Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir.
Tariqat nima?
(“Tazkirotul-Avliyo” kitobidan)
Naql qiladilarki, bir odam doim tariqat ahlini tanqid qilib yomonlab yurar ekan. Bir kuni Zunnun oʻzining bir uzugini unga berib, bozorga olib bor, bir dinorga garovga qoʻy, deydi. Lekin bozorda uzukni hech kim hatto bir dirhamga ham olmaydi. Shunda Zunnun unga, uni javharfurushga koʻrsat, deydi. U odam uzukni olib boradi. Shunda javharfurush oʻsha uzukni bir 1000 dinorga sotib olmoqchi boʻladi. Yigit qaytib kelib, uzugingni bir ming dinorga olmoqchi boʻldilar, deydi. Zunnun shunda unga, sening tariqat haqidagi fikring bozordagi odamlarga oʻxshaydi. Ular uzukni bir dirhamga ham olishni xohlashgani yoʻq. Tariqatning nima ekanini tushunish uchun sen oldin javharfurush boʻlishing kerak. Oʻsha gapdan keyin yigit tavba qilib, boshqa hech tariqat haqida yomon gap aytmagan ekan.
***
Bir marta safarga chiqqanimda bir ayolni koʻrdim, deydi Zunnun. Undan muhabbatning nihoyati nima deb soʻradim. U, muhabbatning hech nihoyasi, kinorasi yoʻq (yaʼni oxiri, chegarasi yoʻq), dedi. Nega deb soʻradim. Aytdiki, chunki Mahbubning, yaʼni sevadiganning hech nihoyasi yoʻq.
***
Tariqat yoʻliga bir qadam qoʻysang, sen albatta bir narsa topasan. Hali hech narsa topmagan boʻlsang, demak hali bu yoʻlga qadam bosganing yoʻq.
***
Hech qaysi odam bilan agar uning zohiriy koʻrinishi seni uning ichki koʻrinishiga (botiniga) yaqinlashtirmasa, bir joyda oʻtirma.
***
Dunyo nima? Seni Xudoning zikridan uzoqlashtirib, oʻziga mashgʻul qiladigan har qanday narsa dunyodir.
***
Junayd bir gʻulomni sotib olmoqchi boʻlibdi. Gʻulomdan, isming nima, deb soʻrabdi. Aytdiki, nimaiki desang. Aytdim, nima yeysan? Nimaiki bersang. Nima kiyasan? Nimaiki kiydirsang. Aytdimki, nima ish qilasan? Aytdiki har narsaki buyursang. Aytdim nima xohlaysan? Aytdiki, bandaning tilashga, orzu qilishga nima haqqi bor?! Junayd juda hayron qolib oʻziga-oʻzi, sen shuncha vaqt Allohning yoʻlida yuribsan, bir bora shu gʻulomday bandalik qilganmisan? Aytadiki, shunchalik yigʻladimki, aql-hushim boshimdan zoyeʼ boʻldi.
***
Bir shayx shogirdlari ichida bittasiga koʻproq eʼtibor berar ekan. Boshqa muridlari xafa boʻlib, nega shayximiz unday qiladi, deb gap qilibdi. Shunda shayx toʻqqizta shogirdining har biriga toʻqqizta tovuqni berib, hech kim koʻrmaydigan joyga olib borib, soʻyib yenglar, debdi. Sakkiztasi borib, tovuqni soʻyib yebdi. Faqat bittasi tovuqni soʻymay olib kelibdi. Shunda shayx, nega hamma tovugʻini soʻyib yedi, sen soʻymay tirik qaytarib kelding, deb soʻrabdi. Shunda u, hech kim koʻrmaydigan joyga borib ye, degan edingiz. Men qayergaki bormay, Haq taolo meni koʻrib turgan ekan. Men hech joy topolmay, qaytarib olib keldim, debdi.
***
Yana bitta shayx ham bitta muridini koʻproq yaxshi koʻrar ekan. Odamlar undan nega unday qilasan, deb soʻrabdi. Shunda u bitta tuya sotib olib muridlarini chaqiribdi. Keyin shogirdlaridan biriga: “Ana u tuyani koʻtarib tomga olib chiq”, debdi. U: “Qiziqmisiz, men qanaqa qilib tuyani koʻtaraman”, — debdi. Ikkinchisiga aytibdi, u ham shu gapni qilibdi. Uchinchisi ham, toʻrtinchisi ham, oʻninchisi ham tuyani koʻtarishga urinib ham koʻrmay, bu ish qoʻlidan kelmasligini aytibdi. Keyin haligi muridiga: “Bor ana u tuyani tomga koʻtarib oliq chiq”, — debdi. Muridi chopib borib, joni boricha haligi tuyani koʻtaraman, deb zahmat chekib yotgan ekan. Keyin shayx, boʻldi yetadi, debdi. Keyin aytibdi, koʻrdinglarmi deb, murid shayx yoʻliga shunday boʻlishi kerak. U olovga tashlagin desa olovga tashlashi kerak, suvga tashla desa — suvga. Itoat degani shunday boʻlishi kerak.
