Har kimning koʻnglida oxirat andishasi boʻlmasa, shubhasiz, shayton uni to oʻlgunicha dunyo andishalari bilan mashgʻul etar.
Abdurauf Fitrat: Islom tarixi
Bismillahir rohmanir rohiym
MUQADDIMA
Tarix taʼrifi
Tarix millatlarning oʻtmishini, taraqqiyotini hamda tanazzulining sabablarini oʻrgatuvchi fandir.
Tarix taqsimi
Tarix ikki qismdan iborat: umumiy tarix va xususiy tarix. Barcha millat va jamiyatlarning ahvolini bayon qiladigan soha umumiy tarix, deb ataladi. Xususiy tarix birgina millat va birgina jamiyatning tarixini yoritadi. Islom tarixi ham xususiy tarix jumlasiga kiradi; binobarin, Islom tarixi Hazrati Paygʻambar (s.a.v.) ning dunyoga kelishlaridan va Islom dinining dunyoga tarqalishidan bahs qilib, Islom olamining taraqqiyotini tushuntirib beradi. Islom tarixini bilish barcha musulmonlar uchun farzdir.
Birinchi qism
SAODAT DAVRI
Rum va Eronning Islomdan avvalgi ahvoli
Isoviy (xristian) dini tarixining besh yuzinchi yillari dunyoda ikki ulugʻ davlat mavjud boʻlib, bularning birini Rum va ikkinchisini Eron, der edilar. Bu ikki davlat podshohlaridan biri doimo ikkinchisining ustiga lashkar tortib, oʻrtada uzoq davom etgan janglar boʻlar edi. Natijada ikki tomon ham holdan toyar, ikkovi ikki tomonga chekingan holda yana lashkar toʻplar, xalqning hisobiga pul toʻplab, yana yangitdan jangga hozirlik koʻrar edilar. Jabr-zulm ostida qolgan bu mamlakatlarning xalqlari bot-bot isyon koʻtarar, turli diniy ixtiloflar bahonasida podshohlarini agʻdarib tashlash qasdida boʻlar, xullas, fisq-fujur, axloqsizlik, zoʻravonlik va bosqinlar bu yurtlarda keng tarqalgan edi. Natija oʻlaroq, bu yurtlar kundan kunga xarob ahvolga kelib, xalqning soni kamayib borardi.
Arab yarim oroli va u yerdagi xalqning ahvoli
Bu ikki mamlakatning janub tarafida boshqa bir qitʼa bor edi; uni Arab yarim oroli (Jaziratul-arab), deb ataganlar. Bu yerning xalqi asosan arablardan tashkil topgan. Arab yarim oroli Rum va Eron yurtlari kabi obod emas, balki koʻp yerlari qumlikdan iborat boʻlib, baʼzi qitʼalardagina obod manzillar mavjud edi. Bu qitʼalardan eng mashhuri va muboragi Hijozdir, chunki bu qitʼada Makka bilan Madina joylashgan. Xaritaga qarasangiz koʻrasizki, Hijoz qitʼasining bir tarafi Qizil dengiz va boshqa bir tarafi choʻldir. Bu joylarni Rum va Eron davlatlari egallay olmaganlar. Bu yerda yashovchi xalqlar Rum va Eron kabi oʻz hukumatlariga ega boʻlmay, qabila-qabila, yaʼni toʻp-toʻp boʻlib yashaganlar. Har bir qabilaning oʻz sardori boʻlgan.
Barcha arablar johil va badaviy (sahroyi) boʻlganlar. Choʻponlik va qaroqchilik bilan kun koʻrganlar. Biron yil boʻlmaganki, bir qabila ikkinchisiga hujum qilmagan, oʻrtada qon toʻkilmagan boʻlsin. Barcha qabilalarning dini butarastlik edi. Makka shahridagi Kaʼba xonasida 360 but (sanam) oʻrnatilgan boʻlib, har bir qabila oʻziga tegishli butga sigʻinar edi. Qimorbozlik va sharobxoʻrlik ularning koʻngil ochar ishlari boʻlgan. Agar ularning xotinlari qiz tugʻsa, or qilib, begunoh goʻdaklarni tiriklayin yerga koʻmar edilar. Xullas, na faqat Rum va Eron yoki Arab yarim orolidagi qabilalar, balki butun olam davlatlari xarob ahvolga kelgan edi. Buyuk Hazrati Parvardigor bu dunyoning xarobaliklarini xohlamas edi, shuning uchun bot-bot paygʻambarlar tayin qilib, ular orqali pand-nasihatlar qilardi.
Alloh taolo juda koʻp paygʻambarlar yuborgandan soʻng, endi haqdin bilan oxirgi paygʻambarni yuborishga qaror qildi, ammo oxir zamon paygʻambarini Rum va Eron kabi buyuk davlatlardan tanlamadi, chunki bu davlatlardagi odamlar koʻp beaxloq, beandisha va begʻayrat boʻlib ketgan edilar. Ammo Arab yarim orolidagi Hijoz arablari Rum va Eron podshohlariga hech vaqt tobeʼ boʻlmagan va u mamlakatlarning xalqlari bilan bordi-keldi qilmagan edilar; harholda axloqda ulardan mumtozroq edilar. Ularning xislatlaridan baʼzilari shuki, ular musofirparvar, rostsoʻz, gʻayratli, soʻzamol va shoirlik iqtidoriga ega edilar. Binobarin, Xudoyi taolo u buyuk paygʻambarni arab qavmidan tayin qildiki, ul janob bizning paygʻambarimiz Muhammad ʼalayhissalom boʻldilar.
Hazrati Rasuli akram alayhissalomning
dunyoga kelishlari
Yuqorida aytdikkim, arablar qabila-qabila boʻlib yashaganlar. Hijoz arablari ham shu kabi bir necha qabiladan tarkib boʻlgan. Ularning ichida eng ulugʻ va eʼtiborlisi Quraysh qabilasidirki, zero Kaʼbaga xizmat qilish ularning qoʻlida edi. Quraysh qabilasining bir sardori boʻlib, uni Abdul-Mutallib, deb atashgan, uning Abdulloh ismli oʻgʻli boʻlib, Abdul-Mutallib bu oʻgʻlini boshqalaridan koʻproq yaxshi koʻrardilar. Omina ismli arab qizini nikohlab berdilar. Oradan yetti oy oʻtgach, Abdulloh savdogarlik vajhidan Madinaga borib, u yerda vafot etadilar. Yana ikki oydan soʻng, isoviy sananing 570 yili, Rabʼul-avval oyining 12-sida, dushanba kuni Allohning rahmati bilan bizning paygʻambarimiz Muhammad ʼalayhissalom binni Abdulloh Makka shahrida Ominadan dunyoga keldilar.
Hazrati Paygʻambarning tarbiyalari
Demak, yuqorida aytganimizdek, Paygʻambarimiz dunyoga yetim keldilar, otalari olamdan oʻtgan edilar. Bobolari Abdul-Mutallib ul hazratning tarbiyalarini oʻz zimmalariga oldilar. Makka xalqining bir yaxshi odati bor edikim, yangi tugʻilgan goʻdaklarni sahroyi enagalarga berib, shahar tashqarisiga chiqarib yuborar edilar. Abdul-Mutallib ham ul hazratni Halima ismli doyaga berib, shahardan tashqariga chiqarib yubordilar. Halima bir yil ul hazratni tarbiya qildi, soʻngra qaytarib topshirdi.
Hazrat olti yoshga toʻlganlarida onalari vafot qildilar, sakkiz yoshda ekanliklarida bobolari ham vafot etdilar. Amakilari Abu Tolib ul hazratni oʻz tarbiyalariga oldilar. Oʻn uch yoshga toʻlganlarida Abu Tolib bilan Shom shahri tomon yoʼlga otlandilar. Yoʻlning yarmida Buhayro ismli bir nasroniy rohib ul hazratni koʻrib, u kishining baʼzi alomatlaridan Paygʻambari oxir zamon ekanlarin payqadi va Abu Tolibga: “Bu yigitni Shomda yahudiylar tanib qolib, zarar yetkazinglari mumkin”, dedi. Abu Tolib Buhayroning soʻziga kirib, Makkaga qaytib ketdilar.
