Bir-birlaringiz bilan salomlashib yuringlar. Shunda oʻrtanglarda mehr-muhabbat uygʻonadi.
Tavba qilish haqida
1. Savol: Men bir gunoh qildim. Keyin tavba qildim, lekin yomonlikni xohlovchi nafsim mendan gʻolib kelib yana oʻsha gunohni qilib qoʻydim. Avvalgi qilgan tavbam behuda ketadimi? Keyingi gunohim boʻynimga yuklanganidek avvalgisi ham hech oʻzgarishsiz gunoh boʻlib yoziladimi?
Javob: Koʻpchilik olimlar fikriga koʻra qabul boʻladigan tavba shartlaridan biri kishi qaytib oʻsha gunohni qilmasligidir. Shu bilan birga kishi gunoh amaldan shu vaqtning oʻzida tiyilishi va qilgan ishidan qattiq pushaymon boʻlishi hamda uni qaytib qilmaslikka qatʼiy qaror qilishi kerak. Agar u oʻsha gunohni yana qilib qoʻysa, yangi gunoh qilgan hisoblanadi. U yana tavba qilishi kerak. Avvalgi tavbasi ham yaroqli hisoblanadi.
2. Savol: Bir gunoh uchun qilgan tavbam boshqa bir gunohga qoʻl urishim bilan botil boʻlib ketadimi?
Javob: Agar qilayotgan gunoh amalingiz siz tavba qilgan gunoh amalga taalluqli yoki oʻsha gunoh boʻlmasa, tavbangiz oʻz kuchida qoladi. Misol uchun, agar kishi yegan ribosi uchun tavba qilib, mast qiluvchi ichimliklarni ichayotgan boʻlsa ham – yoki buning teskarisi – , uning tavbasi yaroqlidir. Agar u foizga qarz bergani uchun tavba qilib, nasiya yoʻli bilan ribo yeyayotgan boʻlsa, uning tavbasi botil. Xuddi shunga oʻxshash, agar kishi narkotik moddalar isteʼmol qilgani uchun tavba qilib, mast qiluvchi ichimliklar ichayotgan boʻlsa –– yoki buning teskarisi — yoki bir ayol bilan zino qilgani uchun tavba qilib boshqa bir ayol bilan yana zino qilayotgan boʻlsa, uning tavbasi qabul emas.
3. Savol: Allohning namoz farzlarini ado qilishda kamchilikka yoʻl qoʻydim. Hozir nima qilishim kerak?
Javob: Sahih fatvoga koʻra, kishi oʻtmishda namozlarini toʻliq qilmagan boʻlsa, keyin uning oʻrnini toʻldirib qoʻyishi shart emas. Chunki oʻsha narsaning vaqti oʻtib ketdi va oʻrniga keltirish uchun hech narsa qilolmaydi. Ammo buning jarimasini Allohga xolis tavba qilish, magʻfirat soʻrash va qodir boʻlganicha koʻprok nafl namozlar oʻqish bilan toʻlaydi. Shoyad Alloh kechirsa.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz namoz va roʻzaning kamchiliklarini toʻldirishda farq bor. Baʼzi olimlar agar kishi biror uzrsiz roʻzasini tutmagan boʻlsa, keyinchalik uni toʻldirib bera olmaydi, deyishgan.
Agar zakot bermagan boʻlsa, tavba qilganidan keyin oʻsha zakotni berishi kerak. Chunki zakotda Allohning va miskinlarning haqqi bor.
4. Savol: Agar kishi birovning haqqiga tajovuz qilgan boʻlsa, qanday tavba qilishi kerak?
Javob: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar:
“Kim agar birodariga — obroʻsi yoki moliga — zulm qilgan boʻlsa, (Qiyomat) Kunida uni ushlamasidan oldin bugun toʻgʻirlasin. U Kunda kishiga dinor yoki dirham foyda bermaydi. Uning hisobida yaxshi amali boʻlsa, qilgan zulmi uchun birodarining hisobiga oʻtkaziladi. Agar yaxshi amali yoʻq boʻlsa, mazlumning yomon amallari buning hisobiga oʻtkaziladi”.