***
Sulton Mahmud bir vaziriga mana buning narxini aytchi, deb bitta javohirni koʻrsatadi. Bu juda qimmat javohir edi. Vaziri ham baland bir narxni aytadi. Shunda Mahmud, ol shuni sindir, deydi. “Men uni qanday sindiraman, juda qimmatbaho narsa uvol boʻladi”, deydi u. Sulton Mahmud amaldorlaridan nechtasiga bu javohirni beradi, hammasi uni qimmat narxga baholaydi. Lekin sindir deganda hech qaysisi unamaydi. Oxirida navbat Ayozga keladi. Sulton Mahmud javohirni Ayozga beradi. Soʻraydiki, narxi qancha? Ayoz ham falon narx, deb qimmat bir narxni aytadi. Urib sindir, deydi. Shunda Ayoz javohirni yerga urib, parcha-parcha qiladi. Vazirlar oh urib, muncha qimmat javohirni nega sindirding deb, yoqasini yirtadi. Shoh ham hayron qolib turgan edi. Ayoz, men uchun bu durdan koʻra podshohning dur soʻzi qimmatroq. Men qanday qilib, bir parcha toshni deb podshohning soʻzini yerda qoldiray, deb javob beradi u.
Ishq degani shu. Maʼshuq nimaiki buyursa siz qilasiz. Siz uchun qaysinisi qimmatroq: Rabbimizning Soʻzimi yo dunyoning boyligimi? Qaysi biriga qancha vaqt ajratyapsiz? Qaysi biri sizni oʻziga koʻproq jalb etgan?
***
Bir kuni shayxning uyiga kimdir kelib darvozani taqillatibdi. Shayx, kimsan deb soʻrabdi. U, oshnoman, deb javob beribdi. Shayx aytibdiki, agar oshno boʻlsang, Unga mashgʻul boʻlar eding, bizga parvo qilib, bizning eshigimizga kelmas eding.
***
(Hazil)
Bir odam bir umr xotin olmabdi. Undan, nega uylanmaysan, deb soʻrabdilar. U, men bilan hamisha bir shayton bor. Yana bitta shaytonni uyga olib kelib, ikkita shayton bilan men qanday yashayman, deb aytibdi. Shunday qilib butun umr boʻydoq oʻtibdi. Vafot etgandan keyin, bir necha odamlar uni bir kunda tushida koʻribdi. Tushlarida undan Alloh senga nimani nasib etdi, deb soʻrashibdi. U, xotin olgan odamlarning hammasiga Alloh mukofotlar berdi. Bu yerda xotin olmagan odamning, xotinning dardini chekmagan odamning hech qanday qadri yoʻq ekan, debdi.
***
Bir podshoh darveshlarga sadaqa bermoqchi boʻlibdi. Vazirlaridan biriga 1000 tillo berib, mana buni darveshlarga eltib ber, debdi. U butun shaharni aylanib pulni hech kimga bermay qaytib kelibdi. Nega pulni hech kimga bermading, deb soʻrasa, men butun shaharni aylandim. Kimki darvesh boʻlsa, pulimni olishni xohlamadi. Pulni olishni xohlagan odam esa darvesh emas, deb javob beribdi.
***
Shayx Ibrohim bin Adham eng boshida Balx shahrining shohi boʻlib, qirq nafar oltin qalqonli quli dabdaba bilan uning oldida borar, qirq nafari ortida yurar edi. Bir kecha u saroyida yotar ekan, tomning tepasidan dupurlagan ovoz eshitadi. “Nimadir bu?” deb tovush bergan edi, “Tuya qidiryapmiz” degan sado keldi. “Tuyani tomning ustida qidiradimi?” degan edi, javob keldiki, “Ey gʻofil, sen-chi, Allohni atlas koʻrpalar ichida qidiradilarmi?!” deb. Bu soʻzni eshitishi bilan uning joniga oʻt tushdi. Tongga qadar uxlay olmadi. Mutaassir boʻlib taxtiga oʻtirdi. Arkoni davlati va qullari kelib, qoʻl bogʻladilar, shu zamon haybatli bir zot eshikdan kirib kelib, taxtning yoniga bordi. Biror kishi bir ogʻiz soʻz soʻzlay olmadi. Tillari tutildi. Ibrohim: “Kimsan sen, nega kelding?” deydi. U: “Men karvonsaroyga keldim”, deydi. “Ket, bu qasr meniki, sen telbamisan? Bu – karvonsaroy emas” degan edi, u: “Sendan oldin kimniki edi?” dedi. “Otamniki”. “Undan oldin kimniki edi?” “Undan oldin bobomniki edi”. “Ular ne boʻldilar?” “Oʻldilar”, dedi Ibrohim. Bunga javoban: “Demak, mening aytganimdek bu saroy karvonsaroy emasmi, biri kelib, biri ketar?” dedi ul zot.