Paygʻambar (a.s.) ning uylanishlari
Hazratning axloq va odoblari bisyor maqbul va komil boʻlgan; hech vaqt yolgʻon gapirmaganlar, hech kimga xiyonat qilmaganlar, noinsoflik, muruvvatsizlik va behayolikdan yiroq edilar. Binobarin, hazratning eʼtiborlari ortib, kundan kunga ziyoda boʻlgan. Makka xalqi ul zotni Muhammad Amin, deb atadi. Hazrat yigirma toʻrt yoshga toʻlganlarida makkalik Xadicha ismli moldor ayol u kishiga molini berib, Shomga yubordilar. Bu dafʼa ham yoʼlning yarmida Nasturo ismli bir nasroniy rohibi u kishini koʻrib, Shom safarini manʼ qildi. Shul sababli mollarini oʻsha yerda katta foyda evaziga sotdilar va qaytib ketdilar. Xadicha ul hazratdan juda mamnun boʻldilar. Yigirma besh yoshda ekanliklarida Xadichani oʻz nikohlariga oldilar.
Vahiyning kelishi
Yuqorida biz hazratning odob-axloqlari haqida gapirib oʻttan edik, hazratning yana bir xislatlari shundan iborat ediki, boshqa makkaliklar yoki umuman arablar singari butlarga sigʻinmas edilar, ularni bir tosh deb bilib, chandon eʼtibor qilmas va hatto yomon koʻrardilar.
Qirq yoshga yetganlarida Alloh tomonidan Jabroil orqali “Iqra, bismi rabbuka” oyati nozil boʻldi va soʻnggi uch yil ichida hech bir oyat kelmadi. Soʻng “Ya ayyuhal-muddassiru qum fa-anzir” oyati keldi va u hazratni paygʻambarlikka amr qildi. Ul hazrat bu xabarni avval Xadichaga, soʻng hazrati Abu Bakr va Aliga yetkazdilar; ularning hammalari musulmon boʻlishdi.
Hazrati Ali bu paytlarda goʻdak edilar. Aytadilarkim, eng avval musulmon boʻlgan kimsalar — ayollardan Hazrati Xadicha, erkaklardan hazrati Abu Bakr, goʻdaklardan hazrati Ali musulmonlikni qabul qilganlar. Bundan soʻng hazrati Abu Bakrning dalolati bilan Makkaning bir necha ulugʻlari musulmon boʻldilar. Dastlab musulmonlarning soni yigirma kishidan iborat boʻlgan.
Hazrat bu yangi musulmonlar bilan pinhona ibodat qilardilar, suhbat ham pinhona edi. Ammo buyuk ishlarni doimo yashirib boʻlmaydi, shuningdek, yangi din ham buyuk ish boʻlib, uni yashirishning iloji boʻlmadi; hazratning Paygʻambarligi Makkaga ovoza boʻldi; hamma hayron, baʼzilari kelib hazratning oʻzlaridan soʻradilar va ul zoti sharif tavhid ilmini ularga tushuntirdilar. Paygʻambar bilan kelib suhbatlashgan baʼzilarga yangi din maʼqul kelib, ular ham musulmon boʻldilar. Yangi din odamlarni pokizalikka, Xudodan qoʻrqishga, ezgu ishlarga daʼvat qilar ekan, odamxoʻrlik va behuda ishlarni manʼ qilar ekan.
Arablar bu dinga ragʻbat koʻrsatdilar. Lekin Makkaning ayrim ulugʻlari, masalan, Abu Jahl va Abu Sufyon: ”Agar biz musulmon boʻlsak, Muhammadga tobe boʻlib qolib, ulugʻlikni qoʻldan berurmiz”, — deb musulmon boʻlmadilar, ayni paytda musulmonlikni qabul qilgan kishilarga ham koʻp azob berdilar. Hazrat kofirlarning bergan azoblaridan nolimadilar, doimo Xudo amrini bajo keltirib, ularni ham charchamay Islom diniga daʼvat etdilar.
Hazrati Hamza va hazrati Umarning
musulmon boʻlishlari
Hazratning doimiy sabot va saʼy-harakatlari natijasida arablarning atoqli bahodirlari janobi Hamza va Umar musulmon boʻldilar, bundan musulmonlarning dillari quvvatlandi. Hazrati Umarning dalolati bilan Paygʻambar ʼalayhissalom oʻz yoronlari bilan Kaʼba masjidiga borib oshkora namoz oʻqidilar, odamlarni musulmonlikka daʼvat qildilar, kishilar birma-bir, asta-sekin kelib musulmon boʻldilar.
Paygʻambar yoronlarining Habashga ketishlari
Ul hazrat Paygʻambarligining beshinchi yilida musulmonlar soni 300 ga yetdi. Musulmonlarning soni orta borishi bilan kofirlarning ham zulmi kuchayib ketdi. Shuning uchun hazrat kimning xohishi boʻlsa, Habashistonga borishlari mumkinligini aytdilar. Paygʻambarning oliy himmatlari bilan bir necha ashoblari Habashiston yurtiga ketdilar va u yerning podshohidan muruvvat koʻrdilar. Islom dini kuch olgunga qadar ashoblar oʻsha yerda istiqomat qildilar, soʻngra Hazratning xizmatlariga qaytib keldilar.
Xadicha va Abu Tolibning vafotlari hamda
munosabatlarning uzilishi
Kofirlarning izza va haqoratlari koʻpaygan sari musulmon diniga ragʻbat bildiruvchilarning soni ham kundan kunga koʻpaya bordi. Makka ulugʻlaridan boʻlgan kofirlar majlis oʻtkazib, Paygʻambar va u kishining yoronlari bilan har qanday munosabatni uzishga qaror qildilar. Qaror natijasi oʻlaroq ahdnoma yozdilar: bundan keyin hech kim musulmonlarga xotinlikka qiz bermaydi va ulardan xotin olmaydi, ular bilan salomlashmaydi, savdo-sotiq aloqalarini qilmaydi.
Bu ahdnomaga imzo chekib, Kaʼba darvozasiga osib qoʻydilar. Bu ahdnoma uch yil oʻz kuchida turdi. Koʻpgina musulmonlar bu ahdnoma natijasidan koʻp qiyinchilik koʻrdilar, ammo musulmonchilikni qabul qiluvchi olamlar safi toʻxtamadi. Oqibatda ahdnomadan hech qanday naf boʻlmay, kofirlarning oʻzlari bu ahdnomani yirtib tashladilar, ahli Islom undan xalos boʻldi.
Hazrat Paygʻambarimizning vahiy ola boshlaganlarining oʻninchi yilida hazrati Xadicha va amakilari Abu Tolib dunyodan oʻtdilar. Abu Tolibning oʻlimidan keyin Makka kofirlari Paygʻambarimiz va musulmonlarga zulmlarini haddan oshirib yubordilar. Ayni iaytda Rasuli akramning meʼrojlari voqeʼ boʻlib, hazrat moddiy olamdan maʼnaviy olamga safar qilib qaytdilar. Meʼroj tunidan boshlab besh vaqt namoz farz boʻldi.
Makkadan Madinaga hijrat
Kofirlarning zulmi va zoʻravonligi haddan oshib ketganligi sababli Rasuli akram baʼzan atrofdan kelgan musofirlarni Islom diniga daʼvat qilish va oʻz tarafdorlarini yanada koʻpaytirish uchun shahar tashqarisiga chiqar edilar. Paygʻambarlikning oʻn ikkinchi yili bir kuni Madinadan kelgan bir necha odamni musulmonlikka daʼvat qilmoq uchun shahar tashqarisiga chiqdilar. Madinaliklar Paygʻambarimizga agar siz Madinaga kelsangiz biz oʻz mol va jonimizni siz uchun koʻmak yoʼlida fido qilar edik, dedilar.
Paygʻambarimiz ularning bu qasamlariga ishonib, taklifni qabul qildilar. Bu uchrashuv Aqoba mavzeida sodir boʻlgani uchun uni tarixchilar “Aqoba ittifoqi”, deb ataganlar. Keyingi yilda Madinadan yana bir necha ulugʻlar kelib “Aqoba ittifoqi” ni yangilab ketdilar. Kofirlarning qulogʻiga bu ittifoq yetib borgach, musulmonlarga nisbatan oʻz zulmlarini yanada kuchaytirib yubordilar. Hazrat oʻz ashoblariga Madinaga hijrat qilishni buyurdilar va musulmonlar yakka-yakka va juft-juft boʻlishib Makkadan hech kimga sezdirmay chiqib keta boshladilar. Kunlar oʻtgan sayin Makkada Hazratning oʻzlari Abu Bakr va Ali bilangina qoldilar.