Bunday zulm-tajovuz uchun tavba qilayotgan kishi yetkazgan talofatini toʻlashi yoki birodarlaridan kechirim soʻrashi kerak. Agar ular kechirishsa, hammasi joyida. Kechirishmasa, toʻlashi kerak.
5. Savol: Men bir necha kishini gʻiybat qilganman va baʼzi birovlarni nohaq haqorat qilganman. Ular haqida nimalar deganimni ularga aytishim va kechirim soʻrashim shartmi? Qanday tavba qilishim kerak?
Javob: Agar qilgan gʻiybatingiz yoki haqoratlaringiz ularga qattiq botmaydigan va sizni yomon koʻrib kolishlariga sabab boʻlmaydigan boʻlsa, umumiy suratda aytib ulardan kechirim soʻrashingiz kerak. Har bir soʻzingizni birma-bir aytmasdan umumiy qilib: “Avvallari men sizga zulm qilgan edim” yoki “Siz toʻgʻringizda boʻlmagan gaplarni gapirgan edim. Hozir Allohga tavba qildim. Iltimos, meni kechiring” shaklida aytishingiz mumkin. Mana shunisi yaxshiroq.
Agar ular dargʻazab boʻlib sizga nisbatan nafrat his qilib yoki umumiy aytishingizga qonikmasdan batafsil aytishingizni talab qilsa va bu biror yomonlikka sabab boʻlishini bilsangiz, ularga bu haqda gapirmasangiz ham boʻladi. Chunki islom yomonlikning koʻpayishini xohlamaydi. Biror narsadan xursand boʻlib turgan yoki dam olayotgan kishining oldiga borib qilgan ishlaringizni aytishingiz uning xursandchiligini yoʻqotib, gʻazabini qoʻzgʻaydigan boʻlsa, bu birodarlarni bir-birlariga chiroyli munosabatda boʻlishga buyuruvchi islom maqsadlariga toʻgʻri kelmaydi. Gʻiybat qilganini aytish unga nisbatan nafratni uygʻotadigan boʻlsa, Allohga quyidagi shaklda tavba qilinadi:
– Gunohi uchun qattiq pushaymon boʻlishi va Allohdan magʻfirat soʻrashi kerak. Qilgan gunohining yomonligi hakida oʻylashi va uning harom ekanligiga ishonishi kerak.
– Allohdan kechirim soʻrayotganda kimni gʻiybat yoki haqorat qilgan boʻlsa, oʻshalarning ismlarini oshkora aytishi shart.
– Haqorat yoki gʻiybat qilgan kishisini oʻzidan yuqori qoʻyishini va ularning yaxshi sifatlarini aytishi kerak.
– Avval oʻzi yomonlagan kishini endi birov yomonlamoqchi boʻlsa, uni himoya qilishi kerak.
– Uning haqqiga gʻoyibona duolar qilishi kerak.
Kishiga moliyaviy va jismoniy zarar yetkazish bilan uni gʻiybat va haqorat kilish oʻrtasida fark bor. Avvalgisida yetkazgan zararlarni qoplab mazlumni foydalantirish mumkin. Shuning uchun buni yashirib yurishga ruxsat berilmaydi. Ikkinchisida esa kishining obroʻsiga aloqador boʻlgani uchun buni oshkora aytish kishini yana ham xafa qiladi va tashvish keltiradi.
6. Savol: Qotil qanday tavba qilishi kerak?
Javob: Qotil uch kishining haqqiga tajovuz qilgan hisoblanadi: Allohning, qurbonning va qurbon boʻlgan kishining merosxoʻrlarining.
Allohning haqlarini oʻz oʻrniga qoʻyish uchun tavba qilinadi.
Merosxoʻrlarning haqqini oʻz oʻrniga keltirish uchun u oʻzini merosxoʻrlarning ixtiyoriga topshirishi kerak. Shunda ular oʻz haqlarini uch xil yoʻl bilan olishlari mumkin: qasos, xun puli yoki kechirib yuborish.
Qurbonning haqqini esa bu dunyoda toʻlay olmaydi. Bu xususda olimlar agar qotilning tavbasi xolis boʻlsa, Alloh uni qurbonga toʻlashi kerak boʻlgan haqdan ozod qiladi va qayta Tirilish Kunida Allohning Oʻzi qurbon boʻlgan kishining haqqini oʻtaydi, deyishgan.
