatlar sifatida davom etishi, masalaning bir necha rukn va usulga, bir tizimga solinishi masalasiga kelsak, bu mavzudagi eng asosiy maʼnaviy va ijtimoiy yoʻnalish yana Rasululloh (s.a.v.)ning oʻquv-taʼlim uslubiga ergashishdir. Maʼlumki, paygʻambarimiz kishilarni suhbat yoʻli bilan tarbiyalar edilar. Masjidi Nabaviy faqatgina ibodatgoh emas, ayni vaqtda ilm dargohi ham edi. Ul zotdan hadis eshitish, Qurʼon oʻrganish, diniy bilimlar egallash, uning ilmi, axloqidan bahra olishni istaganlar u yerda kecha-kunduz qolardilar.
“Ahli Suffa” yoxud “Ashobi Suffa” deya sifatlangan sahobiylar kechalari 70-80 kishini, kunduzlari 400-450 kishini tashkil etardi. Guruh-guruh holida u yerga oqib kelgan omma Rasulullohdan ilm oʻrganish ishtiyoqida bu yerda toʻplanishardi. Paygʻambar alayhissalom din oʻrgatish uchun atrofdagi qabilalarga “ashobi suffa”dan odam tanlab joʻnatardilar. Suffa ahli davrasida tonggacha suhbat qilganlari ham ayni haqiqatdir. Suhbat asnosidagi zavqu shavq tufayli uyqu nimaligini bilmay, saharga qadar shirin ilmiy suhbatlar davom etardi.
Suhbat — eng taʼsirli taʼlim-tarbiya usulidir. Maktab, institutlarda, maʼlumki, muallimlar oʻquvchilarni oʻqitgach, uy-uylariga qoʻyib yuboradilar. Ammo suhbat chogʻida ilm beruvchi zot bilan birga boʻlish ancha taʼsirlidir. Chunki, ilm beruvchi olim, ustoz “hol” sifatida roʻparangizda mujassam, yaxlit bir oʻrnak shaxs oʻlaroq hozirdir. Uni koʻrish, soʻzlariga quloq solish, aytgan masalalarida unga taqlid qilish jarayoni oson kechadi. Shu asnoda taqlid qiluvchi ilmi tolibning nuqsonlari oʻrnak zot tomonidan tuzatish imkoni tugʻiladi. Tolibning aybi, xatosini koʻrgan oʻrnak zot darhol uni xafa qilmay, nozik ishora bilan tuzatish imkoniga ega boʻladi. Bu yoʻl Rasulullohning yoʻli boʻlgani uchun tasavvuf ham ushbu “shayx-murid suhbati” taʼlim yoʻlini tanlagan.
Ayniqsa, u davrda Islom shu qadar faol va jonli ediki, bir tomondan jome-masjidlarda ana shunday ilmiy faoliyatlar davom etar, bir tomondan esa Islom davlati oʻz chegaralarini kengaytirish, Islomni boshqalarga ham tanitish uchun gʻayrat qilinardi. Islom oshiqlari chegaralardagi qalʼalarda toʻplanishardi. Bunday qalʼalarga “Rabot” deyilardi. Bugun olib borilayotgan qazish ishlarida bu rabotlarda sahoba va tobeinga oid qabrlarga duch kelinmoqda.
U muborak zotlar ulugʻ savobga noil boʻla olish maqsadida uzoq-uzoqlarga ot surib ketaverganlar. Ushbu savob toʻgʻrisida Rasulullohdan koʻplab hadislar rivoyat qilingan. Rabotlarda sahobalar boʻsh va tinch vaqtlarini qanday oʻtkazishganini bilishga urinaylik: ularning oralarida ilmli zotlar boʻlib, ular yigʻilgan jamoat bilan ilmiy-maʼrifiy suhbat olib borardi. Chunki u davrlarda boʻsh vaqtni nima bilandir oʻtkazishga sabab boʻlgan bugungidek televizor, radio kabi chalgʻituvchi vositalar yoʻq edi. Tabiiyki, rabotlardagi ilmu maʼrifatga boʻlgan havas-ehtiyoj tufayli xonaqohlar—dargohlar paydo boʻldi. Tarixiy, ijtimoiy va maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlar mahsuli oʻlaroq tasavvuf yuzaga keldi.
SAVOL: — Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, demak, tariqatlar paygʻambarimiz bilan sahobalari orasidagi tartib-intizomga, taʼlim-tarbiya tizimiga asoslangan, shundaymi?!
JAVOB: — Xulosa qilib aytganda, shunday. Binobarin, Islom dinining ichki tabiiy rivojlanishi mavjud: oʻz-oʻzidan tabiiy ravishda har tarafga yoyilishi, islomiy taʼsislarning hayot kasb etishi mavjud. Tasavvuf ana shu tabiiy jarayon oqibatida kelib chiqqan. Yaʼni, “ular hech narsa bilmas edilar, faqat Eron bilan yuzma-yuz kelganda bir narsa koʻrishdi va unga taqlid qila boshladilar”, deya olmaymiz.
SAVOL: — Hazrat, siz keng maʼnoda tushuntirib bergan tasavvuf tushunchasi, izohlaganingizdek, oqibatda “tariqat” nizomiga borib taqalmoqda, yaʼni qonun-qoidalar tusini olmoqda. Va tariqatlar tasavvufni namoyon etmoqda, degan nuqtai nazar kelib chiqmoqda. Tariqatlardagi taʼlim-tarbiya, shayx-murid munosabatining tartib-intizomi haqida yana bir oz toʻxtalsangiz?
JAVOB: — Bu savol ham tasavvuf haqidagi dastlabki savolga oʻxshab keng miqyosda oʻylanganda javob berish qiyin boʻlgan savoldir. Tariqatlar va tasavvuf tarqalgan hududlarning jugʻrofiy kengligiga koʻra xilma-xildir. Ayni vaqtda jugʻrofiy mintaqalardan va u yerlardagi mahalliy qadimgi urf-odatlardan taʼsirlangan boʻlishi mumkin. Masalan, Onadoʻlidagi tasavvufiy qarash bilan Shimoliy Afriqodagi tasavvufiy tushuncha orasida farq mavjud boʻlib, darrov maʼlum boʻladi.
SAVOL: — Kelib chiqishi va asosi bir manba boʻlishiga qaramay, nima uchun bunday farqli jihatlar va farqli yashash tarziga egalar?
JAVOB: — Bu farq oʻsha jugʻrofiy hududlardagi qadimgi anʼanalardan kelib chiqqan koʻnikmalarga bogʻliq. Har mintaqaning madaniy va ijtimoiy qadriyatlari birdaniga yoʻqolib ketmaydi. Islomga zid boʻlmagan odatlar yangicha tus olib yashab kelmoqda, yoxud eski odatlarning voz kechilmay qolib ketgan qismlari Islomga muvofiqlashtirishga harakat qilinib, oʻz hayotini davom ettirayotir. Qadimgi odatlarga bogʻliq boʻlgan anʼanalar oʻz borligʻini tutib turish maqsadida eskisiga yangicha boʻyoq berib, rivojlanishi taʼminlanmoqda.