Ibrohim Adham oʻshandan soʻng tavba qilib, tariqat xirqasini kiygan ekanlar.
***
Moʻmin kishining nishoni bulardirkim, sukuti fikr boʻlar; qaragani ibrat boʻlur; yurgani toat boʻlar.
“Ne uchun duolarimiz qabul boʻlmas?” deb soʻradilar. “Haqni bilib, amrlarini tutmasangizlar, Kalomni oʻqib, amal qilmasangiz, jannatni bilganingiz holda soʻramasangiz, jahannamdan qoʻrqmasangiz, Uning hukmi bilan oʻlim bor deb, hozirlanmasangiz, ota-onangizni oʻz qoʻlingiz bilan qabrga qoʻygan holda, ibrat olmasangiz, bunday qabohatlar bilan duo qabul boʻlarmi?” deb javob berdi.
***
Oʻlimdan qoʻrqqanning koʻnglida shak bordir. Moʻʼmin kishi oʻlimdan qoʻrqmagay. Chunki, oʻlim Haq taologa yetishtirguvchi vositadurkim, moʻʼmin undan qochmasligi lozimdir. Lekin agar gunoh asirligidan qutqarilmagan boʻlsangiz, qoʻrqing, chunki adolat mezoni boʻyicha, gunoh qilayotgan har bir kishi gunohning quli va gunoh albatta jazolanishi shart. Agar gunoh jazolanmasa, adolat poymol boʻladi. Allohning goʻzal va muhim ismlaridan biri Odildur. Unda ne qilmoq kerak?! “Misr qullik uyini” tark eting. Sut va asal oʻlkasi sari haj safariga tushing, Parvardigorning soyabon buluti albatta sizni Oʻz himoyasiga olgay.
***
Bandani Xoliqiga yetishtiruvchi (vosita) sidq va xilvatdir.
To Alloh amrige muteʼ boʻlmagunicha banda banda boʻlmas. Shogird ham to ustozlariga muteʼ boʻlmagunicha ustoz boʻlmas.
Har kim qoʻrqsa Allohga qochsin. Kimki Allohga qochsa, najot topar.
***
Boyazid Bistomiyning vajdi holi ortdi. Soʻzlari avom qursogʻiga (qorniga) sigʻmaydigan boʻldi. Kufr gaplarni gapiradi, deb hisoblar edilar. Boyazidni yetti marta Bistom shahridan quvib chiqardilar.
Shayx der edi: “Nega meni haydaysizlar?” Aytishdi: “Sen yomon odamsan”. Shayx der edi: “Bu qandoq yaxshi shahardirki, “yomoni” mendirman…”.
***
Bir kuni Boyazidning qoʻlida chiroyli bir olma bor ekan. “Qandoq latif olma!” dedi. Hotifdan: “Yo Boyazid! Mening ismimni yemishga taqading”, degan ovoz eshitildi. Boyazid, toki sogʻ ekanman, Bistomning mevasini yemayman, deb ont ichdi.
(Tasavvufning hamma hikoyalarini soʻzma-soʻz tushunish toʻgʻri boʻlmaydi, lekin undagi hikmatni va uning oʻz hayotingizga qanday taalluqi borligini toping. Va eng muhimi amal qila oling.)
***
Bir kuni bir kishi kelib, atrofga qaranar edi. Boyazid: “Kimni qidiryapsan?” deb soʻradi. “Boyazidni qidiryapman”, dedi u odam. Shayx: “Men ham oʻttiz yildan beri Boyazidni qidiraman, topa olmayman”, dedilar.
***
Oʻttiz yil koʻnglimni istadim, topa olmadim. Chun sahar vaqti boʻldi, nido eshitdim: “Bizdan boshqa narsani nega izlaysan? Koʻngil bilan nima ish bitadiki, Bizni qoʻyib, koʻngil istaysan?”