(Shu oʻrinda aytish kerakki, abort qilish ham qotillik hisoblanadi va abort qilishga yoʻl bergan, ishtirok etgan odamlar bu qotillikdan tavba qilishlari lozim.)
7. Savol: Oʻgʻri qanday tavba qiladi?
Javob: Agar oʻgʻirlagan narsalari hali ham oʻzida turgan boʻlsa, egasiga qaytarib beradi. Oʻgʻirlagan narsalari yoʻq boʻlib ketgan yoki kiyish, foydalanish, vaqt oʻtishi bilan eskirgan yoki qiymati tushib ketgan boʻlsa, egasi rozi boʻladigan qiymatni toʻlaydi.
8. Savol: Narsalarini oʻgʻirlagan kishilarning oldiga borib iqror boʻlolmayman yoki kechirim soʻray olmayman. Nima qilishim kerak?
Javob: Ular bilan yuzma-yuz kelishdan uyalayotgan boʻlsangiz, bunda gunoh yoʻq. Ularning narsalarini ismingizni aytmaslik sharti bilan uchinchi bir kishi orqali, pochta orqali yoki ular topishi mumkin boʻlgan joyga yashirincha qoʻyib ketishingiz yoxud “Bir kishi sizlardan mana buni olgan ekan”, deb qaytarib berishingiz mumkin. Bu yerdagi asosiy maqsad ismlarni aytish emas, oʻgʻirlangan narsalarni oʻz egalariga qaytarishdir.
9. Savol: Otamning choʻntagidagi narsalarni yashirincha oʻgʻirlar edim. Hozir tavba qildim, lekin aniq qancha oʻgʻirlaganimni bilmayman va oʻziga aytishdan ham uyalaman.
Javob: Oʻzingiz yaxshilab oʻylab taxmin qiling va oʻsha taxminingizning eng baland miqdorini oling. Keyin yashirincha joyiga qoʻyib qoʻyishingiz mumkin.
10. Savol: Birovlarning pulini oʻgʻirlagan edim. Hozir tavba qildim, lekin ularning qayerda yashashini bilmayman.
Javob: Imkoningiz boricha ularni izlang. Topsangiz olgan narsangizni qaytarib bering. Agar u vafot etib ketgan boʻlsa, merosxoʻrlariga qaytarib bering. Topolmasangiz, agar u kofir boʻlsa ham, oʻsha miqdorcha pulni uning nomidan sadaqa qilib yuboring.
Bu holatni Ibnul Qoyyim oʻzining “Al-Madorij” nomli kitobida tilga olib oʻtgan:
“Bir kishi jang vaqtida musulmon lashkarlardan birining tushib qolgan narsasini oʻgʻirladi. Bir qancha vaqtdan keyin tavba qildi. Oʻgʻirlagan narsasini olib qoʻmondon huzuriga bordi. Amir: “Javob berib yuborilgan askarlarning qayerdaligini bilmasam, qanday qilib ularga olib beraman?” deb javob berdi. Soʻng u kishi Hajjoj bin Saʼirning oldiga bordi. Hajjoj unga shunday hukm qildi: “Alloh lashkarni, ularning ismlarini va ularning otalarining ham ismlarini biladi. Shunday ekan oʻgʻirlagan narsaning yarmini taqvoli (yaʼni islom rivoji uchun ishlatadigan kishi, baytulmol yoki islom davlatining xazinasi) ga bergin. Yarmini esa uning nomidan sadaqa qilib yubor. Ularga yetib borishiga Alloh kafildir”. Haligi kishi Hajjoj aytganidek qildi. U bu haqda Muoviya raziyallohu anhuga aytganida u shunday dedi: “Agar bu fatvoni beruvchi men boʻlganimda edi, u menga fatvo bergan narsamning yarmidan koʻra qadrlirok boʻlar edi”.
11. Savol: Yetimlarning haqqi boʻlgan maʼlum bir boylikni oʻzlashtirib olib, savdo kilish uchun aylantirishga qoʻygan edim. Bir necha barobar koʻp foyda qildim. Hozir Allohdan qoʻrqaman. Qanday tavba qilishim kerak?