SAVOL: — Shu tariqa “botil” tariqatlar haqida ham maʼlumot bergan boʻldingiz, shundaymi?
JAVOB: — Ha, albatta. Masalan, bektoshiylik tariqatini tadqiq etgan tadqiqotchilarning barchasi eʼtirof etgan haqiqat shuki, bektoshiylik bir qancha botil tariqatlarni oʻz ichiga qoʻshib, ularning yagona xulosasiga aylangan: ularning orasida qalandariylar, javoliqa kabi qadimgi shamanistik eʼtiqod egalarining fikr—ishonch va harakat tarzlari singari bir qancha qadriyatlar ham mavjud. (Holbuki, Hoji Bektoshi Vali mansub boʻlgan tariqat aslida botil urf-odat va noxush taʼsirlardan xoli, islomiy taʼlimot boʻlgani endi isbotlandi.) Bu salbiy taʼsir shu tariqatning orasiga sizib kirgan va oʻz natijasini koʻrsatgan.
Shu sababli tasavvuf tariqatlarda oʻz aksini topganmi, degan savolga, tasavvufning kengligi, tariqatlarning koʻpligini hisobga olganda, javob berish amrimahol. Ammo shuni bemalol aytishimiz mumkinki, dastlab taʼkidlaganimiz oʻlchovlarga muvofiq va tarixiy rivojlanishga tobe boʻlgan haq yoʻl har asrda mavjud boʻlib kelgan. Tasavvuf orasida oʻsha andishani boshidan kechirgan, Qurʼoni karimga bogʻliqligini va Rasulullohga muhabbatini nihoyatda kuchli saqlagan, har bir harakatini oʻsha oʻlchovlarga koʻra yoʻnaltirgan, har qadamini ularning fayzlari bilan birga bosgan tariqatlar har vaqt boʻlgan.
SAVOL: — Hazrat, oʻtmishda tariqatlar tashkil topish jarayonida baʼzi qarshiliklarga duch kelganmi? Bu qarshiliklarning maqsad-mohiyatlari nimalardan iborat edi? Shu haqda ham bir oz maʼlumot bersangiz?
JAVOB: — Tariqatlarga va mutasavviflarga oʻz davrlarida qarshilik koʻrsatganlar ham boʻlgan, albatta. Bu qarshiliklarda asosan oʻsha shaxsning shaxsiyati rol oʻynagan. Yaʼni, mutasavvif sifatida maydonga chiqqan shaxsning tasavvufdagi fikr qarashlari, soʻfiyona yashash tarzi va u shaxsga qarovchi shaxslar ega boʻlgan aql-idrok, tushuncha rol oʻynagan. Mamlakat hayotiga, odamlarning maʼnaviyatiga oʻz taʼsirini oʻtkazgan har qanday buyuk mutasavvif hayoti davomida baʼzilar tomonidan sevib-ardoqlangan, oʻziga dushman orttirgan va ular bilan keskin, ayovsiz kurashgan.
Tasavvuf ahliga qarshi doim omonsiz kurashganlar kimlar edi, degan maqsadda tarix sahifalarini varaqlasak, tekshirsak, ularning aksariyati tasavvufni yaxshi oʻrganmagan olimlar ekanligiga guvoh boʻlamiz, bular bir guruhni tashkil etadi. Baʼzi olimlar mutasavviflar xatti-harakatlariga qarshi chiqib, ular bilan mubohasaga kirishib kurashganlar. Ularning xatti-harakati Islomga shariatga muvofiq keladimi-yoʻqmi degan maqsadda olib borilgan bunday qarshiliklardan bir misol, masalan, “samo” deyilgan bir manzara: insonning maʼnaviy shavq ila tik turgan holda aylanishi.
Bu Islomga toʻgʻri keladimi? Bu ishni qiluvchilarga nisbatan qanday munosabat bildirish kerak? Bu xusus nimaga asoslanadi va nimadan taʼsirlangan, kabi bahslarga sababdir. Hatto mutasavviflarning davron zikri haqida “Risolai fi haqqi davaranus sufiyya” nomli asarlar ham yozilgan. Nima uchun? Chunki u bir harakatga suyanadi. Bunga oʻxshagan mubohasalar bizningcha hal boʻlishi osondir. Chunki qoʻlimizda asl manba — Qurʼoni karim va hadisi sharif bor. Mutasavvifning holi harakatiga toʻgʻri izoh berilsa, yanglish nuqtai nazar bilan boqilmasa, ular haqida toʻgʻri hukm chiqarishimiz, ahli tasavvufning ham, ahli ulamoning ham fikr-qarashlarini toʻgʻri baholash imkoniga erishamiz.
SAVOL: — Tasavvuf ahliga qarshilik koʻrsatgan yana boshqa toifalar ham boʻlganmi?
JAVOB: — Yana boshqa toifa muxoliflar borki, ular diniy sababga tayanmay, tasavvufni oʻzgacha, ayricha va begona bir hayot tarzi deb bilib, tasavvufni toʻgʻri tushunmaslik natijasida uni tanqid ham qiladilar. Buyuk zotlarning haqiqiy ruhoniy hayotlarini anglamagan holda tanqid ostiga oladilar. Zohiriy koʻrinishiga qarab notoʻgʻri xulosa chiqaraveradilar.
Shoyad ular ham tasavvufni anglab-tushunganlarida edi, balki ular ham shu baxtga muyassar boʻlgan boʻlardilar. Misol uchun Imomi Gʻazzoliyga boʻlgan qarshiliklar haqida bir oz toʻxtalsak: manqibaga koʻra eski qozilardan biri Gʻazzoliyning “Ihyo-u ulumiddin” nomli asarini “Buning ichida zaif hadislar bor”, deb qayerda koʻrsa yigʻishtirib yoqib tashlar ekan. Kunlardan bir kuni qozi tushida Rasulullohni koʻradi. Oldida esa bir kishi turibdi. U kishi hurmat bilan Rasulullohga: “Shu kitobimni bu shaxs qayerda koʻrsa yoqtirib tashlamoqda. Ajabo, kitobimda sizning sunnati saniyyangizga xilof bir narsa bormikan?” deb kitobni taqdim etadi.
Rasululloh kitobga qarab: “Mening sunnati saniyyamga muvofiqdir”, deb javob beradilar. Qozi esa kitoblarni yoqtirgani uchun qamchi urilib jazolanadi. Qamchi zarbalarining achchigʻi bilan uygʻongan qozi badanida qamchi izlarini koʻradi. Gʻazzoliyning kitoblari hatto bugun ham Saudiya Arabistonida oʻqilishi va sotilishi taqiqlangan asarlardandir. “Arabistonga olib kirilishi man etilgan bu kitobning muallifi Imomi Gʻazzoliyni bu qadar tuhmatga loyiq koʻrish insofdanmi?” degan savolga “Gʻazzoliy Islom olami yetishtirgan eng buyuk allomalardan biridir”, deya javob beramiz.