***
Gunohdan tavba birdir, toatdan esa ming. Yaʼni, ujub (manmanlik) gunohdan badtardir. Xalqning tavbasi gunohdan, Boyazidning tavbasi “la ilaha illalla” dan boshqasini aytmoqdan.
***
Haq sevgisi nishoni uch narsa ila belgili boʻlur: saxovatda dengizga oʻxshar, shafqatda quyoshga, tavozuʼ va maskanatda tufroqqa oʻxshar. Har kim Haqni bildi, uning savolga ehtiyoji qolmadi. Har kim Haqni bilsa, orif soʻzini ham bilur.
***
Oʻziga qiymat berib, faqat oʻz toatini koʻrgan inson inson sanalmasa oʻrinlidir. Har kimning koʻnglida shahvat koʻp boʻlsa, lojaram uni laʼnat kafaniga oʻragaylaru nadomat tufrogʻiga dafn qilgaylar. Har kim shahvat nafsini oʻldirsa, lojaram uni rahmat kafaniga oʻrab, salomat tufrogʻiga dafn aylagaylar.
***
Dedi: Hayot — ilmda, rohat — maʼrifatda, zavq — zikrdadir.
***
Bir murid shayxini tushida koʻrdi va undan soʻradi: “Munkar va Nakirdan qanday oʻtdingiz?” Shayx dedi: “Munkar va Nakir mendan, Rabbing kim, deb soʻraganlarida, men, borib Allohdan soʻrang, Boyazid bandamdir, demagunicha mening ming karra “Rabbim Allohdir” deb aytmogʻimning foydasi yoʻq”, dedim. Ushbu rivoyat ham juda oʻrinli. Rab degani Ega, Xoʻjayin degani. Yaʼni, biz kimning xizmatidamiz, kimning yumushini bajaryapmiz? Sizning “Rabbingiz kim?” Kim uchun yashadingiz? Kimning rejasini amalga oshirish uchun oʻz hayotingizni tikdingiz? Hozirgi qilayotgan ishlaringiz Rabbingiz uchun qanday ahamiyatga ega?
***
Harom mol topmoq qiyomat hisobiga ishonmaslikdir, kimki qiyomat hisobiga (hisob-kitob boʻlishiga) ishonmasa, kofir boʻlur. Gunohim koʻp, deb Haq rahmatidan umid uzmoq oʻz gunohlarini Haq rahmatidan ham koʻproq deb bilmoqlik boʻlur. Bu ham kufrdir.
***
Shayx Abu Ali Shaqiq shunday degan edi: “Men Allohning yoʻlida toʻrtta narsa topdim: birinchi — rizqqa amin boʻlmoq; ikkinchi – Xudo uchun boʻlgan har ishda ixlosli boʻlmoq; uchinchi – shaytonga yov boʻlmoq; toʻrtinchi — oʻlimni yaqin bilib, tadorikli boʻlmoq”.
***
Shayxning Samarqanddagi vaʼzidan: “Ey qavm! Oʻlik boʻlsangiz — qabrga, telba boʻlsangiz — jinnixonaga, bola boʻlsangiz — maktabga boring! Ammo, agar qul boʻlsangiz, qullik shartlarini ado eting!”
***
“Tirikchiliging qanday?” deb soʻradi Shaqiq bir kuni Ibrohim Adhamdan. Ibrohim dedi: “Topsam shukr qilyapman, topmasam — sabr”. Shaqiq dediki, “Bizning Balx itlari ham shu sening qilganingni qilurlar”. “Siz nima qilursiz?” dedi Ibrohim. “Topsam ehson qilurman, topmasam – shukr”, dedi Shaqiq.
***
“Zuhd nedir?” deb soʻradilar. “Uch xildir: birinchisi — haromni tark etmoq, bu avom zuhdidir; ikkinchisi — halolning ham koʻpini tark etmoq, bu xoslarning zuhdidir; uchinchisi — Allohdan chalgʻitadigan hamma narsani tark etmoq, bu oriflarning zuhdidir.”
***
Uch belgi avliyolik nishonidur: Butun fikri-zikri Alloh boʻlsa; qilgan har bir ishini Alloh uchun qilsa; koʻnglining oroyishi va qarori (yaʼni toʻlishi) faqat Haq bilan boʻlsa.
Haqning bandalari ustidagi inoyat nishoni uldurki, amal eshigini ochib, foydasiz soʻz eshigini yopgay. Amalsiz jannatni istamoq vaboldir. Alloh amriga itoat etmay, rahmat istamoq jaholatdir.