Javob: Bu masalada olimlar turlicha fikr bildirishgan. Ularing eng moʻʼtadili quyidagicha: Yetimlarga oʻzlashtirilgan miqdorning hammasi va foydaning yarmi qaytariladi. Sizlar sherik sifatida tijorat qilgan boʻlasizlar. Shuning uchun dastmoya va foydaning yarmi ularga qaytarilishi kerak.
Bu imom Ahmad ibn Hanbaldan rivoyat qilingan.
Tuya yoki qoʻy oʻgʻirlagan kishi uchun ham shu hukm amal qiladi. Agar ular koʻpayib ketgan boʻlsa, oʻgʻirlangan tuya yoki qoʻyni hamda qancha tugʻilib koʻpaygan boʻlsa, shuning yarmini qaytarib beradi. Agar oʻgʻirlagani oʻlib ketgan boʻlsa, uning qiymatini toʻlaydi va koʻpaygan qismning yarmini qaytarib beradi.
12. Savol: Bir kishi aeroportda yuk saqlanadigan joyda ishlardi. U yerdan bir diktafon oʻgʻirlabdi. Bir yildan soʻng tavba qilgan. Oʻsha diktafonning oʻzini, uning qiymatini beradimi yoki xuddi shunday yangi diktafon olib beradimi? Agar xuddi shunday diktafonni bozordan topa olmasachi?
Javob: U oʻgʻirlagan narsasini qaytaradi va shu paytgacha qanchalik qiymat yoʻqotgan boʻlsa, shuncha qismini pul bilan toʻlaydi. Bu ikkala tomonga ham zarar yetkazmaydigan darajada boʻlishi kerak. Agar buning imkoni boʻlmasa, oʻgʻirlangan narsaning qiymaticha pulni zarar koʻrgan kishi nomidan sadaqa qiladi.
13. Savol: Ribodan (sudxoʻrlikdan) topgan pulim bor edi. Uni sarflab yuborganman. Hozir tavba qilmoqchiman. Nima qilay?
Javob: Qilgan bu ishingiz uchun Allohga chin tavba qiling. Ribo jiddiy masaladir. Alloh subhanahu va taʼolo Qurʼonda ribo yeyuvchilardan boshqa biror gunoh sohibiga urush eʼlon qilmagan. Agar ribodan topilgan pullarning hammasi sarflangan boʻlsa, biror narsa qilishga majbur emassiz.
14. Savol: Yarmi halol va yarmi haromdan topilgan pulga bir mashina sotib olgan edim. Hali ham mashinam turibdi. Nima qilishim kerak?
Javob: Agar kishi maʼlum bir qismi halol, maʼlum bir qismi harom boʻlgan pulga qismlarga ajratib boʻlmaydigan biror narsa sotib olsa, shu mol uchun qancha harom pul sarflanganini hisoblab chiqishi kerak va oʻsha miqdor pulni egalik qilib turgan molini poklash uchun sadaqa qilib yuborishi kerak. Agar harom boʻlgan qismi boshqa bir kishining haqqi boʻlsa, oʻz egasiga qaytarib berishi kerak.
15. Savol: Sigaret sotib topilgan pul halol yoʻl bilan topilgan pullar bilan aralashib ketgan yoki saqlab qoʻyilgan boʻlsa, nima qiladi?
Javob: Sigaret, nosvoy va aroq kabi harom narsalar bilan savdo qiladigan kimsa tegishli hukmdan xabar topganidan keyin tavba qilsa, koʻrgan foydasini solih-yaxshi ishlar uchun sarflab yuborishi kerak.
16. Savol: Bir kishi pora olgan edi. Keyin Alloh uni toʻgʻri yoʻlga boshladi. Olgan porasini nima qiladi?
Javob: Bu masalada quyidagilarga amal qilish kerak:
Agar porani zulm koʻrgan kishidan olgan boʻlsa, yaʼni pora bermasa oʻzining xakligini isbotlay olmaydigan kishi pora bergan boʻlsa, pora oluvchi tavba qilib, olgan porasini egasiga qaytarib beradi. Chunki bu majburlab olingan.