Gʻazzoliyning asarlarini tushunmaslik, uning asl maqsadini, niyatini anglamaslikdan kelib chiqadi. Uning maqsadi Islomning ruhiyatiga koʻra samimiyatla yashamoq boʻlgani uchun, u oʻz faoliyatlarida haq boʻlgan. Tasavvuf ahlining muxoliflarini ana shu tarzda turlashimiz mumkin. Oʻtmish madaniyatida ham madrasa, xonaqoh orasida doim ixtilof jarayon etgan.
Bunday holatda u yoki bu tarafni inkor etib, shoshilinch hukm chiqarishni maʼqul koʻrmayman. Chunki, oʻtmish hayotda “tasavvuf namoyondasiman” degan kishilarning haqiqatan tanqid etishga arziydigan baʼzi xatti-harakatlari boʻlgan. Ularning bu xil harakatlariga qarshi oʻlaroq, dinni yaxshi bilgan ulamo orasida diniy hamiyat tufayli “dinni himoya qilish gʻamida” qarshiliklar yuzaga kelgan. Ammo baʼzi kishilar borki, tariqatning ruhiga kirolmay, tushunolmay, unga qarshi kurashgan va ahli tariqatni bilmagan holda ayblayvergan.
SAVOL: — Aytganingizdek, muxolifatni tortishuvga aylantirganlar, koʻproq bu kurashlarga taqlidiy yondashganlar, shundab emasmi?
JAVOB: — Masalaning ichki tarafini bilmaganlar ham boʻladi. Tarixiy hodisalarning koʻpi shuni koʻrsatadiki, baʼzi ulamolar tasavvufga nisbatan yomon munosabatda boʻla turib, yaqinroq tanigach, tasavvufni, oʻzining shariatga asoslangan eʼtiqodiga mushtarak bilib, tariqatga qadam qoʻyganlar. Gʻazzoliy ham shunga misol boʻla oladi. Bu ulugʻ mutasavvif, bir vaqtlar, Bagʻdod madrasalarida ulugʻvor salla oʻrab, oltin bilan tikilgan jubba (chopon) kiyib, muhtasham olim sifatida dars berarkan, keyinchalik, bu yoʻlining sayozligini anglagach, tasavvufga kiradi va madrasa bilan takya faoliyatini birga olib boradi.
Ikkinchi misol Mavlono Jaloliddin Rumiydir. U ham avvallari olim sifatida tasavvufga muxolif ekan, keyinchalik tasavvufni yaxshi tanigach, ayniqsa tashqi eʼtiqodlardan taʼsirlanmagan, oʻz anʼanasida mustahkam, haqiqiy tasavvufiy chuqur hayotni tanigach, oʻz inkoridan, qaysarligidan voz kechgan zotlardandir. Men oʻz hayotimdan ham misol keltirishim mumkin. Maktabda oʻqib yurgan vaqtlarimda adabiyot kitoblari oʻqitilayotganda, tasavvufga nisbatan sovuq munosabatda edim.
Ayniqsa, vahdatul vujudning tushuntirish tarziga qarshi edim, chunki shariatga muvofiq kelmaydi, deb oʻylardim (koʻpchilik adabiyotchilarimiz din haqiqatlarini bilmasliklari bois hanuz shu fikrdalar). Bugun esa shariatga boʻlgan muhabbatimning ortishini istagan bir shaxs oʻlaroq Qurʼoni karim va Hadisi sharifni bosh tojim qilishni chin koʻngildan oʻziga yoʻnalish qilib olgan shaxs sifatida, sof tasavvufga qarshi chiqish katta xato va oʻta xavfli ish deb biladigan darajaga keldim. Tasavvuf ixtiyoriy zavq maslagi emas, aksincha, har bir musulmon uchun majburiy va zaruriy yoʻl ekaniga shariat, sunnat va oyatlarga suyangan bir kishi sifatida ishonchim komil.
Bugungi ijtimoiy ahvol, muhit va diniy doiradan misol keltiraman: arabcha biladigan, arab diyorlarida oʻqib kelgan koʻpgina dindorlar tasavvufga qarshidirlar. Tabiiyki, bu ularning tasavvufni bilmasliklaridan. Men ularni tasavvufni bilmaydigan, tanimaydiganlar safiga qoʻshaman, ular tanimay—bilmay turib tasavvufga keskin qarshilik qiladilar, chunki inson bolasi bilmagan narsasining dushmanidir. Men, tasavvuf nazariy jihatdan oʻrganilmagan bir hayotda yashadim. Maslagim tufayli olimlar orasida koʻp boʻlsam ham, tasavvufga oid kitoblar oʻqigan bir kishi boʻla turib, tasavvufni amalda yashash, kitoblarda yozilgandan koʻra foydaliroq ekanini koʻrdim. Agar men shunday oilaviy sharoitga ega boʻlmaganimda edi, tasavvufdan bexabar va bebahra, unga dushman, johil bir kishi boʻlib qolardim.
SAVOL: — Hazrat, talabalik davringizda tasavvufning oʻrgatilishi haqida aytib oʻtdingiz. Tasavvuf haqida soʻz ketganda, shariatning tor hukmlariga barham beruvchi, erkin fikrlashga moslashgan, insonning zehniy takomiliga eshik ochadigan, erkin tushuncha—qarash sifatida taʼriflash oʻlkamizda odat tusini olgan edi. Xususan, Yunus Emro, Mavlono Jaloliddin Rumiy haqida gap ketganda koʻpincha ana shu taʼrifni tilga olishardi. Shuni izohlab bersangiz? Shariatni goʻyo jamiyatni diqqinafas qiluvchi hukmlar majmui sifatida, tasavvufni esa bu holatni yengillashtiruvchi, tafakkur va sanʼat arboblarining kelib chiqishiga sharoit yaratgan, shariatning tor qolipdagi buyruqlarini oshib oʻtgan bir faoliyat deb biluvchi ziyolilar ham bor?
JAVOB: — Bu oʻsha ziyolilarning fikrlaridir. Oʻz nafsoniy istaklarining qogʻozga bitilgan shaklidir. Tasavvuf bir jihatdan shunday bir maslakki, ilgari tasavvufga kirmoqchi boʻlgan kishilarga, tasavvuf pirlari “Bolam, sen shariatning ahkomiga amal qil, bu yoʻl juda qiyin yoʻl, tasavvuf temirdan qovurilgan noʻxatdir”, deyishar ekan. Tariqatlarning xilma-xilligini, biz bilgan-tanigan tasavvuf bilan ular bilgan-tanigan tasavvuf orasidagi farqlarni ham eʼtiborga olish kerak.
SAVOL: — Hazrat, adabiyotimizni misol qilib oladigan boʻlsak, bu holatni, mutasavvif sanʼatkorlarimiz baʼzi timsollarni tasavvufiy maʼnolar bilan keltirishi, ammo unga faqatgina zohiran izoh beruvchilar bilan bogʻlash mumkinmi? Masalan, Rumiy, Emro yoki Fuzuliy koʻpgina sheʼrlarida tashbehlar, mayxona, soqiy, piri mugʻon, sharob kabi atamalarni ishlatishgan. Tasavvufda oʻziga xos maʼno va izohlarga ega soʻz — atamalarni baʼzi olimlar, tashqi — zohiriy maʼnosiga qarab xulosa chiqarganlari sababli koʻpgina mutasavviflarni shariatdan chiqib ketgan demoqdalar.