***
Bir kuni Maʼruf yaxshi taomlar yer edi. “Bu xush taomni nechun yeysan?” dedilar. “Men qoʻnoqman, qoʻnoqqa ne bersalar, oʻshani yeydi”, dedi.
***
Munofiqlarning nishoni uldurki, dunyoga hirs bilan yopishgaylar, manʼ va nahyda shak etgaylar, sadaqani riyo bilan bergaylar. Moʻʼminning nishoni esa uldurki, neki bersa, Haq uchun bergay, barcha ishlarini Haq uchun qilgay.
***
Gʻoziylik uch xildir: kuffor bilan, shayton bilan va nafs bilan jang qilmoqlikdirki, oʻlgunicha yoki oʻldirgunicha davom etar.
***
Faqat besh holatda shoshilish kerak. Boshqa paytlarda shoshilish shaytondandir.
***
Haq taolo bandalariga uch nido qilgʻay:
1. “Ey bandam! Insofga kelmasmisan? Men seni eslagayman, sen Meni eslamasmisan?”
2. “Ey bandam! Men seni dargohimga chorlagayman. Sen Meni qoʻyib, boshqalarning dargohiga qochyapsan!”
3. “Ey bandam! Men seni balolardan qutqargayman, sen borib oʻzingni balolarga urgaysan”.
***
Har kim oʻtgan gunohlarini eslab, yigʻlasa, sidq ila shahvatdan qoʻlini tortsa, Hazrati Haq taolo uning koʻnglidan shahvat vasvasasini ketkazur.
***
Orifning koʻngli ochilgach, gʻaflat koʻzi yumilur.
***
Moʻmin uldurki, zikr uning gʻizosi (ovqati), rohati va ulfati boʻlur.
***
Goʻzal joylarga magʻrur boʻlma, jannatdan ham goʻzalroq joy yoʻq ediki, Odam bilan Havvo isyonni oʻsha yerda qildilar. Amal koʻpligiga magʻrur boʻlma, Iblisnikidan ortiq amaling boʻla olmas, u esa malʼun boʻldi. Ilm koʻpligiga magʻrur boʻlma, Balʼam bin Bourning ilmidan ortiq boʻlmagayki, u soʻng nafasda dunyodan imonsiz ketdi.
***
Nasihat: agar boy boʻlsang, kambagʻallarga tavozeʼ qil. Agar kambagʻal boʻlsang, boylarga xushomad qilma.
***
Subhanalloh! Bandalar gunoh ishlardan uyalmaslar, Alloh taolo koʻrib uyalar! Ne chogʻli karim va rahim boʻlmish Alloh taolo buyurar: “Ey bandam! Sening qoʻrquvsiz qilgan toatingdan koʻra, qoʻrquvda qilgan gunohingni sevarman!”
***
Allohni doʻst tutgan zot nafsiga dushman boʻlur.
***
Ahmoq ul kishidirki, doʻzaxiy ish-amallari bilan jannatni istar.
***
Taajjub qilurman ul kishigakim, kasallik qoʻrquvi bilan yemoqlikdan parhez qilar-u, doʻzax qoʻrquvi bilan gunohlardan parhez qilmas.
***
Tavakkuli chala boʻlgan kimsaning dini (imoni) chaladir.
***
Favt boʻlmoq oʻlimdan yomonroqdir. Oʻlim — xalqdan uzilmoq, favt esa — Haqdan.
***
Vaqteki, ajali yetki, “Bori Xudovand-o! Sening xalqingga qoʻlimdan kelgancha soʻz bilan, oʻz nafsimga esa feʼl bilan nasihat qildim. Xalqingning nasihatini mening nafsimning gunohiga kafforat qil (bagʻishla)”, dedi va jon berdi. (Shayx Yusuf bin Husayn Roziy)
***
Erning musulmonligi, koʻrkamligi uldurkim, foydasiz narsalarni soʻzlamagay.
***
Darveshlik Haq huzurida oʻzini ojizu bechora deb bilib, Uning amriga mute boʻlmoqdir.
***
Valiy oʻz nafsidin xaloslik istagan kishidir.
***
Baxil qoʻlidan kelgan yaxshilikni vaqtida qilmagan, koʻrbaxil esa oʻzi yaxshilik qilmagani holda boshqaning ham birovga yaxshilik qilmogʻini istamagan kimsadir.
***
Joʻmard esa bir musulmon birodarining dunyo va oxiratdagi nasibini va yaxshiligini oʻzinikidan ustunroq qoʻygan zotdir.
***
Koʻnglining mutavozeʼ boʻlmogʻini istagan kishi solihlar suhbatida boʻlgay.