Kofirlar Paygʻambarimizning yolgʻiz qolganliklarini bilgach, ul zotni tunda qatl qilmoqqa maslahat kildilar, ul Hazratga Alloh bu maslahatdan ogoh etdi va oʻrinlariga Alini yotqizib, Abu Bakr bilan birga oʻsha kuni Makkadan chiqib ketdilar. Kofirlar Paygʻambarimizning ketib qolganliklarini bilib, izlashga tushdilar, ayniqsa, As-Saboh degan kofir koʻp qidirdi, ammo izlarini ham topa olmadi. Ul Hazrat Abu Bakr bilan birga salomat holda Madinaga borib yetdilar. Ular kelgan kunni Madina ahli katta bayram qildi. Hazrat Ali ham oradan uch qun fursat oʻtgach, Madinaga kirib keldilar. Hijrati Paygʻambarning oʻn toʻrtinchi yilida, isoviy 622-sanani musulmonlar oʻz tarix hisobining ibtidosi, deb bilurlar, yaʼni hijriy yil shu yildan boshlangan.
Masjid qurilishi va qiblaning tayin boʻlishi
Hazrat Madinaga kelganlaridan soʻng, Madinaning tashqarisidagi Qubo dahasida bir masjid qurdilar va keyinchalik ham Madinaning oʻzida yana bir masjid bino qildilar. Alloh taolo hanuz musulmonlarning qiblasini tayin qilmagan edi. Musulmonlar namoz oʻqiganlarida yahudiylar qiblasi boʻlmish Baytul-Maqdisga qarar edilar, binobarin, Madinadagi ikki masjidning ham qiblasi oʻsha tomonga qaragan edi.
Musulmonlar bir qancha vaqt Baytul-Maqdisga qarab namoz oʻqiganlaridan keyin, qibla Kaʼbaga qarashi kerakligi haqidagi oyat nozil boʻldi. Oʻsha vaqtdan buyon musulmonlarning qiblasi Kaʼba uyi tarafidadir. Bu voqea Islom tarixida qiblaning tayin boʻlishi, yaʼni “Tahvili qibla”, deb ataladi. Alloh taoloning har bir amri bir necha foyda va hikmatga egadir. Zero, bu amrning hikmati shundan iboratki, musulmonlar har namozda Kaʼbaga qarab namoz oʻqir ekanlar, asl vatanlari boʻlmish Makkani yod etadilar va tezroq quvvatlanib, Makkani kofirlar qoʻlidan xalos etmoqqa saʼy-harakat qiladilar.
Jihodga buyurish
Qibla tayin boʻlgach, musulmonlar oʻz vatanlarini kofirlar qoʻlidan xalos qilish orzusida boʻlib, jihodni istar edilar. Hijratning ikkinchi yilida Alloh tomonidan jihod farz qilindi. Shundan soʻng musulmonlar kofirlarga qarshi koʻpgina jang qildilar. Paygʻambarimiz ishtirok etgan har bir jangni gʻazot, deb ataganlar va oʻzlari ishtirok etmay, lashkar yuborgan janglarni sariyya deganlar. Musulmonlar qariyb yigirmata gʻazot va sariyya uyushtirganlar. Ulardan mashhurlari: Badr, Uhud, Xandaq, Haybar, Makkaning fath etilishi. Boshqalari haqida ozrak yozamiz.
Badr gʻazoti
Dastlabki gʻazot Badr yurishidir. Hazrati Paygʻambar bu jangga 313 nafar jangchi bilan kelgan edilar. Makka kofirlari esa, qariyb ming kishi boʻlib jangga kirdilar. Ikki muxolif lashkar Badr deb atalgan mavzeda toʻqnashdilar. Musulmonlar haq yoʼlida yaqdil boʻlib jang qilganliklari uchun ham oʻzlaridan uch barobar koʻp boʻlgan dushman lashkarini yengdilar. Bu gʻazotda musulmonlardan 14 kishi, kofirlardan 70 kishi halok boʻldi. Bu jangda Islomning ashaddiy dushmani Abu Jahl ham halok boʻlganlar orasida edi. Kofirlardan yetmish nafari musulmonlarga asir tushdi. Hazrat Madinaga qaytgach, baʼzi asirlarni tovon hisobiga ozod qildilar. Tovon toʻlashga qurbi yetmaganlarni esa, musulmon bolalarning xat-savodini chiqarishga majbur qilindi, bu ishni bajargandan keyingina ozod qilinishi shart qilib qoʻyildi. Bu gʻazot hijratning ikkinchi yili sodir boʻlgan edi.
Uhud gʻazoti
Kofirlar Badr jangida magʻlub boʻlib, Makkaga qaytdilar. Bir oy azadorlik qilib, keyin qasos olish niyatida jangga tayyorgarlik koʻra boshladilar. Keyingi yilda uch ming lashkar bilan Madinaga qarab yul oldilar. Hazrati Paygʻambar kofirlarning lashkarlari kelganini eshitib, ashoblarining moʻʼtabarlarini yigʻib mashvarat oʻtkazdilar va dushmanlarning lashkari koʻp ekan, agar biz shahar darvozalarini berkitib, ichkaridan jang qilsak yaxshi boʻlar, dedilar.
Ashoblarining gʻayratli yoshlari bu maslahatga quloq osmay, shahardan tashqariga chiqib dushman bilan yuzma-yuz jang kilamiz, dedilar. Hazrat ularning tashqariga chiqib jang qilish tarafdorlari ekanliklarini koʻrdilar va hech narsa demay yetti yuz nafar musulmonlar bilan shahar tashqarisiga chiqdilar. Madina shahri tashqarisidagi Uhud togʻining tagida dushman bilan yuzma-yuz keldilar. Islom lashkarining chap tomonida bir dara boʻlib, Hazrat ellik nafar oʻqchilarni ajratib, sizlar shu joyda turinglar, aslo boshqa joyga koʻchmanglar, agar dushman bu yerga kelib hujum qilsa, ishimiz mushkullashadi, dedilar.
Jang boshlandi, musulmonlar hujum qildilar, kofirlar chekina bordilar, lekin boyagi ellik nafar oʻqchi Hazratning farmonini yoddan chiqarib, kofirlarning har yerda qolgan molini oʻlja olish uchun daradan keldi. Bir qancha dushman askarlari bu fursatni gʻanimat bilib, ana shu darani egallab oldilar va shu yerdan Islom lashkariga hujum qildilar. Musulmonlar magʻlub boʻldilar, yetmish nafar musulmon shahid boʻlib, Paygʻambarimizning amakilari hazrati Hamza ham shu qatorda edilar. Hazratning ham bu jangda tishlari sinib, aziyat chekdilar. Garchi kofirlarning qoʻllari bu jangda baland kelgan esa-da, musulmonlarning yana kuch toʻplab hujum qilib qolishlaridan qoʻrqib chekindilar.
Handaq gʻazoti
Hijratning beshinchi yili Makka kofirlari yahudiylar bilan ittifoq tuzib, oʻn ming kishini goʻplab, Madina tarafga yoʼl oldilar. Hazrat bu xabarni eshitgach, ashoblari bilan mashvarat qildilar. Maslahatga binoan Solmon Forsiy uch ming kishi bilan shahar tashqarisiga chiqib, shahar ostonasida Islom lashkarining atrofida chuqur qazidilar. Kofirlar Islom lashkarining roʻbaroʻsiga kelib saf tortdilar, ammo xandaqdan oʻtolmadilar, nochor qolib, xandaqning narigi tomonida turib oʻq otdilar. Musulmonlar ham bu tarafda turib dushman oʻqiga javob berib turdilar. Oqibatda dushman hech qanday natijasiz qaytib ketishga majbur boʻldi. Musulmonlar muzaffar va mansur boʻlib Madinaga qaytdilar.
Hudaybiyah sulhi
Hijratning oltinchi yili Hazrat besh yuz nafar sahobiylari bilan Kaʼbani ziyorat qilish niyatida yoʼlga tushdilar. Jang qilish niyati boʻlmaganligi sababli qilichdan boshqa jang qurollarini olmaslikni buyurdilar. Makka yaqinidagi Hudaybiyah mavzeʼiga joylashib, Makka ahliga elchi yuborib, oʻz niyatlarini maʼlum qildilar. Lekin Makka kofirlarining sardorlari musulmonlarga boʻlgan eski adovatlari hamda gina-kuduratlari bilan Hazrat Rasuli akram ʼalayhissalomga Kaʼba ziyorati uchun ruxsat bermadilar.
Shuncha miqdor musulmonni koʻrib, ularning niyatlaridan bexabar yoki xabardor boʻlsalar ham ataylab, darhol lashkar toʻplab, jangga hozirlik koʻra boshladilar. Jang chiqishiga sal qoldi, lekin baʼzi kishilar gʻayrat qilib, ular oʻrtasida sulh va ahdnoma tuzdilar. Bu sulhga koʻra, Hazrat bu yil Kaʼbani ziyorat qilmay qaytadigan va keyingi yilda ziyoratga keladigan boʻldilar; musulmonlar oʻn yil mobaynida Makka ahli bilan jang qilmaydilar. Makkadan Madinaga qochgan har bir kimsani esa, qaytarib Makkaga yuboradilar va Madinadan Makkaga qochgan xar bir kimsani Makka ahli Madinaga joʻnatmaydilar. Har ikki tomon ushbu ahdnomaga imzo chekdilar, Hazrat Madinaga qaytib ketdilar, keyingi yili esa Kaʼba ziyoratiga bordilar. Bu voqeani Hudaybiyah sulhi, deb ataganlar.