JAVOB: — Tasavvufni zohiran va asarlar orqali anglash qiyin. Inson tasavvufning ichiga kirgach, uni koʻradi va amalda yashaganidagina anglaydi, biladi. Tasavvufning zohiriga koʻra baholovchilarning masalaga yondashuv tarzlari ilmiy metod tomonidan tanqid qilishga loyiqdir. Bir narsani tubdan toʻla-toʻkis anglash uchun inson zohiriy xulosalardan qochishi, avvalo voqeaning mohiyatini anglashi, undan keyin xulosa chiqarishi lozim. Holbuki, mazkur kishilar bu masalaga ana shu tarzda yondashmaydilar.
Tasavvufni oʻrganishar ekan, uni toʻgʻri—haqqoniy ravishda tushunish va butkul unga taslim boʻlish niyatida yondashmaydilar. Oʻzlariga oʻz hollaricha bir hayot yoʻlini belgilab olib, qandaydir tamoyil va qadriyatlarga tayanib olishgan. Eng fojiali tomoni shundaki, ushbu tamoyillardan voz kechish niyatlari yoʻq. Tasavvufni doim oʻz nuqtai nazarlariga koʻra baholamoqdalar. Holbuki, mutasavvif ular oʻylaganidek emas. Masalan, Rumiy: “Kofir boʻlsangiz ham, butparast boʻlsangiz ham, otashparast boʻlsangiz ham, keling, barchangizni oʻsha holingizda qabul etaveradigan insonman” deydigan zot emas. Mavlono Rumiyni yaqindan tanib-bilsalar edi, bunday chetlashishning imkoni yoʻqligini koʻrardilar. Bu soʻzdan asosiy maqsad — tavbaga chaqiriqdir.
Bu soʻz aslida Mavlono Rumiyning soʻzi emas. Uning maqbarasiga eronlik bir shoir yozib qoʻygan satrlardir. Alloh tavba qilish sharti bilan har qanday gunohkorni kechira olishini, buning uchun oʻtmishdagi gunoh — maʼsiyatga toʻla hayoti tufayli umidsiz boʻlmaslikni ifodalovchi bir soʻzdir. Oʻlar Rumiyni yanglish tushunibdilar. Agar tasavvufning taqlidchilari emas, balki haqiqiy ahli tasavvuf tadqiq etilsa, tasavvufning bosh gʻoyalaridan biri Allohni bilish-tanish ekanini koʻramizki, buni avvalroq ham aytdim. Maʼrifatulloh, yaʼni Allohni bilish-tanish bir necha bosqichlarga boʻlinadi: birinchi, oʻz ustoziga mehr qoʻyish, ikkinchi, unga qiyosan Rasulullohga muhabbat, uchinchi, Allohning borligini his etib, unga muhabbat qoʻyish. Ahli tasavvuf shuni yaxshi biladilarki, Rasulullohning sunnatlariga koʻrsatilgan kichik bir beparvolik sababli erishgan maqomlaridan darrov mahrum boʻladilar.
Buni feʼlan koʻrganlari uchun ular Rasulullohning sunnatlari tugul, odobiga, hatto beparvolik qilishlari mumkin emas. Chunki odobdan mahrum boʻlgan bir inson Parvardigorining lutfidan nasibsiz qolgay va maʼnan yuksalishi ham imkonsizdir. Sunnati saniyyaga boʻlgan kichik bir qarshiligi tufayli boshiga ne-ne balolar kelib, ohu faryod chekkanini mutasavviflar oʻz asarlarida aytib oʻtganlar. Hojatxonaga bir marotaba oʻng oyogʻi bilan kirib (holbuki, chap oyoq bilan kirish odobdan) necha kunlab iztirob chekkan mutasavviflar oʻtgan.
Shuning uchun bu masalaning haqiqiy namoyandalari, ahli tasavvufning shariat ahkomidan zarracha chetlashmaganini, binobarin sunnatlar u yoqda tursin, odobni tark etgani vaqt koʻp narsa yoʻqotishlarini bilardilar. Sunnatga va odobga doimo rioya qilishni tavsiya qilardilar. Chunonchi, Imomi Rabboniy (quddisa sirruhu) rivoyat qilishlaricha, u kishiga ikkita gul keltirgan muridiga “Bolam, nega uchta, beshta yoki yettita qilib olib kelmading, Alloh taolo toqdir va toqni yaxshi koʻradi” hadisi sharifini bilmaysanmi?” deb oddiy kichik bir xususga ham eʼtibor bergan ekan.
Shu bois, tasavvufni oʻz fikr-qarashlariga koʻra izohlaydigan bu shaxslar notoʻgʻri metod qoʻllamoqdalar, oʻrganish metodi emas, suiisteʼmol metodini qoʻllamoqdalar. Oʻz hayotlariga dastak qidirib va oʻz hayotlariga asoslanib, tasavvuf buyuklarini oʻzlariga tobe qilishga harakat qilyaptilar. Bu odobga zid boʻlib, buning uchun ularning najotga erishuvi imkonsizdir.
Haqiqiy tasavvuf oxir-oqibat insonni Rasululloh muhabbatiga, hatto Rasulullohni mushohada etishga erishtiradi. Imomi Suyutiy (Alloh undan rozi boʻlsin) uyqudan tashqari, uygʻoqligida paygʻambar alayhissalomni ellik martadan ziyod koʻrganini bayon etadi. “Muhammadiya” asarining muallifi oʻz asarini Rasulullohning taʼlim — koʻrsatmasi bilan yozganini qayd etadi. Hatto buyuk mutasavviflar oʻz asarlarini ana shunday maʼnaviy buyruq bilan yozganlar.
Shuning uchun “Rasululloh bilan bir lahza aloqam va mushohadam yoʻqolsa, oʻzimni musulmon sanamasdim”, deydigan darajada mutasavviflar ham bor. Demak, chin mutasavvif har lahza Rasululloh bilan birga, u boʻlmaganida esa oʻzining musulmonligiga ishonmas ekan. Xullas, shariat tor va diqqinafas deb, tasavvuf esa unga qarshi musomahali — keng fikrli taʼlimot, deb taqlidchi va gʻofil ziyolilar aytmoqdalar, xolos.
Ayniqsa, “Sizlar qayerda boʻlsangizlar U sizlar bilan birgadir” (Hadid—4), “Bas, qay tarafga yuz bursangiz, oʻsha joy Allohning tarafidir” (Baqara— 115), Yunus Emro “Istamagil ani yiroq, koʻnguldadir anga duroq”, deydi. Demak, Alloh bizga bizdan, ham yaqin ekan, unga erishmoq kerak. Nega buning farqiga bormaymiz va harakat qilmaymiz, nega? Haqiqiy mutasavvif unga erishgan. Chunki u haqiqiy musulmon boʻlgan va Allohning tajallisiga mazhardir. Ular bu zavqni totgan zotlardir. Shuning uchun baʼzi kaltafahm ziyolilarimiz shariatni kulfat deb bilishlari, shariat ahkomiga tor qolip sifatida qarashlari mumkin. Bunday deguvchilarning soʻz, fikr-qarashlari ularning johilliklariga ishora qilmoqda.
