“Mendan rivoyat qilingan biror hadisni eshitganlaringizda dillaringizga tanish, badanlaringizga taʼsir qiladigan va aqllaringizga sigʻadigan boʻlsa, demak, u mening aytgan hadisimdir. Ammo eshitgan hadislaringiz buning aksidek boʻlsa, demak, u mening aytgan hadisim emasdir”.
Odamzotga berilgan ixtiyor va hidoyat haqida
“Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki, toʻgʻri yoʻlni topsalar” (Baqara, 186).
Barcha maqtov va shukrlar olamlarning tarbiyachisi Alloh taologa boʻlsin! Islom – dalil va hujjat dinidir. Eng ishonchli hujjat esa Allohning Kalomi. Men bir nechta oyatlarni sanab oʻtmoqchiman. Oʻqib-oʻylanib koʻring. Endi hujjatlarga oʻtsak.
“Hech bir jon Allohning iznisiz oʻlmas. Bu – yozilgan ajaldir. Kim bu dunyoning savobini xohlasa, unga oʻshandan berurmiz. Kim oxiratning savobini xohlasa, unga oʻshandan berurmiz…” (Oli Imron, 145). Demak, odamlarga ixtiyor berilgan. Yaʼni “Dinga majbur qilish yoʻq” (Baqara, 256). Banda yoki Islomdan sirtda boʻladi, yoki ichda. Agar Islomga kirmoq istasangiz, Baqara surasining 208-oyatida: “Ey, iymon keltirganlar! Islomga TOʻLIGʻIChA kiring. Va shayton izidan ergashmang”, – deyilgan.
Muslim boʻlishni xohlamasangiz, mana bu oyatga eʼtibor bering: “Kim Islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon koʻrguvchilardan boʻlur…” (Oli Imron, 85).
Bilingki, “…Alloh bandalarga mehribondir” (Baqara, 207). Biroq “Kimning yaqini shayton boʻlsa, u qanday ham yomon yaqin!” (Niso, 38)
Xudodan qoʻrqish – Xudoni sevish va Xudoning aytganini bajarish deganidir. Kimda Xudoga muhabbat boʻlmasa, qandoq qilib Uni seva oladi?! Xudoni sevgan kishigina U aytgan amrlarni bajaradi.
Lekin banda gunohlaridan oʻz kuchi bilan poklana olmaydi. Uni faqat Xudo Hidoyatga soladi. Bu uchun odam Xudo bilan ahdlashishi kerak. Tavbaning oʻzi yetarli yemas. Chunki Odam (a.s.) tavba qilganlarida, Xudo tavbasini qabul qilgan, biroq baribir jannatdan tushirgan va “Bas, Mendan HIDOYaT kelajak. Kim Mening HIDOYaTIMga ergashsa, ularga xavf yoʻq va ular xafa ham boʻlmaslar”, – deb marhamat qilgan (Baqara, 38). Bu – qanday Hidoyat?
Endi mana bu oyatni koʻrib chiqsak. Alloh taolo: “Avval oʻlik boʻlgan odamni TIRILTIRIB, unga odamlar orasida yuradigan NURNI berib qoʻygan boʻlsak, u bilan zulmatlar ichida undan chiqa olmay yuruvchi odam oʻxshash boʻlurmi?” – deb marhamat qiladi (Anʼom, 122).
Joʻnayd Bagʻdodiyning aytishicha, tasavvuf – Haqning sendagi “senni” oʻldirishi va seni Oʻzining nazdida tiriltirishi ekan. Mayli siz oʻzingizni tirik deb biling, biroq Xudoning nazdida tirikmisiz? Hidoyatdamisiz? Agar hidoyatda boʻlsangiz, qanday qilib oʻzingizga dalillay olasiz? Yoki odam har xil amallar orqali, bizningcha savoblar yigʻish orqali hidoyatga erisha oladimi? Siz chindan ham Xudoning aytganini bajarayapsizmi? Iymoningiz tugalmi?
Alloh taolo: “U kunda na mol manfaat berar va na bolalar. Magar kim Alloh huzuriga TOZA qalb bilan kelsa”, – deb marhamat qiladi (Shuaro, 89). Qof surasida esa: “… jannat taqvodorlarga uzoq boʻlmagan joyga yaqinlashtirildi. Bu – sizga vaʼda qilingan narsadir. Har bir sertavbaga va saqlovchiga. Rohmandan gʻoyibona qoʻrqqan va SALOMAT qalb ila kelgan kimsaga”, – deyilgan.
Demak, jannatga faqat (TOZA, SALOMAT) qalblilargina kira olar ekan. Baʼzi oyatlarda poklangangina kiradi, deyilgan.
Sizning qalbingiz qanday? Qalbim toza, deb ayta olasizmi?
So’nggi izohlar