Haybar gʻazoti
Shom va Madina orasida Haybar otligʻ qalʼa bor edi. Bu joyda yahudiylar yashardilar. Hazrat hijratning yettinchi yilida shu qalʼani olmoq uchun ming nafar Islom ahli bilan keldilar. Yahudiylar shahar darvozasini berkitib, ichkaridan turib jang qildilar. Islom lashkari oʻn kun mobaynida qalʼani qatʼiy qamal qildi, natijada uni egalladi. Bu shahardan Islom lashkari qoʻliga beadad oʻlja tushdi.
Hazratning elchilar joʻnatishlari
Bu gʻalabadan soʻng musulmonlarning ovozasi har tarafga yoyildi. Turli qavmlar Islom ahlining quvvatidan hayratga tushdilar. Hazrat fursatni gʻanimat bilib, atrofdagi podshohlarga elchi va nomalar yubordilar, bu nomalar va elchilar orqali ularni Islom diniga kirishga daʼvat qildilar. Hazrat quyidagi olti mamlakatga oʻz nomalarini yuborgan edilar: Eron podshohiga, Rum podshohiga, Habashiston podshohiga, Misr hokimiga, Yaman hokimiga. Ularning baʼzilari Hazratning elchilarini izzat-hurmat bilan qarshilagan boʻlsalar, baʼzilari tahqirladilar.
Makkaning olinishi
Hudaybiyah sulhiga binoan musulmonlar Makkaga qarshi oʻn yil davomida jang qilmasliklari kerak edi va musulmonlar bu ahdda sobit edilar. Lekin sulh imzolangandan keyin ikki yil oʻtib, yaʼni hijratning sakkizinchi yili Makka kofirlarining oʻzlari ahdnomani buzdilar; Madinaga bot-bot hujum qila boshladilar. Hazrat oʻn ming lashkar bilan Makkaga yurish qilishga majbur boʻldilar va shahar tashqarisiga kelib, har bir jangchiga oʻz chodirida olov yoqishni buyurdilar. Makka ahli hamon musulmonlarning kelganlaridan bexabar edi. Shahar tashqarisidagi bunchalar koʻp oʻtni koʻrib qoʻrqib ketdilar. Abu Sufyon xabar olgani kelib, musulmon boʻlib qaytdi va Makka ahliga voqeani anglatdi. Makka kofirlaridan baʼzilari jangga hozirlik koʻrolmay, har tomonga qochib ketdilar. Hazrat jangsiz kelib Makkani oldilar va Makka ahliga umumiy afv eʼlon qildilar. Boshqalar ham guruh-guruh boʻlib musulmonlikii qabul qildilar.
Hunayn gʻazoti
Makka fathi haqidagi xabar hamma tarafga tarqalgach, baʼzi musulmon boʻlmagan arab qabilalari gʻazabga keldilar va Hunayn degan mavzeʼga toʻplanib, Islom lashkariga hujum qilishga shaylandilar. Hazrat bu xabarni eshitib, 12 ming kishi bilan ularning ustiga yurdilar. Hunayn mavzeʼida jang boʻlib, nomusulmon qabilalarning lashkari qattiq shikast yedi. Islom ahli ularning yurtlarini egalladilar; butun Arab yarim oroli musulmonobod boʻldi va Hazrat Madinaga qaytdilar.
Tabuq gʻazoti
U zamonlarda Shom viloyati Rum imperatorining qoʻlida edi. Hazrat imperatorning farmoni bilan Shom viloyatida juda koʻp askarlar jam boʻlganini va Madinaga hujum qilish niyatida ekanligini eshitdilar, ul zot ham darhol lashkar toʻplash fikriga keldilar. Lekin Rum imperatorining lashkari bilan jang qilish mushkul edi. Buning uchun juda koʻp lashkar toʻplash kerak edi, ammo lashkar xarajati uchun mablagʻ topishning iloji yoʼq edi. Oxir-pirovardida millatga murojaat qilib, koʻmak soʻraldi. Har kim qoʻlidan kelgan narsasini berdi.
Shu tariqa lashkarga kerakli boʻlgan anjomlar toʻplandi. Hazrat 30 ming lashkar bilan Madina va Shom oʻrtasidagi Tobuq mavzesiga yetib keldilar. Dushmandan asar ham koʻrinmadi. Lashkarning ulugʻlarini toʻplab mashvarat qildilar. Abu Bakr Siddiq, agar shomliklar jang qilishni niyat qilganlarida biror belgi boʻlur edi, hozir esa, ulardan hech bir xabar yoʼq, maʼlum boʻladiki, ularning jang qilish niyati boʻlmagan, balki bizning bu yerga kelganimiz ularni qoʻrqitib yuborgan boʻlishi mumkin, buning ustiga Shomda vabo tarqalgan, agar shu yerdan ortta qaytsak, maʼqul boʻlar edi, deb maslahat berdilar. Hazrat bu maslahatni maʼqul topib, Tobuq atrofidagi qabilalarni boj toʻlashga majbur qildilar va Madinaga qaytdilar.
Vidolashuv haji
Hijratning oʻninchi yilida Hazrat haj qilish niyatlarini butun musulmonlarga eʼlon qilib, qirq ming kishi bilan Makkaga kirdilar. Atrofdagi musulmonlar ham guruh-guruh boʻlib kela berdilarki, natijada ularning soni yuz ming nafarga yetdi. Hazrat xutba oʻqib, bu dunyodan oʻtishlari yaqinligini bashorat qildilar. Musulmonlarga nasihat qilib, soʻng Madinaga qaytdilar. Bu Hazratning soʻnggi hajlari boʻlib, tarixda “vidolashuv haji”, deb atalgan .
Paygʻambar ʼalayhissalomning
dunyodan oʻtishlari
Voqean uch oydan soʻng, hijratning oʻn birinchi yilida, rabʼul-avvaldan bir kun oldin Hazrat xastalandilar. Ashoblarini jam qilib shu tariqa nasihat qildilar: men dunyodan ketyapman, Qurʼonni sizlarning ixtiyorlaringizga qoldirurman. Doimo Qurʼonga amal qilinglar. Bir-biringizni sevinglar, bir-birlaringizga madad boʻlinglar, aslo ezgu ishlardan judo boʻlmanglar, dunyoni obod va isloh qilishga kuch beringlar.
Hazratning xastaligi kuchayib, rabʼul-avval oyining oʻn ikkisida, hijratning oʻn birinchi yili oltmish uch yoshda dunyodan oʻtdilar”.
Paygʻambar ʼalayhissalomning sifatlari
Paygʻambar ʼalayhissalom eng oliy xulq va rahmli sifatlarga ega boʻlganlar, rahm va shafqat, karam va saxovat, madad, aql va ilm boblarida olamda tengsiz edilar. Behuda gʻazabga kelmas edilar, din ishlaridan boshqa masalalarda juzʼiy kamchiliklarni kechirar edilar. Insof doirasidan bir qadam ham tashqariga chiqmaganlar. Har kimning bilimi va imkoniga qarab ish buyurardilar. Biron kimsadan tamaʼ ham qilmaganlar va sadaqa ham olmaganlar. Oʻz xotinlari va xizmatkorlariga doimo tavozeʼ va ochiq chehra bilan muomala qilganlar.
Paygʻambar ʼalayhissalomning xotinlari
va farzandlari
Paygʻambar ʼalayhissalom oʻn bir xotin olganlar. Ulardan ikki nafari Hazratning hayotlik vaqtlarida olamdan oʻtgan va toʻqqiz nafari ul zoti sharifdan keyin qolgan edi. Xotinlaridan eng mashhurlari: Xadicha, Oyisha, Hafsa va Maymunadirlar. Uch oʻgʻil va toʻrt qizlari boʻlgan. Oʻgʻillari: Qosim, Abdulloh, Ibrohim. Qizlari: Fotima, Zaynab, Ruqiya, Ummi Gulsumdirlar. Lekin hazrati Fotimadan oʻzgalari Hazratning hayotlik vaqtlarida vafot etganlar.