Agar jinoyatchi-gunohkor aybini yopish uchun pora bergan boʻlsa, uning porasi qaytarib berilmaydi. Balki, yaxshi ishlar uchun sarflanadi. Masalan birorta miskinga berilishi mumkin. Pora olgan kishi oʻz xaqligini isbotlamoqchi boʻlgan kishidan pora olish uchun unga qarshi chiqib yetkazgan zarari va keraksiz joyga sarflagani uchun ham tavba qilishi kerak.
17. Savol: Men harom ishlarim uchun pul olardim. Hozir tavba qildim. Olgan pullarimni qaytarishim shartmi?
Javob: Harom ishlari uchun haq olgan kishilar tavba qilishsa va olgan pullari turgan boʻlsa, uni egalariga qaytarib bermasdan boshqa joylarga sarflashi kerak.
Fohishalik qilib pul topgan ayol tavba qilganidan keyin topgan pullarini jazmanlariga qaytarib bermaydi. Mast qiluvchi ichimliklar yoki narkotik moddalar sotib pul topgan kishi tavba qilganidan keyin pullarni mijozlariga qaytarib bermaydi. Yolgʻon guvohlik beruvchi tavba qilganidan keyin harom xizmati uchun olgan pulini egasiga qaytarib bermaydi va hakaza. Chunki pul gunohkor-osiy egasiga qaytariladigan boʻlsa, u ikki barobar foyda koʻrgan boʻladi, yaʼni ham gunoh qilib, ham pulini saqlab qolgan boʻladi. Oqibat yana ham koʻproq gunoh ishlar qilishi mumkin.
18. Savol: Men bir ayol bilan zino qilgan edim. Mana shu gunohimni yuvish uchun nima qilishim kerak?
Boshqa bir kishi Yevropa yoki AQShga borganida bir ayol bilan zino qilgan. Oʻz yurtiga qaytib kelganidan soʻng ayol homilador boʻlib, farzand koʻrgan. Bola kimning farzandi hisoblanadi? Bolaning xarajatlari uchun ayolni mablagʻ bilan taʼminlab turishi kerakmi?
Javob: Bu xildagi savollar koʻp uchraydi. Musulmonlar oʻzlarini Qurʼon va Sunnatga muvofiq isloh qilishlari lozim. Xususan koʻzlarini haromdan saqlashga, nomahramlar bilan yolgʻiz qolmaslikka, ular bilan qoʻl berib koʻrishmaslikka, hijobga, musulmonlar bilan ishlashga, erta uylanishga eʼtibor berishi kerak.
Savolda aytilgan zino qilgan kishi uchun quyidagi xukm amal qiladi.
Agar u ayolni zoʻrlagan boʻlsa, ayolga jarima sifatida soʻragan miqdorida mahr toʻlashi va Allohga xolis tavba qilishi shart. Agar masala qozilik muassasalari darajasida koʻriladigan boʻlsa, unga maʼlum bir jazo tayinlanadi.
Agar ayolning roziligi bilan zino qilgan boʻlsa, tavba qilishi shart.
19. Savol: Bir ayol bilan zino qilgan edim. Keyin unga uylandim. Bir necha yildan beri birga yashab kelmoqdamiz. Hozir ikkalamiz ham Allohga xolis tavba qilmokdamiz. Nima qilishim kerak?
Javob: Agar ikkala taraf ham tavba qilgan boʻlsa, nikohingizni yangilashingiz kerak. Shariatga muvofiq valiy va ikki guvoh qatnashgan holda nikoh qilinishi lozim. Nikoh rasmiy suratda qozixonada boʻlishi shart emas, uyda oʻqilsa ham kifoya.
20. Savol: Bir ayol taqvoli bir kishiga turmushga chiqqan. Ammo u turmushga chiqishidan oldin Allohga xush kelmaydigan baʼzi ishlarni qilgan. Hozir oʻtmishi unga tinchlik bermayapti. U eriga qilgan ishlarini aytishi kerakmi?