SAVOL: — Hazrat, dunyoning toʻrt tarafiga Islomning tarqalishida, ayrim davlatlarning tashkil topishida, xususan tasavvuf arboblarining qoʻshgan hissalari va davlat asoschilari bilan boʻlgan yaqin munosabatlari boʻlganidan xabardormiz. (Usmonli davlati, Amir Temur saltanati), shuningdek, Islom jamiyatlarining ijtimoiy, madaniy turmushlarida muhim rol oʻynagan shaxslar ham ahli tasavvufdan va tasavvuf tushunchasiga yaqindan bogʻliq shaxslar boʻlgani ayni haqiqatdir. Bugun ham — jamiyatni jonlantirib turgan, madaniy, maʼnaviy va boshqa jabhalarda mamlakatning yuksalishida tasavvuf ahli va gʻoyasi faol — dinamik kuch sifatida katta ahamiyat kasb etmoqda, shunday emasmi?!
JAVOB: — Tasavvuf hayotdir, undan tashqarisi oʻlimdir. Rasululloh (s.a.v.): “Goʻyo quruq yerni suv koʻkartirgani kabi zikrulloh qalbni jonlantiradi”, deydilar. Qalbi qattiq, toshbagʻir insondan yaxshilik chiqmaydi. Insonni tadqiq etadigan boʻlsak, hamma narsa uning maʼnaviyatiga, koʻngil jonliligiga taqaladi. Koʻngli koʻtarinki ruhda boʻlgan kishilar faol — harakatchan boʻlib, oʻzgalarga ham ijobiy munosabatda boʻladilar. Koʻngli oʻlik insonlar har joyda, har doim dardisar boʻlib, boshlari darddan chiqmaydi, ular tikanga oʻxshaydi, har narsani qoʻporadi.
Shuning uchun men tasavvufni ixtiyoriy zavq savdosi, tutumi, xatti-harakati deb bilmayman. Balki, insoniyatning gʻaflatdan uygʻonib, bir navi oʻlimdan xalos boʻlib hayotga qaytishi va asl hayotning mazasini totish uchun zaruriy faoliyat deb bilaman. Alloh taolo insonga inʼom qilgan hayot neʼmatining asl gʻoyasi deb bilaman. Alloh taolo: “Ey insonlar, U sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq — yaxshiroq amal qiluvchi ekanligingizni imtihon qilish uchun oʻlim va hayotni yaratgan zotdir” (Mulk — 2), deydi.
Yashashdan maqsad— oʻsha chiroyliroq amallarni bajarishdir. Tasavvufni “Ey moʻminlar, Allohdan haq-rost qoʻrqish bilan qoʻrqinglar va faqat musulmon boʻlgan hollaringda dunyodan oʻtinglar” (Oli Imron — 102) tavsiyasining zaruriy sharti deb bilaman. Chunki, “Kim bu dunyoda koʻr boʻlsa, oxiratda ham koʻr holida qayta tiriladi” (Isro, 72). Bu dunyodagi koʻrlikdan qutulmasa, inson hayotdagi gʻoyasiga erisholmabdi demakdir. Gʻoyasiga erisholmagan insondan tasodifiy ezgulik kutish mumkin, ammo oʻz ixtiyoriga koʻra emas.
Shuning uchun har bir inson albatta tasavvufning ushbu ikki gʻoyasini (Qurʼon va Hadisning buyruqlarini) oʻz hayotlarida tadbiq etishlari lozim. Yaʼni har tarafni qurshab olgan Parvardigori bilan yaqinroq aloqa bogʻlashi lozim. Parvardigori unga shu qadar yaqin ekan, oʻzi Parvardigoridan uzoqlashmasligi kerak. Chunki Alloh taolo koinotni yaratib qoʻyib, nomaʼlum yiroqliklarga ketib qolgan borliq emas. Yaʼni, Alloh taolo “U zot har kuni ish-amaldadir” (Rahmon—29).
Borliq va undagi nar-salarni yaratgach, ularni oʻz holiga tashlab qoʻygan emas. Nuqson bizda, xato bizningdir. Ham dunyoda, ham oxiratda baxtli-saodatli boʻlish uchun albatta inson Allohni bilishga — tanishga intilishi kerak. Bunga amal qilmasa, oxiratga koʻzi ojiz holda ketajak. Dunyoga gʻofil holda kelib, gʻofil ketganidan, oxiratda ham hech narsaga erisholmaydi. Inson oʻzining abadiy saodati uchun quyidagi ikki xususni bajarmogʻi shart:
1. Alloh taoloni tanimoq — bilmoq va U bilan birga unsiyat hosil qilib, undan zavq totmoq.
2. Nafsini poklab, axlogʻini tarbiyalamoq. Axloq—fardiy emas, balki ijtimoiy bir hodisadir. Jamiyat mavjud boʻlmay, inson yolgʻiz oʻzi yashasa edi, axloq degan narsaga hojat qolmagan boʻlardi. Axloq jamiyat hayotining koʻrinishidir. Shunday ekan, axloq jamiyatning tartib-intizomiga ega kuchli taʼsir koʻrsatadigan, jamiyat nizomining shaxslarga taalluqli manbaini tashkil etadigan unsurdir. Shuning uchun axloqni yoʻlga qoʻymay turib inson jamiyatga foyda berishi, axloqqa rioya qilmaydigan shaxslardan tashkil topgan jamiyatning ham muvaffaqiyatga erishuvi mumkin emas.
Bir inson ushbu ikki gʻoyani amalga oshirmay turib, chin inson boʻlishi imkonsizdir. Ajdodlarimiz ushbu gʻoyalarni hayotlarida tadbiq etganlari sababli umrlari samarali, oqibatlari xayrli boʻlgan. Ajdodimizdan qay bir zotga mehr qoʻygan boʻlsangiz, u albatta ahli dildir, bu ikkn gʻoyaga amal qilgani uchun ularni bugunga qadar har inson eʼzozlab kelmoqda. Xoja Ahmad Yassaviyni, Yunus Emroni, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Hoji Bayram Valini shuning uchun sevib-ardoqlaymiz.
Bugun ham jamiyatning faolligini, harakatchanligini va halokatdan xalos boʻlishini taʼminlaydigan yagona chora — bu gʻoyalarni amalga oshirishdir. Shuni yaxshi taxmin qilamanki, dushmanlarimiz buni bizdan ham yaxshi bilganlari uchun muayyan muhitlarda tasavvufga ashaddiy dushmanlik qilmoqdalar.