Ikkinchi qism
BIRINChI TOʻRT ASL XALIFALAR
Hazrati Abu Bakr xalifaligi
Paygʻambar ʼalayhissalomning hayotlik chogʻlarida hamma musulmonlar ul janobning farmonlariga tobeʼ edilar. Ul zoti sharif olamdan oʻtganlaridan soʻng, albatta, musulmonlarga bir yoʼlboshchi zarurati tugʻildi. Hazrat dunyodan oʻtganlaridan soʻng, ashoblar yoʼlboshchi tayinlash fikriga tushdilar. Toʻplanib mashvarat qildilar. Ular oʻrtasida ixtilof tugʻilib, nizo chiqishiga oz qoldi. Hazrati Umar gʻayrat va shijoat koʻrsatdilar; hazrati Abu Bakrni ahli Islom sardorligʻiga tavsiya qildilar va birinchi boʻlib oʻzlari ul kishini tan oldilar.
Shunday qilib, hazrati Abu Bakr xalifa, yaʼni Paygʻambarimizning oʻrinbosari boʻldilar. Ul kishi minbarga chiqib, xaloyiqqa qarata nutq soʻzladilar: “Ey musulmonlar! Men xalifalikka lozim boʻlmasam ham, orangizda nizo va dushmanlik tugʻilmasin uchun uni qabul qilaman. Menga Rasuli Allohning aytganlariga amal qilishda yordam beringlar va ul zoti sharif soʻzlaridan chiqsam, menga itoat qilmanglar”.
Hazratning vafoti haqidagi xabar har tarafga ketgandan soʻng koʻpgina arab qabilalari dindan chiqdilar, yaʼni Islomdan qaytdilar. Bir necha kishi soxta paygʻambarlikni daʼvo qilishdi. Madina ahli bu voqeani eshitib, gʻamgin va hayron qoldi. Xalifa Abu Bakr gʻayrat qilib birinchi navbatda barcha dindan chiqqanlarga qarshi jang qilib, ularni tor-mor keltirdilar, soʻngra soxta paygʻambarlarning dumini tugdilar.
Iroq va Suriyaning fath etilishi
Oʻsha zamonlarda dunyoda ikki ulugʻ davlat — biri Eron va ikkinchisi Rum ekanligini yuqorida aytib oʻtgan edik. Arab yarim orolidagi barcha odamlar musulmon boʻlganlaridan soʻng Islom ahli endi bu ikki buyuk mamlakat sari borib, u yerdagi odamlarni ham musulmon qilishni lozim topdi. Shunday qilib, Abu Bakr Siddiq ushbu fikrga kelganlaridan soʻng, Xolid binni Validni 18 ming nafar jangchiga bosh qilib Eron tarafiga va Obid binni al-Jarrohni bisyor lashkar bilan Rum mamlakati chegarasiga yubordilar. Xolid binni Valid Eron lashkari bilan qattiq janglar qilib, arab Iroqi nomli keng bir viloyatni qoʻlga kiritdi, soʻng Obid binni al-Jarrohga yordamga yetib keldi. Bu ikki yirik sarkarda hamkorlikda Rumning koʻp lashkari bilan janglar olib borib, Rumning koʻp shaharlarini egalladilar. Shu vaqtlar mobaynida hazrati Abu Bakr betoblanib, oʻz oʻrinlariga hazrati Umarni xalifa qilib, dunyodan oʻtdilar. Hazrati Abu Bakrning yoshlari 63 da edi va ul kishining xalifalik davri ikki yilu uch oy va yana 10 kun boʻldi.
Hazrati Abu Bakrning fazilatlari
Hazrati Abu Bakr Paygʻambarimizning eng birinchi yoronlaridan va maslahatdoshlaridan edilar. Hijratga ham birga ketgan edilar. Erkaklardan birinchi boʻlib musulmonlikni qabul qilgan ham shul janobdirlar. Ham tavozeʼli, ham shijoatli zot edilar. Ul hazratning xalifalik zamonlarida Islom dinining kuchga kirishi uchun koʻp ishlar qilindi va ul hazrat bor mol-dunyolarini shu yoʼlda sarf qildilar.
Hazrat Umar xalifaligi va Eron janglari
Hijratning oʻn uchinchi yilida hazrati Umar xalifalikka oʻtdilar. Musulmonlar bul janobga “Amir-al-moʻminin”, deb taxallus qoʻydilar. Amir-al-moʻminin eng avvalo hazrati Abu Bakr vasiyatlariga asosan katta qoʻshin toʻplab, Sayyid binni Vaqqos boshchiligida Eronga joʻnatdilar. Bu lashkar eronliklar bilan koʻpgina janglar qilib, bir qancha shaharlarni qoʻlga kiritdi. Bu janglardan eng qattigʻi va mashhuri Quddus uchun olib borilgan muhoraba boʻldi. Mazkur muhorabada Islom lashkaridan qirq ming kishi va Eron tarafdan bir yuz yigirma ming kishi hozir boʻldi. Toʻrt kun jang boʻlib, musulmonlarning beshdan biri shahid boʻldi, Eron lashkari ham koʻp talofot koʻrdi. Natijada Eronning poytaxti boʻlgan Madoyin shahri egallandi. Musulmonlar qoʻliga juda koʻp oʻljalar tushdi.
Shom va Quddusning fath etilishi
Islom lashkari Eron bilan jang qilayotgan paytda hazrati Umar Rum chegaralarida jang qilayotgan lashkarga madad yuborib, Abu Ubayd binni Jarrohni barcha lashkarlarga amir qilib tayin etdilar. Islom lashkari Shom va Xalabni Rum davlati qoʻlidan tortib oldi va lashkarning bir qismi borib Baytul-Maqdisni qamal qildi. Hazrati Umarning oʻzlari qamalga kelib, Baytul-Maqdisni sulh yoʼli bilan oldilar va bu joydagi nasroniylar Paygʻambar ʼalayhissalomning dunyodan oʻtishlari haqiga koʻp adolat va muruvvat koʻrsatdilar.
Misr fathi
Shundan soʻng Amir-al-moʻminin Umar binni al-Os ismli sardor boshchiligidagi toʻrt ming kishini Misrga yubordilar. Lashkar jang bilan Misrni qoʻlga kiritib, Iskandariyaga keldi. Uch oylik qamaldan keyin Iskandariyani ham oldi.
Tarixni belgilash
Hazrati Umar zamonlarida musulmonlarning shuhrati yoyildi va Islom mamlakati gʻoyat kengaydi. Xalifalik markazidan har tarafga xatlar va buyruqlar yuborilardi. Bu xatlar va buyruqlarda bir muayyan tarix yozish darkor boʻlib, musulmonlar tarixini qachondan boshlash kerak, degan masala oʻrtaga tushdi. Hazrati Umar bu masala boʻyicha mashvarat toʻpladilar va maslahat davomida hazrati Ali tarixning boshlanishini Paygʻambarimizning hijrat qilganlari davridan, yaʼni Muharram oyidan boshlashni taklif qildilar. Bu voqea hijratning oʻn yettinchi yili roʻy berdi.
Hazrati Umarning shahid boʻlishlari
Hazrat Umar Islom dinining avj olishiga va musulmonlar shavkatini koʻtarishga gʻayrat qildilar. Lekin hijratning yigirma uchinchi yilida bir kun nasroniy qul nogahon ul janobga pichoq urib shahid qildi. Amir-al-moʻmininning yoshlari oltmish uchda va xalifalik davrlari oʻn yilu olti oy boʻlgan edi.
Hazrati Umarning fazilatlari
Hazrati Umar juda qanoatli, odil, nizomparvar va gʻayratli edilar. Oʻzlariga yuklatilgan vazifalardan boshqa ishlar bilan shugʻullanmasdilar. U kishi mashhurligi, Eron va Rumni larzaga solgan sarkarda boʻlishiga qaramasdan hamisha yamoq kiyim kiyganlar. Baytul-Maqdisga safar qilgan paytlarida bir qul bilan tuyani navbatma-navbat minib borganlar. Hatto Baytul-Maqdis darvozasiga yetib kelganlarida ham azbaroyi gʻulomning navbati kelgani sababli uni tuyaga mindirib, oʻzlari piyoda kirib borgan ekanlar.
Hazrati Usmonning xalifaligi
Hazrati Umar xastalik davrlarida hech kimni xalifa qilmadilar, balki ashoblarning ulugʻlaridan olti kishini toʻplab, oʻzlaringiz oʻz ichlaringizdan kimni loyiq bilsangizlar, oʻshani xalifa qilingizlar, dedilar. Hazrati Ali, hazrati Usmon va Abdur-Rahmon binni Avf shu olti nafar qatorida edilar. Bular hazrati Umarning dafnlaridan keyin bir uyga yigʻilib mashvarat qildilar. Abdur-Rahmon binni Avfdan tashqari hammalari Usmonni xalifalikka loyiq topdilar.