***
Tanlarning ravshanligi xizmat bilan, jonlarning ravshanligi istiqomat bilandir.
***
Taqvo — mahzi jalol, tasavvuf butkul adabdir.
***
Joʻnayd hazratlari yozadi: “Bizning uygʻoqligimiz Haq taolo yoʻlidagi muomalamizdir. Uyqumiz ham bizning qoʻlimizda emas, Haq taolo ixtiyoridadir. Ixtiyorimiz boʻlmay turib, bizga Haqdan kelgan har narsa avloroqdir. Uyqu Haq doʻstlariga Haqdan atodir. Nechukkim, paygʻambarimiz (s.a.v) marhamat etar: “Olimlarning uyqusi johillarning ibodatidan afzaldir”.
***
Muridga murshid kerak, yoʻqsa unga shayton murshid boʻlgʻay, degan ekan Joʻnayd hazratlari.
***
Banda bilan Alloh oʻrtasida toʻrt dengiz bor; ulardan oʻtmaguncha Allohga yetishib boʻlmas. Biri — dunyo, uning kemasi zuhd; ikkinchisi xalq, kemasi uzlat; uchinchisi — iblis, kemasi bilim va himoya, toʻrtinchisi — nafs, uning kemasi raddiya.
***
Oqil uldurkim, yolgʻizlikni sevar. Sodiq uldurkim, oʻziga ziyon yetadigan joyda ham toʻgʻri soʻzlagay.
***
Joʻnayd hazratlari oʻlganida Xudo unga: “Yo Joʻnayd! Jannatga kirgaymisan?” deb marhamat etdi. “Sultonim! Men Seni zoʻrgʻa topdim! Meni huzuringga qoʻygil, hayron boqib turayin!” dedi. Haq taolo: “Yo Joʻnayd! Men Senikiman, sen Menikisan! Shu onga qadar sen Mening aytganimni tutding, bundan soʻng Men ham sening aytganingni tutgaymen!” deb marhamat etdi.
***
Tushimda ikkita farishta samodan tushdi va mendan: “Sidq nima?” deb soʻradilar. “Ahdga vafodir”, dedim men. Ikkisi ham: “Rost aytding”, dedi va osmonga ketdi.
***
Shibliy hazratlari derki, “Bir kuni Nuriy hazratlarining xilvatiga bordim, muroqaba qilib oʻltirganini koʻrdim. “Bu muroqabani kimdan oʻrganding?” “Mushukdan oʻrgandim. Koʻrdimki, mushuk sichqonni poylab, nechogʻ hozir turar… Allohini istagan kishi shundoq poylab, kuzatmogʻi kerak emasmi?”
***
Alloh xulqlari bilan xulqlaningiz. (Oyati karimadan)
***
Naqldirki, Usmon Xayriy hazratlari gʻoyat mutavoziʼ, salimi nafs, va sabr-chidamli sulton edi.
Bir kuni bir munkir uni taklif etib, uyiga olib bordi. Eshigiga yetgach, aytdi: “Tomogʻing uchun bir itdek menga ergashib kelding. Uyda hech vaqo yoʻq”, dedi. Bir qancha qadam bosib, ketdi.
Bir necha kundan keyin oʻsha munkir uni yana chaqirdi. “Yur, uyda ovqat bor ekan”, dedi. Usmon yana keldi. Bu gal yana: “Itni haydasa ketadi, illo sen ketmaysan, uyimda ovqat yoʻq”, dedi. Ketdi. Soʻng yana chaqirdi. Usmon yana qaytib keldi. Aytishlaricha oʻsha munkir uni 30 marta chaqirib, 30 marta haydadi. Hazrat yana injimadi va koʻngli malul boʻlmadi. Oʻttiz birinchi marta munkir uning sabr va tavozeʼsini, halim va salimligini koʻrib aytdi: “Sultonim, gustohlik qildim. Seni necha taklif etib, haydadim, hech oʻzgarmading, ulugʻligingni bildim!” deb shayxning oyogʻiga yiqildi. Uzr tiladi va yigʻladi. Hazrati shayx: “Aldanding, — dedilar. — Mening bu qilganimni bir it ham qilgay, eranlar esa yanada ortiq boʻlgaylar”, dedi. Munkir ham uning qoʻlini tutib tavba qildi va muridi boʻldi.
***
Bir kishi shayx hazratlariga: “Ne dersan ul kishigaki, odamlar qarshisida qoʻl bogʻlab tursalar, koʻngli chogʻ boʻlar, turmasalar, noxush boʻlar?” deb soʻradi. “U kishida Firʼavn va Namrud sifati bor ekan”, dedi hazrati Usmon.