Javob: Juftlar avvalda qilgan yomon ishlarini bir-biriga aytishlari shart emas. Alloh uning gunohini yashiribdi. U ham yashirsin. Haqiqiy tavba qilishning oʻzi yetarlidir.
Bir kishi bir qizni bokira, deb uylangan boʻlsa, soʻng uning bokira emasligi va turmushga chiqishidan oldin zino qilgani maʼlum boʻlsa, eri undan mahrni qaytarib olishga va taloq qilishga haqqi bor. Agar er kishi ayolning Allohga tavba qilganini va Alloh uning gunohini yashirganini bilsa, u bilan birga yashashga qaror qilishi mumkin. Alloh uning ajrini koʻpaytirib beradi, inshaalloh.
Xotima
Ey Allohning bandalari, Alloh sizlar uchun tavba eshigini ochib qoʻyibdi! Nega jimsizlar?! Tavbaning eshigi borligi va uning kengligi magʻrib bilan mashriq kengligicha ekani (boshqa bir rivoyatda esa yetmish yillik masofaga teng ekani) rivoyat qilingan. U to kuyosh botish tomonidan chiqqunga qadar yopilmaydi.
Allohning daʼvatiga quloq tuting:
“Ey bandalarim, sizlar kechasiyu kunduzi gunoh qilasizlar, ammo Men barcha gunohlarni kechiraman. Shunday ekan Mendan magʻfirat soʻranglar va Men kechiraman”.
Nega magʻfirat soʻramayapmiz?!
Alloh kunduzi qilingan gunohlarni kechirish uchun kechasi bilan qoʻlini yozib turadi va kechasi qilingan gunohlarni kechirish uchun kunduzi bilan koʻlini yozib turadi. Alloh bizning magʻfirat soʻrashimizni va iltijolar qilishimizni yaxshi koʻradi. Shunday ekan bizni tavba-tazarrudan nima toʻsib turibdi?!
Tavba qiluvchi kishining ushbu soʻzlari Allohga qanday ham sevimli: “Ey Parvardigor, Sening aziz, mening esa xoru zalil ekanligim sababli meni rahmatingga olishingni soʻrayman. Sening kuvvatli, mening esa zaif ekanligim sababli hamda Sening mendan behojatliging, mening esa Senga muhtojligim tufayli soʻrayman. Mening va mendan boshqa koʻp bandalaring peshonasi – xatokor va yolgʻonchi peshona Sening qoʻlingdadir, Sening gʻazabingdan faqat Oʻzingga tavba qilish bilangina qutulish mumkin. Senga miskin-bechoralar kabi tilanaman, siniq-tavozeli kishilar kabi yolvoraman, koʻzi ojiz, qalbini qoʻrquv bosgan odam kabi duo kilaman, boshi egilgan, magʻlub boʻlgan, Sen uchun koʻzlaridan yoshlar oqqan, Sen uchun qalbida tavoze boʻlgan kishi kabi iltijo kilaman…”.
Banda Allohga tavba qilganda Alloh xursand boʻladi. Demak, xursand boʻluvchi Allohdan yaxshilik kelishiga hech vaqt noumid boʻlmasligimiz kerak. Bir kishi ogʻir safarga chiqadi. Yoʻlda sahroda xatarli joyda dam olish uchun toʻxtaydi. Butun oziq-ovqatlari va suvi yuklangan tuyasi ham bor edi. Ozgina dam olish uchun bir daraxt soyasida yotib uxlab qoldi. Uygʻonib qarasa, tuyasi yoʻq. Izlashga tushdi. Bir tepalikka tirmashib chiqib chor-atrofga qaradi, tuyasi yoʻq edi. Jazirama va chanqoq gʻolib kelganda: “Yaxshisi, dam olgan joyimga borib to oʻlgunimga qadar yotaman”, dedi. U daraxt tagiga kelib tuyasini qayta koʻrishdan umidini uzib, yotib uxladi. Uygʻonib, koʻzini ochib qarasa tuyasi yonida turibdi. Jilovi osilib turardi. Ozik-ovqat va suvlari joyida edi. U jon holatda jilovga yopishdi. Moʻmin tavba qilgandagi Allohning xursandligi tuyasini topib olib xursand boʻlgan kishidan ham koʻproq boʻladi.