Abdur-Rahmon koʻrdiki, vaziyat boʻlakcha, hammadan farqlanib, xalifa boʻlishdan choʻchidi. Binobarin, ertangi kun odamlar masjidga toʻplanganlarida janob Abdur-Rahmon minbarga chiqdi, avvalan hazrati Alini oldilariga chaqirib, baland ovozda soʻradilar: “Yo Ali, men seni xalifalikka loyiq bilurman, shu shart bilanki, Paygʻambarimiz hazratlari va avvalgi ikki xalifa tutgan yoʼldan chiqmaysan”. Bu mushkul shart edi. Hazrati Ali javob berdilarki, men buning uddasidan chiqolmayman. Janob Abdur-Rahmon bu dafʼa hazrati Usmonni chaqirdilar va yana ushbu shart bilan xalifalikni taklif qildilar. Hazrati Usmon qabul qilgach, odamlar hazrati Usmonni tan oldilar.
Fathlar
Hazrati Usmon zamonlarida ham Islom lashkari har tarafga muzaffarona yurish qildilar. Eron yerida boʻlgan lashkar Eron mamlakatining barcha jabhalarini egalladi va endi Turkistonga yurish qildi. Rum davlati bilan jang qilayotgan lashkar Suriyani egalladi. Janubda Afrika ham shu tariqa zafarli va gʻolibona yurishlar natijasida musulmonlikka oʻtdi. Hazrati Usmon zamonlarida Islom mamlakatlari juda kengaydi.
Dengiz jangi
Hazrati Paygʻambarimiz zamonlaridan hazrati Usmon zamonlariga qadar Islom ahli qancha jang qilgan boʻlsa, hammasini quruqlikda oʻtkazgan boʻlib, dengizda hech jang qilmagan edi. Bu xalifa zamonlarida Islom lashkari jang kemalari yasab, Rodos va Qibris orollarini oldilar. Rum imperatori bu xabardan gʻazabga keldi va hamma kemalarini hozirlab, musulmonlar bilan dengizda qattiq janglar qildi. Musulmonlar kuchli kelib, imperatorga shikast yetkazdilar. Musulmonlarning dastlabki dengiz jangi ham shu tariqa voqeʼ boʻldi.
Fitna zohir boʻlishi va hazrati
Usmonning oʻldirilishi
Hazrati Usmon xalifalikka oʻtirgach, hazrati Abu Bakr va Umar tarafidan tayinlangan viloyatlarning aksar voliylarini bekor qilib, ularning oʻrinlariga oʻz qarindoshlaridan tayin qildilar. Hazrati Usmon qarindoshlaridan baʼzilari ularning zamonlarida qora ishlar bilan mashgʻul boʻlganlar. Bunga qoʻshimcha ravishda ushbu voliylar viloyatlarda zulm qilar edilar. Binobarin, musulmonlar hazrati Usmonning bu ishlarini oldingi shartlarga muxolif bilib, unga qarshi chiqdilar va natijada fitna zohir boʻldi. Misr, Qoʻfa va Basra xalqi guruh-guruh boʻlib Madinaga keldi va hazrati Usmonga dediki, siz shartingizga vafo qilmadingiz, endi xalifalikni tark qiling, bizlar boshqa kishini xalifa qilurmiz. Hazrati Usmon qabul qilmadilar. Odamlar xalifaning uyiga hujum qilib, ul janobni shahid qildilar.
Shunday qilib, bu fitna musulmonlar uchun koʻp yomon boʻldi. Ushbu fitna boshqa fitnalarga sabab va asos boʻldi. Keyinchalik Islom ahli ichki fitnalar bilan mashgʻul boʻlib, jahongirlikdan qolib ketdi. Agar shu fitnalar boshlanmasa edi, musulmonlar avvalgidek hamjihat boʻlib, Islomni yoyish bilan mashgʻul boʻlganlarida, bugun butun olam musulmonobod boʻlgan boʻlur edi.
Hazrati Alining xalifaligi va
Jamal jangi
Gʻavgʻochilar hazrati Usmonni oʻldirganlaridan soʻng odamlar hazrati Alini xalifa qildilar. Lekin hazrati Usmonning qabilalaridan binni Ummiya hazrati Ali xalifaligini qabul qilmadi. Shom viloyatida Muoviya al-Sufyon degan kishi atrofida odamlar jamʼ boʻldilar. Muoviya binni Ummiya qabilasining ulugʻlaridan edi. Boshqa tarafdan Zubayr va Talxa — ikki ulugʻ sahobalardan edilarki, hazrati Ali xalifaligini ular-da qabul qilmadilar. Va hazrati Oyisha bilan birgalikda Basra shahriga kelib, hazrati Aliga qarshi jang qilishga hozirlik koʻra boshladilar. Hazrati Ali avvaldan ularga xat yozib, nasihat qildilar, ular qabul qilmadilar. Nochor Madinadan lashkar tortib, ular ustiga yurdilar. Qattiq jang boʻldi va bu jangda Zubayr bilan Talxa oʻldirildi, hazrati Oyisha asir olindi. Bu urushni Jamal jangi, deb ataganlar.
Siffin jangi
Garchi hazrati Ali Jamal jangida muzaffar boʻlsalar-da, oldilarida hali ulugʻ ishlar bor edi. Zero, Shom viloyatining voliysi Muoviya binni Ummiya oʻz qabiladoshlarini atrofiga toʻplagan edi. Bular hazrati Alini hazrati Usmonning kushandasi, deb uning xalifaligini qabul qilmadilar. Muoviya Shom ahlini hayajonga solib, oʻzini xalifa, deb eʼlon qildi. Hazrat Ali nochor uning ustiga lashkar tortdilar. Siffin degan mavzeda ikki Islom lashkari roʻbaroʻ boʻlib, toʻqson kun jang qildi. Har ikki tarafdan sakson ming musulmonning qoni toʻkildi.
Hakamlarning tayin qilinishi
Hazrati Ali qariyb zoʻr kelay deganlarida Muoviya hiyla ishlatib, sulh talab qildi. Ikki lashkar jangdan qoʻl tortdilar. Xalifalik masalasini hal qilmoq uchun har ikki tarafdan ikki hakam, yaʼni oqsoqollarni tayin qilishga kirishdilar. Hazrati Ali tarafidan Muso Aʼlo Shaʼriy, Muoviya tarafdan esa Umar binni al-Os tayin qilindi. Bu ikki oqsoqol bir joyda oʻltirib mashvarat qildilar. Umar binni al-Os Abu Musoga firib berib, ikki lashkar oldiga kelib, hazrati Alini bekor, Muoviyani esa xalifa tayin qildi. Hazrati Ali tarafdorlari bu voqeadan gʻamgin boʻlib, ul janob yetagida Koʻfaga qaytdilar.
Xorijiylarning paydo boʻlishi va hazrati
Alining oʻldirilishi
Hazrati Alining baʼzi tarafdorlari Siffin jangida firib yeganlari sababidan qattiq gʻamgin boʻlib, oʻzlaricha hazrati Alidan gina qildilar. Nahravon shahrida jamʼ boʻlishib, hazrati Alining oʻzlari bilan jang qilish niyatida boʻldilar. Amir-al-moʻminin bu xabarni eshitib, ular ustiga yurish qildilar va shikast berdilar. Ular bu voqeadan dargʻazab boʻldilar va bora-bora hazrati Aliga dushmanroq boʻlib qoldilar. Bu jamoani xorijiylar, yaʼni xavorij, deb ataganlar. Hijratning qirqinchi yilida Abdur-Rahmon binni Baljom Qoʻfa masjidida hazrati Alini shahid qildi.
Musulmonlar bu toʻrt xalifani “xulafo ar-roshidin”, yaʼni asl xalifalar, deb ataganlar.
Imom Hasan
Hazrati Ali shahid boʻlganlaridan soʻng uning tarafdorlari imom Hasanni xalifa qildilar, lekin imomi Hasan koʻrdilarki, Muoviya bilan barobar kelib boʻlmas, xalifalikning bahridan oʻtib, uni Muoviyaga berdilar.
Uchinchi qism
UMMAVIYLAR VA ABBOSIYLAR
Ummaviylar xalifaligi
Oʻtgan fasllardan anglaganimizdek, hazrati Paygʻambarning vafotlaridan soʻng Muoviya zamoniga qadar xalifalik maxsus bir kishining haqqi emas edi. Musulmonlar kimni xohlashsa, oʻshani xalifa qilar edilar. Imom Hasan isteʼfosidan soʻng, Muoviya xalifalikka muqarrar boʻlib, xalifalikda rasmiy sulolani rasm qilib, oʻz oʻgʻli Yazidni valiahd qildi. Shundan soʻng xalifalik ularning xonadonlarida qoldi. Ular binni Ummiya qabilasidan boʻlganlari uchun ularni ummaviylar, deb ataganlar. Bu jamoadan oʻn toʻrt nafar kishi navbatma-navbat xalifalik qildilar. Ularning xalifalik davrlari toʻqson yetti yil davom etdi. Poytaxti Shom shahri boʻlgan. Ummaviylarning mashhur xalifalari: Muoviya, Yazid, Valid binni Abdul-malik va ularning eng oxirgisi Marvon binni Muhammad edi. Endi ularning qisqa hollarini bayon qilaylik.