***
Yer yuzida aziz narsa uchtadir: omil olim (amal qiluvchi olim), tamaʼsi boʻlmagan murid, Haq sifatli soʻfi.
***
Tavozuʼ asli uchtadir: ojizligini, muhtojligini, gunohlarini bilmoq.
***
Allohdan yiroq boʻlishning uchta sababi bor: birinchisi, dunyoga tamaʼ qilmoq. Ikkinchisi, xalqning izzat-ikromi bilan maqtanmoq. Uchinchisi, nafsiga ergashmoq.
***
Ixlos uldirki, unda hech nafsning lazzati boʻlmagay, sidqi niyatdir, namoq va sadaqada xalqning koʻrishidan saqlanadi.
***
Ixlos — oʻqigan namozing va qilgan toatlaring uchun ikki jahonda ham evazini istamasligingdir.
***
Botin — Haq nazargohidir. Haq nazargohi poklikkagina loyiqdir.
***
Har kimning koʻnglida oxirat andishasi boʻlmasa, shubhasiz, shayton uni to oʻlgunicha dunyo andishalari bilan mashgʻul etar.
***
Haqqa yaqinlik tavfiq biladir. U esa bandaning jahdi biladir.
***
Hazrati Ibrohim Roqqoning soʻzlari: “Alloh taolo hazratining qudratlari oshkoradir, odamlarning koʻzlari ham ochiqdir. Illo, gʻaflat koʻrmoqqa qoʻymas”.
***
Odamlarning zaif jihati uldirki, shahvat undan kuchli boʻlgay, nafsining qoʻlida ojiz qolgay, soʻng uni “nafs eshagi” degaylar.
***
Soʻradilar: “Tavozuʼning va xoksorlikning asli nimadir?” “Tong chogʻi uyingdan tashqariga chiqqaysan. Kimni uchratsang, uni oʻzingdan yaxshiroq deb bilgaysan”.
Tavozuʼning haddi uldurki, har kim senga haq gapni soʻzlasa, qabul etgaysan, sendan past boʻlsa ham, uni oʻzingdan ulugʻ deb bilgaysan va yelimdan yumshoq boʻlgaysan, tuya kabi boʻysungaysan. Har kim seni soʻksa, uni maqtov oʻrnida koʻrgaysan va har ishda Allohga ruju aylagaysan.
***
Orif uldurki, fazilatini Haqdan, aybini nafsidan koʻrgay.
***
Sidq nishoni toʻrttadir: birinchisi — soʻzlashdan avval soʻzini oʻlchamoq; ikkinchisi — ayb narsalardan yiroq boʻlmoq va keyin ulardan uyalib, uzr tilamoq; uchinchisi — tilini, koʻzini va qulogʻini tiymoq; toʻrtinchisi — oʻz holini kuzatmoq va uni gʻanimat deb bilmoqdir.
***
Shayx Nahrjuriyning soʻzlari: “Dunyo tubsiz dengizdir. Uning qirgʻogʻi oxiratdir. Er uldurkim, bu dengizni taqvo kemasi bilan suzib kechgay!”
***
Har kimki, toʻqligi taom bilandir, hamisha ochdir. Har kimning boyligi mol bilan boʻlsa, hamisha kambagʻaldir. Har kimning boyligi qanoat bilan boʻlsa, yordamni doim xalqdan istasa, hamisha mahrumdir, mahzuldir.
***
Tamaʼga: “Otang kimdir?” desalar, aytar ekanki, “Otam taqdir qilingan rizqqa shak keltirmoqlikdir”, debdi.
***
Hazrati Abu Bakr Termiziy vafot etdi. Bir ulugʻ kishi uni tushida koʻrdi. Rangi sargʻaygan, qaygʻuga botgan holda zorlanib yigʻlar edi. Undan soʻradi: “Ey Shayx! Bu ne holdirki, bundoq gʻamgin boʻlding?” “Nega gʻamgin boʻlmayin, qabristonga, mening yonimga oʻnta janoza (oʻlik) keltirdilar, ichida bir musulmon yoʻq”, dedi.
***
Adab — istamoq va qidirmoq bilandir. Jannat ham shunday.