Tasavvuf va tariqatlar tarixiy voqelik boʻlib, katta-katta fathlarga yoʻl ochgan va bu fathlarga manba boʻlgan. Qoʻplab siyosiy gʻalabalarning manbai boʻlgan. Bu toʻgʻrida qator misollar keltirishimiz mumkin: eslasangiz, Mavlono Rumiy oʻlimga “shabi arus” (nikoh kechasi), deydi. “Oʻlimim gʻam-tashvishli hodisa emas” deb sheʼrlarida ham shu gʻoyani olgʻa suradi. Buning maʼnosi gʻoyat sodda, jonli va tabiiy boʻlib, inson bu haqda eʼtibor bilan fikr yuritsa “va unga qaytarilajaksiz” (Baqara—245) oyatini oʻqib, sevinmaslikning iloji yoʻq. Demak, oʻlim bu qadar munis ekan, inson hayot, oxirat va abadiy hayot masalalariga ham shu nuqtai nazardan turib boqsa, oʻlimdan qoʻrqmaydi, shaxsiy manfaatlarning oʻtkinchi va sayozligini tushunadi. Natijada ezgulik uchun jonini berishga ham tayyor holga keladi. Islom tarixida roʻy bergan qahramonliklarning manbai ham shu. Ayrim davlatlar bunga misol. Agar u davr mansublarining qalblarida oʻlimdan qoʻrqish hissi kuchli boʻlganda, dunyoviy manfaat — gʻarazlar joʻsh urganda edi, ular buyuk sharafga muvaffaq boʻla olmagan boʻlardilar.
Vatan ozodligi va istiqloli uchun boʻlgan janglardan birida roʻy bergan bir voqeani misol keltiray: bir zobit jang maydonida yigʻlab yurgan ikki askarni koʻrib, yoniga chaqirtiradi va ularga dalda bermoq uchun, “Nega yigʻlayapsizlar, oʻlimdan shu qadar ham qoʻrqasizlarmi, uyalmaysizlarmi? Askar degan ham yigʻlaydimi?” deydi. Ularning yigʻisi tugamaydi. Nihoyat zobitning qistovi ila “Shuncha janglarda qatnashdik, ammo bizga hech shahodat nasib qilmayapti, kafanimizni boʻynimizga oʻrab jangga kiryapmiz, lekin Alloh bizga shahidlik kabi buyuk maqomni ehson etmayapti, nima gunohimiz bor ekan?!” deya javob beribdilar.
Ota-bobolarimiz vatanimizning istiqlolini ham ana shu gʻoya ila kurashganlari uchun qoʻlga kiritdilar. Agar mustaqillik uchun boʻlgan janglarda inkorchi, avantyurist, anarxist kabi pastkash gʻoyalar ila kurashganimizda edi, bugungi kunda yo Amriqo, yo yunonlar kabi razil hayot kechirayotgan boʻlar edik.
Sanʼatga kelsak, maʼlumki, sanʼat koʻngil maskanidir. Koʻngli hayajondan yiroq bir inson goʻzallikni sezishi, topishi va tasvirlashi mumkin emas. Tarixda oʻtgan mashhur sanʼatkorlarni tadqiq etadigan boʻlsak, ularning koʻpchiligi koʻngil arbobi boʻlganligini koʻramiz. Tabiiy, sanʼatning manbai “hayajon” boʻlgach, inson bashariy, jinsiy, moddiy hayajondan kelib chiqqan sanʼat asari yueaga keltirishi ham mumkin, bir inson bir ayolga boʻlgan sevgisi tufayli goʻzal, lirik sheʼr yozishi mumkin. Ammo buni tasavvufdagi tuygʻular bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Chunki tasavvufdagi his-hayajon shu qadar kuchli va hayotbaxshki, bu tuygʻu insonni havoda uchiradi, oyoqlarini yerga bostirmaydi. Mavlono Rumiy oʻz zamondoshlariga qanday qilib taʼsirini oʻtkazganini eslang Mavlono barchani lol qoldirgan va gʻayratlantirgan edi. Mutasavviflar ana shunday boʻlganlar. Asl manbadan foydalanib, uning lazzatini totgan kishi mashrabga aylanadi.
Oʻtmish davri sanʼatini meʼmorchilikdan tortib to musiqa va adabiyotga qadar tekshiradigan boʻlsak, buyuk sanʼatkor va olimlarning barchasi tasavvuf ahlidan boʻlgan zotlar ekanligini koʻramiz. Qay bir olim yoki sanʼat ahlining asarini ochib oʻqisangiz, albatta Gʻazzoliyni oʻqiganligi, Masnaviydan fayz olgani sezilib turadi. Xullas, tarixiy davrda tasavvuf ahli sanʼat, adabiyot, musiqa, meʼmorchilik va boshqa sohalarga homiylik qilgan.
SAVOL: — Hazrat, “shariat ahli”, “tariqat ahli” deya ajratayotganlarga nima deysiz?
JAVOB: — Bu juda muhim bir mavzu. Tasavvufni shariatdan ajratish, iisonning terisini shilib, goʻshtidan ajratish demakdir. Chunki, shariatsiz tasavvufning gʻoyalariga, maqsadlariga erishib boʻlmaydi. Koinotning egasi bor va U yagona boʻlgani uchun hamma narsa Unga suyanadi. Koinot egasining roziligisiz biron narsaga erishib boʻlmaydi. Bogʻbon ruxsat bermasa, bogʻga kirib gul uzib boʻladimi? Shuning uchun shariat hukmlar va soʻzlardan iborat boʻlib, tariqat esa uning holati, amaliy koʻrinishidir. Hukm boʻlmasa, holi ham boʻlmaganidek, zarf-konvert boʻlmasa, mazruf-konvert ichidagi maktub qayerda turadi? Binoning beton ustunlari, gʻishtlari boʻlmasa, ichidagi mebelь, ashyolar, devorlar ham boʻlmaydi. Bular bir-birlarini toʻldiradi. Suv bilan kosa bir-biriga qanday bogʻliq boʻlsa, shariat bilan tasavvuf (tariqat)ni ham shunday tushunish, ular orasidagi oʻzaro bogʻliqlikni bilish kerak. Tariqat degan voqelik doim mavjud boʻlib kelgan. Ammo u shariat ahkomidan uzoq boʻlsa botildir. Bunday tariqat mansublarining maqsadlari dunyodir.
SAVOL: — Hazrat, yana bir qanoat: inson va jamiyatning boʻhronli davrlarida insonlarning tariqatga yoʻnalganlari ayni haqiqatdir. Ijtimoiy chayqalish va boʻhronga uchraganlar sigʻinoq, tasalli dargohi sifatida tariqatlardan boshpana topganlar. Chunki bu nuqtai nazarga ega boʻlganlarning fikricha, tasavvuf — “bir luqma— osh, bir xirqa — poʻstin kamzul” falsafasidir. Huzur-halovat, tasalli baxsh etuvchi omil faqatgina tariqatdir, deydilar. Holbuki, tariqat jamiyatlarning inqirozli damlarida insoniyatni bunyodkorlikka, yangi ijodlarga ilhomlantiruvchi manba vazifasini oʻtagan. Buning eng oddiy oʻrnagini usmoniy davlatining tashkil topishida koʻramiz: saljuqiylarning parchalanishidan keyin Onadoʻli oʻlkasi koʻplab mutasavviflar tomonidan qaytadan maʼnan insho etilgan.