Muoviya binni Abu Sufyon
Muoviya ummaviylar davlatining asoschisidir. Hazrati Usmon zamonlarida Shom viloyatining voliysi qilib tayinlangan edi. Hazrati Usmon qatl qilinganlaridan soʻng hazrati Aliga qarshi isyon qilib, hazrati Usmonning xunini daʼvo qilgan va bu Siffin jangiga sabab boʻlgan. Hazrati Ali oʻldirilgandan va imom Hasan isteʼfosidan soʻng xalifalik taxtiga erishgan. Koʻp tavozekor va tadbirkor edi. Har viloyatlarning ulugʻlarini pul zoʻri bilan oʻziga tarafdor qilgan. Uning zamonida Islom lashkari baʼzi shaharlarni qoʻlga oldilar, hatto Istambul shahrini ham musoxara qildilar, lekin ololmaganlar. Birinchilardan boʻlib Islom viloyatlariga qozi va muftiylarni yuborgan, yangi yoʼllar qurdirgan, pochtani ham taʼsis qilgan shu zot edi. Oʻzi tirikligida oʻgʻli Yazidni valiahd qilib, hijratning oltmishinchi yilida vafot qilgan.
Yazid va Karbalo hodisasi
Yazid binni Muoviya otasining oʻrniga oʻtirdi. Bu ishdan Makka va Qoʻfa ahli gʻazabga keldi. Qoʻfa ahli imom Husaynga xat qildilarki, biz Yaziddan bezormiz, keling, sizni xalifa qilurmiz. Imom Husayn ularning soʻzlariga aldanib, Bayt ahli va oʻzlariga mutalliq boʻlgan yetmish nafar kishi bilan Makkadan Qoʻfaga ravona boʻldilar. Yazid bu voqeani eshitib, lashkar yubordi. Yazid lashkari Karbalo mavzeida hazrati Husaynga roʻbaroʻ boʻlishdi. Ul hazratni tobelari bilan barobar oʻldirdilar. Musulmonlarning dili rahmsizona jinoyatdan parxun boʻldi. Bu hodisadan xurdsol (balogʻatga yetmagan) imom Zaynal-Obidin binni imom Husayndan boshqa hech kim xalos qolmadi. Bu xabardan Makka ahli gʻazabga kelib, Abdulloh binni Zabirni xalifa qildilar. Madina ahli ham unga tobe boʻldi. Yazid ularning ustiga ham lashkar yubordi. Uning lashkari avvalan Madinani jang bilan oldi, soʻngra Makkaga kelib, uni muxosara qildi. Shu hangomda Yazidning oʻlganidan xabar topib, orqaga qaytdilar.
Valid binni Abdul-malik
Valid otasi oʻlgandan keyin, sakson oltinchi yili xalifalik taxtiga oʻltirdi. Bu xalifa zamonida musulmonlar koʻpgina mamlakatlarni qoʻlga kiritganlar. Uning Muhammad binni Qosim ismli sardori Hindistonning baʼzi shaharlarini, Qutayba binni Muslim ismli boshqa bir sardori Turkiston va Qoshgʻarni zabt qildi.
Andalus fathi
Andalus Ovruponing gʻarbiy-janubiy chekkasida joylashgan. Xaritiga qarasangiz koʻrasizki, bu mamlakat juda kengdir. Bizning zamonamizda Isponiyo va Partugʻaz nomli ikki davlat bu yerlarda hukmronlik qiladi. Andalus mamlakati shimol tarafdan Frantsiyo, janub tarafdan Fors mamlakatiga hamsoyadir. Fors va Andalusning oralarida bir boʻgʻoz boʻlib, uni Sabata boʻgʻozi, deb ataganlar. Shunday qilib, ushbu mamlakat ham Valid binni Abdul-malik zamonida musulmonlar koʻliga oʻtdi. Shu tariqa Misrdan Forsga qadar boʻlgan hamma mamlakat Islom ahli qoʻlida boʻldi. Bu joylarning Muso binni Nasir ismli voliysi Validga maktub yozdiki, agar xalifa ijozat qilsalar, men Andalusni fath qilurman.
Valid ijozat qildi. Muso binni Nasir oʻz gʻulomi Toriq binni Ziyodni ozgina lashkar hamrohligida Andalus ahvolidan xabar olmoqqa yubordi. Toriq bu ozgina lashkar bilan Sabata boʻgʻozidan oʻtib, Andalus xokiga keldi. Boʻgʻoz etagidagi togʻ etagida toʻxtab, avvalan kemalarga oʻt qoʻyib yoqib yubordi va hamrohlariga aytdiki, endi bizga qaytmoqqa yoʼl qolmadi, gʻayrat qilingizlar, oldingga yururmiz va ul obod mamlakatni qoʻlga olurmiz. Soʻngra togʻ etagidagi yoʼldan yurdilar. Andalus hukmdorlari bilan jang qilib, ularning shaharlarini oldilar. Ushbu togʻni hozirga qadar “Jabal-Toriq”, yaʼni Toriq togʻi, deb ataganlar va Sabata boʻgʻozini ham “Boʻgʻozi Jabal-Toriq”, yaʼni Toriq togʻining boʻgʻozi, deyilgan. Muso binni Nasir bu xabarni eshitib, oʻz lashkari bilan Andalusga keldi. Ikkala sardor qoʻshildilar, birgalikda Andalus ahliga qarshi jang qilib, ul mamlakatni-da oldilar.
Marvon binni Muhammad va ummaviylar
davlatining zavoli
Valid binni Abdul-malik vafotidan soʻng, aksar xalifa boʻlgan kishilar zolim, xunrez va fosiq edilar. Arab boʻlmagan musulmonlarga jabr-zulm qildilar. Zotan, musulmonlar hodisasidan boshlab ulardan bezordirlar, nafrat qilardilar. Lekin u paytlar ummaviylar davlati zoʻr boʻlgan. Odamlar oʻz nafratlarini ochiq bayon qilishdan qoʻrqqanlar. Hijratning 127 yilida ummaviylarning soʻnggi podshohi boʻlgan Marvon binni Muhammad xalifalik taxtiga oʻltirdi. Bu odam koʻp gʻayratli va ilmli boʻlgan. Lekin ne foydaki, ummaviylar davlatining asosi avvalgʻi hukmdorlarning baxtsizliklari, zulm va fisq bilan qoplangan edi. Uni oʻnglab qolish mumkin boʻlmadi. Xalq har tarafdan isyon qilib, Marvonni Abu Muslim Xurosoniy zohir boʻlgunga qadar sargardon qildilar. Abu Muslim eronlik millatparvarlardan biri edi.
U oʻz millatini ummaviy xalifalar zulmidan xalos qilmoq istadi. Oʻz atrofiga odamlarni toʻplab, ummaviylar tarafdorlari bilan qattiq janglar qildi. Abu Muslim aytar ekanlarki, binni ummaviylar xalifalikni egallab olganlar, ulardan xalifalikni olib, asl sohiblariga topshirurmiz. Abu Muslimning bu soʻzlari musulmonlarga maʼqul boʻlgan. Uning atrofiga jamʼ boʻlishib, kundan kun quvvat topdilar va hijratning 132 yili Marvon lashkarini tamoman mahv etdilar. Marvon qochdi. Abu Muslim hazrati Abbos avlodlaridan boʻlgan Abu Abbos ismli kishini xalifa qildi. Shunday qilib, xalifalik binni ummaviylar xonadonidan binni Abbos xonadoniga oʻtdi.
Abbosiylar xalifaligi
Hazrati Abbos hazrati Paygʻambarning amakilari edilar. Abbosiylar hazrati Abbosning avlodlaridirlar. Abu Muslim Xurosoniyning saʼy-gʻayrati bilan xalifalik ummaviylardan ularga oʻtdi. Ularning avvalgi bir-ikki xalifalari ummaviylardan qasos olmoq niyatida koʻp xunrezliklar va noinsofliklar kildilar. Bu ikki-uch xalifadan soʻng boshqa xalifalar musulmonlarni ilm va sanʼatli boʻlishga, Islom mamlakatlarini obod qilishga koʻp harakat va xizmat qildilar. Qolganlari zavq va safo bilan mashgʻul boʻlganlar. Ularning zamonida Islom olami parcha-parcha boʻldi. Har tarafdan podshohlar va amirlar paydo boʻldilar. Abbosiylar jamoasidan oʻttiz yetti nafari xalifalik qildi. Xalifalik muddati 524 yil davom etdi. Abbosiy xalifalarning poytaxti Bagʻdod edi. Ularning mashhurlari: Xorun ar-Rashid, Maʼmun, oxirgisi Mustaʼsim Billo.