***
Shayx Xayr Nassoj bir kuni bir zolimga uchradi. “Sen xuddi ishingdan qochayotgan qulga oʻxshaysan”, dedi zolim. “Rost aytding, men qulman”, dedi shayx. Zolim: “Men seni ushlab, egangga olib borib topshiraman”, dedi. Xayr aytdi: “Mening ham orzum shuldirki, bir kishi meni tutsayu Egamga topshirsa”. Zolim: “Sen mening qulimsan”, dedi-da, uyiga olib bordi. Ish buyurdi. Uning ishini bajardi. Unga toʻquvchilikni oʻrgatdi. Chaqirgani zamon Xayr unga: “Labbayk, nima buyurasiz?” der edi. U odam uning eʼtiqodini koʻrib, pushaymon boʻldi. “Bu Alloh valiysi ekan. Haqiqiy qulim boʻlsa edi, bundoq qilmasdi”, deb rozi qilib joʻnatdi.
***
Musulmonlik toʻrtta narsa bilan kishidan yiroq boʻlur: birinchi — bilgay-u lekin amal qilmagay; ikkinchi — amal qilgay-u lekin bilmagay; uchinchi — bilmagay va lekin soʻrab oʻrganmagay; toʻrtinchi — odamlarni oʻrganmoqdan chalgʻitgay.
***
Ahmadi Masruq deydi: “Har kim Allohdan boshqa narsa bilan shod boʻlsa, tezda uning shodligi qaygʻuga almashadi”.
***
Botil ishlarga boqmoq koʻngildan Haq maʼrifatini ketkazur.
***
Zohid uldurki, hojatini Allohdan istagay.
***
Rizo — bandalik saroyidir. Sabr esa uning eshigidir.
***
Har kim qulogʻini nafs soʻzlarini eshitmoqqa tutsa, shahvat zindoni ichra xasta boʻlgʻay!
***
Husayn Mansur Xalloj haqida:
Bir qanchalar uni joduga nisbat berdilar. Endi men ajablanurman ul kishigakim, bir daraxtdan “Anal-haq” chiqsa, ravo tutar (mumkin der), holbuki u yerda gapirayotgan daraxt emas, balki Haqning Oʻzi bu gapni aytgan. Husayn Mansur Xallojning vujud daraxtidan “Anal-Haq” chiqsa ravo tutmaslar, holbuki gapirayotgan Husayn emas. Nechukkim, hazrati paygʻambar (s.a.v.) marhamat etarki, “Haq taolo Umar tili bilan soʻz soʻzlar”… .
***
Bir kuni Abdulvohid Zayd qoshida bir necha ulugʻlar oʻtirishar edilar. Dedilar: “Ajabo! Bu yerda xalq bilan emas, Alloh bilan mashgʻul bir kishi bormi?” Abdulvohid Zayd: “Sabr qilingiz, hozir ul kishi kelgay”, dedi. Bir soatdan keyin Utbat ul-Gʻulom kelib qoldi. Soʻradilar: “Qayerdan kelding?” “Bozordan”. “Kimni koʻrding?” “Hech kimni koʻrmadim”, dedi.
***
Bir kuni Robiaʼ bir kishini koʻrdi. “Voy, qaygʻudan!..” deb shikoyat qilar edi. Robiaʼ: “Bundoq dema, “Voy qaygʻusizlikdan!” degil…” dedi.
***
Robiaʼ bir kuni bir odamning boshiga durra bogʻlab olganini koʻrdi: “Nechun bogʻlading?” “Boshim ogʻriydir”. “Necha yoshdasan?” “Oʻttiz yoshdaman”. “Oʻttiz yildirki, sogʻliqda boshingga hech shukr durrasini bogʻlamadingmi? Bir kun kasal boʻlganingga boshingga shikoyat durrasini bogʻlab olibsan!”
***
Bir kun Malik bin Dinor degan odam Robiaʼning oldiga keldi. Koʻrdiki, bir eski boʻyrani toʻshagan, gʻisht yostiq qilingan, bir siniq idishdan tahorat olayotir. Unga ichi kuydi. Dediki: “Mening bilganim boylar bor. Agar xohlasang, borib senga koʻrpa-toʻshak keltirayin”, dedi. “Yo Malik, Yaratgan mening holimni bilgaymi, bilmagaymi?” “Bilgay”. “Endi Ul neni istasa, biz ham oʻshani istarmiz”, dedi.
***
Agar men doʻzaxdan qoʻrqib Senga topinsam, meni doʻzaxga tashla! Agar jannat umidi bilan topinsam, jannatni menga harom qil!.. Agar Sening Oʻzing uchungina topinsam, menga diydoringni nasib ayla!…
***
Ahmoq kishi bilan holva yegandan koʻra, aqlli kishi bilan kaltaklashgan yaxshiroq.
***
Gunoh odamning koʻnglini oʻldirur, ibodat esa tiriltirur. (Hazrati Shayx Hasan)
So’nggi izohlar