Mavlono Jaloliddin Rumiy, Hoji Bayram Valiy, Amir Sulton singari avliyoulloh zotlar u davrda yangi bir davlat tashkil topishiga beqiyos hissa qoʻshganlar. Ularning saʼy-harakatlari tufayli buyuk davlat barpo etildi. Mamlakatimizning bugungi ijtimoiy ahvoli haqiqatan ogʻir. Saljuqiy hukmronligi yiqilgan davrning manzarasiga oʻxshaydi. Biz kechagi tarixiy ahvolga qarab, bugungi insonning maʼnan yorugʻlikka chiqishi uchun, uni oʻtmishdagi kabi buyuk davlatga aylantirish uchun hanuz tasavvuf harakatini kunimiz uchun zarur va jamiyatni qayta jonlantiruvchi bir harakat manbai desak boʻladimi?
JAVOB: — Dastlab bahs etganimiz tasavvufni notoʻgʻri izohlaydigan tadqiqotchilar oʻz asarlarida bunday deydilar: “Tasavvuf jamiyatlarning boʻhronli damlarida tasalligoh vazifasini oʻtagan”. Voqelikka zid boʻlgani uchun men bunday izohlarga qoʻshila olmayman. Chunki gap insonning maʼnaviy ehtiyoji ustida ketyapti. Aksincha, bu ehtiyoj hatto huzur-halovatli damlarda yanada ortadi. Masalan, Amriqo, Shveytsariya kabi moddiy rohat-farogʻati yuksak darajadagi jamiyatlarni olib koʻraylik. Ularning ham maʼnaviy ehtiyojlari hech oʻzgarmayapti. Ular ham hamma qulayliklarga ega boʻlgan holda, kuchli ruhiy ehtiyojlar girdobida qiynalmoqdalar. Shunday ekan, tarixni bu shaklda buzib koʻrsatish, tasavvufni insonlar faqatgina inqirozga uchragan davrlarda eʼtibor bergan tasalli manbai deb bilish toʻgʻri emas.
Aslida, boʻhronga uchragan insonlar ham, boʻhronga roʻbaroʻ boʻlmagan insonlar ham ushbu maʼnaviy boʻshliqni toʻldirish uchun harakat qilyaptilar. Bu jihatdan tasavvuf insonning maʼnaviy boʻshligʻini toʻldiradigan xususdir. Shuning uchuya tasavvuf boy uchun ham, kambagʻal uchun ham, Amriqo uchun ham, Ovrupo uchun ham, Turkiya uchun ham, Quvayt uchun ham, Yaponiya uchun ham ayni xildagi ehtiyojdir. Oʻtmishdagi kabi bugun ham kunimizning ehtiyojidir. Chunki, inson ruhida qoniqishga ehtiyoj sezadigan maʼnaviy boʻshliq bor. Har bir inson ana shu ehtiyojni izlaydi. “Qayerdan keldim, qayerga ketyapman? Bu hayotning maʼnosi, gʻoyasi nima? Gʻoya — bola-chaqa orttirish boʻlsa, oilalik boʻldim, molu davlat boʻlsa, unga ham erishdim, bundan keyin nima boʻladi?” kabi savollar hammaning qalbini band etgan va band etishi kerak.
Inson ehtiyoj vaqtida, qalbi ruhan qoniqmoqchi boʻlganda Parvardigoriga yolvoradi. Bunday ruhiy ehtiyoj ijtimoiy boʻhronga uchragan davrgagina xos boʻlgan ehtiyoj emas. Shuni yaxshi taxmin qilamanki, bugun Amriqoda tasavvufga boʻlgan ehtiyoj, balki, inqirozlarni boshidan kechirayotgan bir mamlakatning tasavvufga boʻlgan ehtiyojidan ortiqroqdir. Shu bois u yerlarning yoshlari ana shu ruhiy ehtiyojni qondirmoq maqsadida xilma-xil koʻchalarga kirmoqdalar: moda kiyimlar kiymoqdalar, avtomashinalarini bir-biriga toʻqnashtirmoqdalar, kayf beradigan turli-tuman moddalar isteʼmol qilmoqdalar, shu yoʻllar orqali goʻyoki taskin topmoqchi boʻlyaptilar.
Shunday ekan, mazkur izoh — sharqshunoslarning moddaparast qarashlaridan iborat boʻlib, voqelikka ziddir. Chunki boy ham, kambagʻal ham bu ruhiy ehtiyojni bir xil sezmoqda. Inson koʻnglidagi mazkur boʻshliq albatta bir narsa bilan toʻldirilishi kerak. Inson albatta oʻz yaratuvchisini qidirib topishga majbur. Inson yaratuvchisi Alloh taolo bilan aloqa bogʻlamagunicha va unga chin koʻngildan ishonib, mehr qoʻymagunicha qalbi aslo taskin topmaydi.
Bu ruhiy ehtiyoj bir qancha soxta dalda—tasallilarga aldanishi mumkin, qisman koʻngli xotirjam boʻlishi mumkin, ammo bu ehtiyojining qoniqishi notoʻgʻri boʻlgani uchun, koʻngildagi gʻalayon bir oz tinsa ham, natija hosil boʻlmaydi. Bu muammo Allohni tanish, bilish, unga oʻzini sevdirish, unga sevikli banda boʻlish bilangina hal boʻladi. Oʻz navbatida bunga javoban buyuk Alloh ham bandasiga oʻziga xos muhabbat ehson etajak. Muhabbatulloh ana shu tarzda hosil boʻladi. Toʻgʻrima-toʻgʻri banda Parvardigorini sevib qololmaydi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning bir gʻazali yodimga keldi:
“Biz poʻlat parchalarimiz, Sening ishqing esa — ohanrabo (magnit)”. Poʻlat parchasi harakat qilayotganday koʻrinadi, vaholanki, harakatlanayotgan parcha emas, balki ohanrabo uni oʻziga tortmoqda, asl harakatlantiruvchi manba, asos — ohanrabodir. Buyuk yaratuvchidan jozibaning kelishi uchun ham banda odobga rioya qilmogʻi va Parvardigorining qanday amallardan rozi boʻlishini bilib, oʻsha amallarni bajarishi kerak. Ana shundan keyingina oʻsish, rivojlanish paydo boʻladi.
SAVOL: — Tasavvufiy tarbiya koʻrgan kishi anarxist boʻlishi mumkinmi?
JAVOB: — Qatʼiyan yoʻq. Anarxist u yoqda tursin bir marotaba boʻlsin maʼnaviy iztirob chekmaydi, ruhiy inqirozga tushmaydi. Bugun ana shunday bir mahbusni ziyorat qildim. Ogʻir kasal ekan. Oylab kasalxonada yotibdn, ancha qiynalibdi. Jinoiy ishi hal boʻlmabdi. Shunga qaramay, ruhiy matonati ibrat olsa arziydigan bir holatda. Undagi metin iroda, ruhiy halovat koʻchada yurgan qorni toʻq, usti but, sogʻligʻi joyida va boy-badavlat kishilarda yoʻq.