Xorun ar-Rashid
Xorun ar-Rashid hijriy 173 yili taxtga oʻtirdi. Abbosiylarning beshinchi xalifasi edi. Xorun ar-Rashid Islomning buyuk podshohlaridan biridir. Uning zamonida koʻpgina madrasalar, kitobxonalar va shifoxonalar qurilgan. Bu xalifa haqiqatdoʻst, maorifparvar, azamat va shavkatli boʻlgan. Koʻpgina ilm-fan kitoblarini Erondan, Rumdan va Hindistondan keltirib, arab tiliga tarjima kildirgan, sanʼatni ham rivoj topdirgan. Uning zamonida musulmonlar zangdor soatni ixtiro qilganlar. Xorun oʻsha soatlardan birini Farangiston podshohlaridan biriga yuborgan. U yerning odamlari bungacha zangdor soatni koʻrmagan edilar. Binobarin, mazkur soatni sehrli va joduli deb qoʻrqqanlar. Xorun ar-Rashid Rum imperatori bilan janglar qilib, uni oʻziga boj toʻlaydirgan qildi. Uning vaziri Yahyo binni Xolid Barmakiy boʻlgan. Yahyodan soʻng oʻgʻillari Fazl binni Yahyo va Jaʼfar binni Yahyo ham Xorunga vazirlik qildilar. Bu uchala vazir ham jahonda odilliklari, insofliklari, xayru ehsonparvarligi bilan mashhurdirlar. Tarixda ularni al-Barmakiy, yaʼni barmakiylar sulolasi, deb ataganlar.
Maʼmun
Maʼmun Xorun ar-Rashidning oʻgʻli va abbosiylarning yettinchi xalifasi boʻlgan. Ilm va maʼrifatning taraqqiysi xususida otasidan ham koʻproq harakat qilgan. Qayerda biror olim yoki dononi eshitsa, ularni mamlakatga keltirib asrar va qayerda hikmatli kitoblar xabarini eshitsa, keltirib arab tiliga tarjima qildirgan. Barcha ilm olimlari din va mazhabidan qatʼi nazar uning atrofida jamʼ boʻlganlar. Bogʻdodda koʻp bilimli tabiblarni toʻplagan va oliy darajadagi shifoxonalar barpo qilgan. Musulmonlarning sanʼati, tijorati va ziroati Maʼmun davrida boshqa hamma ajnabiy mamlakatlardan koʻproq taraqqiy qilgan edi.
Al-Mustaʼsim Billo va abbosiylar
davlatining zavoli
Maʼmundan soʻng abbosiylar jamoasidan yigirma nafar kishi xalifalik qildi. Lekin ularning aksariyati beobroʻ, susttabʼ va baʼzilari badaxloq edilar. Binobarin, abbosiylar davlati kundan kun tanazzul topdi. Bora-bora Islom mamlakatlarining har tarafidan bir podshoh, ketidan ikkinchisi paydo boʻla boshladilar. Abbosiy xalifalar esa, Bogʻdodda oʻgirib, bu podshohlar farmonlarining tobeiga aylanib qoldilarki, 640 (hijriy) yilda al-Mustaʼasim Billo xalifa boʻldi. Al-Mustaʼasim abbosiy xalifalarning oxirgisi boʻlib, susttabʼ odam boʻlgan. Oʻn besh yil xalifalik qilib, 656 (hijriy) yili Xalokuxon kelib Bogʻdodni olgach, xalifani oʻgʻli bilan oʻldirdi va kitobxonalarni yondirdi. Jannatobod Bagʻdod qon va otash ichida qoldi. Abbosiylar davlati barham yedi. Al-Mustaʼsimning amakisi Xalokuxonning qoʻlidan qochib, Misrga bordi. U yerning amiriga oʻzini tanitdi. Soʻngra Misrda oʻn toʻrt abbosiy xalifalik qilgan. Lekin ularning xalifaligi podshohlik qilish boʻlmay, balki shayxlik edi. Usmoniya davlati xalifalikni shulardan olgan.
Andalusdagi ummaviylar davlati
Yuqorida 132 (hijriy) yili Abu Muslim Xurosoniyning saʼy-harakati bilan xalifalik ummaviylar xonadonidan olib, abbosiylar xonadoniga berilgani va abbosiylarning birinchi va ikkinchi badniyat xalifalari oʻch olish maqsadida koʻpgina ummaviylarni oʻldirganliklarini aytgan edik. Shu zamonda Abdur-Rahmon binni Muoviya binni Hishom ismli kishi Andalusga qochib ketgan edi. Andaluslik musulmonlar uni oʻzlarining podshohi qildilar. Abdur-Rahmon 135 (hijriy) yilda Andalus taxti saltanatiga oʻltirib, u mamlakat obodligi yoʼlida koʻp xizmat qildi, masjidlar va madrasalar qurdirdi, kanallar va yoʼllar ochdirdi. Mamlakat tijorati va ziroatini tarakqiy qildirdi. Shunday qilib, Andalus mamlakatida ham bir Islom saltanati taʼsis qilindi. Andalus podshohligining eng kattalari Malik Abdur-Rahmon Solisdirki, 291 (hijriy) yili podshoh boʻlib, Andalus qitʼasini ilm va madaniyat sohasida dunyodagi eng oliy mamlakatlar qatoriga qoʻshdi.
U zamonlarda Farangiston odamlari Andalusga kelib, musulmon madrasalarida ilm va fan oʻrganib, qaytib ketar edilar. Shu sababli olam tarixining biluvchilari Andalus musulmonlarini Farangiston ustozlari, deb ataganlar. Andalus davlati 422 (hijriy) yilga qadar shu tariqa shavkatli va qudratli boʻlib turgan. Soʻngra, qoʻzgʻolonlar, mardum nifoqi, podshohlar andishasizliklari natijasida mamlakat parcha-parcha boʻldi va har parchasi bir amirning qoʻliga oʻtdi. Bu amirlar musulmon ekanliklariga qaramay bir-birlari bilan doimo jang qilganlar. Va nasroniylar ularning oʻzaro ixtiloflaridan foydalanib, baʼzi viloyatlarni egalladilar.
Ish shu joyga yetdiki, Andalusning oxirgi podshohi boʻlgan Abu Abdulloh as-Sagʻir zamonida Andalus olti qismga boʻlinib, bir qismigina uning qoʻlida qolgan, boshqalari esa, nasroniylar qoʻliga oʻtgan. Andalus nasroniylarining Ferdinand ismli podshohi Abu Abdulloh as-Sagʻir shaharlarini ham asta-sekin egallab, poytaxti Granadani musoxara qildi. Abu Abdulloh chora topmay, toju taxtini Ferdinandga topshirib, baʼzi narsalarini, qarindoshlari va ayollarini olib koʻchib ketgan. Ushbu tariqa Andalus hukumati 870 (hijriy) yili oʻsha yerning nasroniylari qoʻliga oʻtgan.
Andalus musulmonlarining oqibat ahvoli
Musulmonlar Andalusda hukmron boʻlgan zamonlarda ul yerning nasroniylari koʻp osuda va rohatda boʻlganlar. Ularga hech vajdan zulm va jabr qilmaganlar. Lekin Islom hukumati u yerda tugatilgandan soʻng va mamlakat Ferdinand qoʻliga oʻtgach, Islom ahli uchun zulm va muruvvatsizlik darvozalari keng ochildi. Ularni zoʻrlik va jabr bilan nasroniylikka oʻtkazdilar, ularning dodlarini soʻramaganlar. Masjid va madrasalarni vayron qildilar. Musulmonlarning baʼzilarini oʻldirdilar, baʼzilarini oʻtda yoqdilar, qolganlarini xiyla qilib, mamlakatdan chiqarib yubordilar. Shunday qilib, musulmonlar u yerda koʻrgan zulmlarini hech qaysi gʻolibdan koʻrmaganlar. Shu sabab boʻlib Andalusda musulmonlar zoʻrlik bilan barham topdilar. Hozirgi kunda tamomi Andalusda (Isponiyo va Partugʻazda) bir musulmon ham qolmagan.
So’nggi izohlar