Xolis tavba Alloh oldida oʻzni xor sanab xokisor turish ekanini biling va buni namoyon qilishingiz Butun Olamlar Robbisi uchun suyuklidir.
Iymonli banda doim xato-gunohlarini eslab, pushaymon boʻlib yuradi. U gunoh ishlarining ortidan koʻp ibodatlar va solih amallar qiladi. Shunda shayton: “Avvalda ham uni maʼsiyatga boshlay olmagandim”, deydi. Shuning uchun baʼzi tavba qiluvchilar tavba qilganlaridan keyin avvalgi hollariga qaraganda ancha yaxshilanib qoladilar.
Alloh tavba qilib oʻziga qaytgan bandalarini hech vaqt oʻz holiga tashlab qoʻymaydi.
Otasining erka va tantiq arzanda bolasini tasavvur qilib koʻring. Bir kuni erka oʻgʻil safarga joʻnadi. Yoʻlda uni dushmanlar tutib olib, oʻzlarining yeriga olib ketishdi. Endi unga boʻlayotgan muomalalar ilgarigi muomalaning tamomila aksi edi. Barcha neʼmatlardan ajralib qolganidan keyin otasining mehribonliklarini eslab qalbi alam va iztirobga toʻldi. U dushmanlar qoʻlida asir boʻlib, mazlum boʻlib turgan paytda birdan otasining uyiga keltirib qoʻyildi. Oʻgʻil oʻzini otasiga otdi, uni quchoqlab olib, yigʻlardi. Koʻz yoshlari yonoqlariga oqqan holda: “Otajon, otajon! Meni ularga bermang!” derdi. Dushmanlar yana olib ketib qolmasin, deb otasini qattiq ushlab olgan edi.
Otasi uni dushmanlarga qaytarib beradi yoki oʻz holiga tashlab qoʻyadi, deb oʻylaysizmi?! Alloh Oʻz bandalariga ota-onadan ham koʻra mehribonroq. Dushmanlaridan qochib oʻzini Uning eshigiga urgan va tuproqqa belanib yigʻlab: “Ey Robbim, Oʻzingdan boshqa hech kim menga rahm qilmaydi. Oʻzing rahm qil. Mening Sendan boshqa biron yordamchim yoʻq. Sendan oʻzga panohim yoʻq. Mendek miskinga, muhtojga, Senga yolvorib iltijo qilayotgan qulingga rahm qil. Sen uning bosh urib boradigan yagona joyisan. Sen uning ximoyachisisan. Sendan oʻzga biron panoh yoʻq…” deyayotgan bandasiga Alloh qanday javob qaytaradi deb oʻylaysiz?!
Kelinglar, solih va taqvoli amallar tomon, solih-taqvoli kishilar tomon intilaylik. Hidoyatga erishgandan soʻng botilni yoʻq qilish uchun oshiqaylik. Alloh biz bilan birga!
Alloh taʼologa behad hamdu sanolar, paygʻambarimiz Mustafo sollollohu alayhi va sallamga, ahli oilalari, ashoblari va ularning izidan to Qiyomatgacha adashmay ergashgan solih ummatlariga salotu salomlar boʻlsin. Omin.
Assalom Alekum, meni davlatdan olgan ba’zi kreditlarim bor ularni hali hammasini to’lab bo’lmaganman, lekin Allohdan mag’ifirat qilishini so’riyman, ochig’i foizga olingan qilingan ishlarni hukmi juda og’ir ekanligini yaxshi bilmas edim, va usha vaqtda Ota Onamga yordam maqsadida bir ish boshlashga olgan edim, ushbu olgan kreditlarimdan qutilishimga va qaytib bunday qilmasliga Allohdan yordam va mag’ifiratini so’riyman, Alloh yordam berib shu olgan kreditlarimdan qutulib Allohga chin dildan tavba qilib va bu ishga boshqa qaytmasam, Alloh bu tavbamni qabul qiladimi yoki buni hukmi qando bo’ladi iltimos shu haqda tushuntirsangiz
Аллоҳ албатта кечиргувчи Зот. Тавба қилган одамларнинг тавбасини Аллоҳ рад қилмайди.