SAVOL: — Xoh butun dunyoda boʻlsin, xoh muayyan bir mamlakatda boʻlsin, diniy-eʼtiqodiy tuygʻularga qarab umumiy yurish—ragʻbat koʻzga tashlanmoqda. Oʻtgan yillarning moddaparast, inkorchi, dunyoviy fikr-qarashlari bugunga kelib oʻz kuchini ancha-muncha yoʻqotdi. Asrimiz insonlari izlanishdalar. Koʻpgina mutafakkir, sanʼatkor va hatto davlat arboblari oʻz izlanishlarini ochiq oshkor qilmoqdalar. Eʼtiqod mavzusi bu izlanishlarga javob tariqasida dolzarb masalaga aylandi. Diyorimiz ziyolilari orasida ham tasavvufga nisbatan yangi—ijobiy qiziqish paydo boʻldi? Shu hollarga qarab, insonlarni qanday istiqbol kutayotgani haqida bir-ikki ogʻiz soʻzlasangiz?
JAVOB: — Taqdirimiz va istiqbolimiz haqida bir narsa deyish imkonsiz. Binobarin, Parvardigorimiz albatta bandalariga zulm qiluvchi emas: bandasining haqiqatni anglashi va haq yoʻlga kirishidan mamnun va rozi boʻlishini hadisi shariflar orqali paygʻambarimiz bizga yetkazganlar. “Istiqbolda goʻzal oʻzgarishlar boʻlishi uchun Allohning lutfi oʻlaroq bugun tasavvuf haqiqatlari har tarafga keng tarqalmoqda”, deyish naqadar goʻzal. Tasavvuf haqiqat boʻlib, bashariyatga foydadan boshqa narsa emas ekan, insonlarni va jamiyatni jonlantirayotgan ekan, zamonaviy jamiyatimizda tasavvuf qadriyatlarining tashna qalblarda oʻz aksini topayotganligini Janobi Haqning bizga bergan behisob neʼmatlaridan biri deya olamiz. Bu jihatdan fikringizga tamoman qoʻshilaman. Tabiiyki, nega avvalgi yillarda bu jarayon kechmadi, degan savol paydo boʻlishi mumkin. Buning uchun oʻsha yillarga nazar tashlash kerak boʻladi.
Masalan, bundan 75 yil oldin tasavvuf keng tarqalgan edi. Ziyolilarning deyarli barchasi mutasavvif edilar. Davlatning ziyolilari tasavvuf ahli edilar. Bir muddat oʻtgach ularning soni kamaydi. Chunki tasavvuf taʼlim-tarbiyasi toʻxtadi. Bu muddat (yillar) davomida odamlar boshqa gʻoyalar bilan ovora boʻldilar. Ziyolilarimiz dunyoviy ilmlarni har narsadan ustun qoʻyib, hattoki “ilm har narsaga qodir” degan xulosaga keldilar. Ular gʻarbga umid bogʻladilar, shu umid ila kutdilar. Oʻz ruhiyatlarini, maʼnaviyatlarini, qadru qiymatlarini oyoq-osti qilib, yoʻq qildilar. Ammo gʻarbdan kutilgan natija-orzular roʻyobga chiqmaganini, aksincha, gʻarbning oʻzi ruhiy izlanishda ekanini koʻrdilar. Gʻarbning bu izlanish jarayonida oʻzlari voz kechgan qadriyatlarga quchoq ochganini koʻrgach, biznikilar oʻzlarini yoʻqotib qoʻydilar va bir oz uygʻondilar, deyish mumkin.
Bir inglizning tasavvufga mayl etishi, bir farangning kelib Mavlono J. Rumiy maqbarasi qoshida vajd ila turishini koʻrib, quyoshning gʻarbdan chiqqanligini eʼtirof etdilar va uygʻona boshladilar. Voz kechganimiz maʼnaviy qadriyatlarimizning naqadar buyuk ahamiyat kasb etganligini, umid bogʻlangan joylarning qanchalik xom va sayoz ekanini asta-sekin anglay boshladilar. Bunga tasavvufga qaytish yoʻlidagi buyuk omil deyishimiz mumkin.
SAVOL: — XX asrda Ovrupoda, Amriqoda, masalan, Britaniyada va Fransiyada Jan Dallas, Rene Gyunon kabi koʻplab faylasuf va olimlar tasavvuf orqali musulmon boʻlishgan.
JAVOB: — Islomiyat oʻz hayotbaxshligini yana bir karra namoyon etmoqda. Oyati karimada aytiladiki: “Ular Allohning nurini (yaʼni Islomni) ogʻizlari (yaʼni behuda gaplari) bilan oʻchirmoqchi boʻladilar. Alloh esa garchi (kofirlar) xohlamasalarda, faqat oʻz nurini toʻla (yaʼni har tarafga) yoyishni istaydi” (Tavba—32.) Bu narsa Islomning faolligi, harakatchanligidandir. Islom doim hayot… Oxiratda hisob-kitob chogʻida inson Allohga bahona koʻrsatolmaydi: “Men Islomdan bexabar edim, shu bois qoʻl berolmadim (bayʼat qilolmadim) yo Rabbi”, deya olmaydi. Hamma joyda imtihon shartlari teng amalga oshiriladi va oshirilmoqda ham…
SAVOL: — Tasavvufni oʻz davrini tugatgan taʼlimot deydiganlar, uni keraksiz deb biladiganlar, “Mening murshidimdan boshqa murshid yoʻq, boʻlmaydi ham”, deguvchilar haqida nima deysiz?
JAVOB: — Bunday eʼtiroflar voqelikka va odobga toʻgʻri kelmaydi. Bir kishi oʻz ustozini sevsa nur ustiga nur, lekin “mening ustozimdan boshqa ustoz yoʻq”, deyish bir narsani yoʻqligini isbotlash, borligini isbotlashdan koʻra juda qiyin. Inson bilimi cheklangani bois, faqatgina mening ustozim bor, oʻzga hech qanday ustoz yoʻq, deyish, har tarafni birma-bir qarab chiqqach, “bu yerda igna yoʻq”, degandek gap. Bu voqelikka va odobga muvofiq emas. Buning ustiga Allohning rahmati va lutfi yomgʻir kabi har tarafga yoyiladi. Alloh biron joyni fayzsiz qoldirmagan.
“Biron joy yoʻqki, paygʻambar yuborilmagan boʻlsin. Har joyda, albatta, xalkni toʻgʻri yoʻlga chaqiruvchi yoki toʻgʻri yoʻlni kursatuvchi joʻnatilmagan boʻlsin”. Bularning baʼzilarini Alloh taolo bizga bildirganini, baʼzilarini esa bildirmaganini Qurʼoni karim oyatlari bilan xabar bermoqda: “Aniqki, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat kilinglar va shaytondan yiroq boʻlinglar”, (degan vahiy bilan) bir paygʻambar yuborganmiz” (Nahl —36). Alloh sevgan va Rasulullohning xizmatini davom ettirgan insonlarning borligi tabiiydir. Chunki hadisi sharifda aytiladiki: “Ummatimdan bir toifa qiyomatga qadar Haqqa yordamchi boʻlishda davom etadi. Ular kinoya qiluvchilarning kinoya va uqubatlaridan choʻchimay, oʻz diniy vazifalarini, sharaflarini, xizmatlarini dinlariga putur yetkazmay ado etaveradilar”.
MUXBIR: — Sermazmun suhbatingiz uchun minnatdorman, hazrat!
Ajoyib suhbatlaringizda bir duny ruhiy ozuqa va zavq oldim.Olloh rozi bulsin sizlarsizlardan!!!