Moʻminlarning hammasi bir-birlariga birodardirlar. Ularning biri ikkinchisidan ortiq emas, balki ortiq-kamlik taqvoga qarab belgilanadi.
Mansur Xalloj
(“Tazkirotul-Avliyo” kitobidan)
Aytadilarki, Mansur Xallojdan soʻrabdilar: “Sabr nima?” U javob beribdiki: “Oyoq-qoʻlni qirqadilar va dorga osadilar”. Qiziqki bu gap uning oʻziga tatbiq boʻldi: uning oʻzining qoʻl-oyoqlarini qirqdilar va dorga osdilar. Uning aytgan soʻzlari nihoyat xalifaning qulogʻiga yetib bordi. U “anal-Haq”, yaʼni “Men Xudoman” deb aytgan edi. Uni chaqirib aytdilarki, aytgilki “Huva-l-Haq”, aytgilki “U — Xudo”, shunda u javob aytadiki, ha, hamma Oʻsha, U yaʼni hamma, katta dengizda Hasan (yaʼni oʻzini aytadi) yitibdi va qolgan narsa U, deb javob beradi unga.
Ilm jamoati unga xuruj qildilar va uni olib zindonga tashladilar. Bir yil zindonda yotibdi. Bu vaqt ichida odamlar uning oldiga borar ekanlar va undan masalalar soʻrar ekanlar. U javob berar ekanlar. Keyin muhtasin odamlarning kelib-ketishini ham manʼa qildi. 5 oygacha hech kim bormadi. Faqat bir gal Ibni Ato degan odam va bir bor Abdulloyi Xafih uning oldiga bordi. Ibni Ato uning oldiga borib aytadiki, ey shayx, sen shu aytgan gapingdan uzr soʻra, seni xalos qiladilar. Xalloj javobiga aytadi, oʻsha odamiki oʻsha gapni aytibdi, “anal-haq” ni aytibdi, oʻsha uzr soʻrasin. Yaʼni, men Mansurman, men bu gapni aytmaganman. U bu gapni oʻsha holatga, yaʼni Xudo boʻlgan holatda aytgan. Ibni Ato bu gapni eshitib, zor-zor yigʻlab u yerdan chiqib ketadi.
Bir kechayu kunduz qamalxonada yuz raʼkat namoz oʻqir ekan. Soʻraydilarki, agar sen Haq boʻlsang, namozni nega oʻqiysan? U javob beradiki, Mo donem qadrimo, yaʼni Biz qadrimizni oʻzimiz bilamiz. Zindonda 300 asir bor ekan. U asirlarga aytadi, ey odamlar kelinglar, men sizlarni xalos etaman. Ular, oʻzingni nega xalos etmaysan, deb soʻraydilar. U, men Xudoning bandiga bogʻlanganman, deb aytadi.
Keyin odamlarga: “Kelinglar, men sizlar uchun duo oʻqiy, ketishingiz uchun yoʻl ochay”, dedi. Va bir duoning kuchi bilan zindon tagidan yoʻl ochildi. Zindonda oʻltirganlar birin-ketin shu yoʻl bilan zindonni tark etdilar. Bir asir soʻradi: “Yuring oʻzingiz ham, nega ketmaysiz?” U aytdiki, “Men bilan Xudoning oʻrtasida bir sir bor, uni faqat dor ustida aytish mumkin”. Oradan bir muddat oʻtib, zindonbon keldi va odamlarni soʻradi. U kishi: “Ozod qildik”, dedilar. “Sen oʻzing nega ketmading?” deb soʻradi u. Mansur javob berib aytdiki: “Xudo menga qahr qilgan”.
Oxiri xalifaga aytadilarki, uni oʻldirmasang boʻlmaydi, xalq orasida gʻavgʻo kuchayayotir, deb. Xalifa unga 300 darra urishni buyruq qiladi. Har darra tushganda darradan “ey Mansur oʻgʻli, qoʻrqma” degan ovoz chiqar ekan. (Bir odam ana shu voqeadan keyin oʻsha darra urayotgan jallodga eʼtiqodi juda kuchayibdi. Aytibdiki, u odam shariatga shunchalik koʻp ixlosmand ekanki, darradan ovoz chiqsa ham, qoʻli qaltiramay, Xallojni uraveribdi.)
Keyin uni dorga osish uchun olib boribdi. Minglab odamlarning koʻzi unda. U boʻlsa “Haqki, haqki, anal-Haq”, deb aytib turgan ekan. Bir darvesh oʻsha yerda Xallojdan “ishq nima” deb soʻradi. Mansur javobiga aytadiki, bugun koʻrasan, erta koʻrasan, indin koʻrasan. Maʼnosi, oʻsha kun uni oʻldirdilar, ertasi kun uni kuydirdilar, uchinchi kuni hokini sovurdilar.
Dorga olib ketayotganlarida u xirom bilan, xursandchilik bilan ketadi. Nega buncha xursandsan, deb soʻrasalar, men nahrgohga ketyapman, deb javob beradi. Uni dor tagiga olib boradilar. Shunda u dorning yogʻochiga boʻsa uradi. Undan, nega bunday qilding, deb soʻraydilar. Shunda u, mard kishilarning meʼroji — dorning yogʻochi, deydi.
Uni dorga osmoqchi boʻlib turganlarida Shibliy undan, “Tasavvuf nima?” deb soʻraydi. U: “Eng kami shuki, koʻrib turibsan”, deydi. Odamlar unga tosh otishni boshlaydilar. Shibliy ham odamlarga qoʻshilib, unga bir gul otadi. Shunda Xalloj qattiq oh uradi. Shunda odamlar undan, “shuncha tosh otganda bir marta ham ih demading, Junayd senga bitta gul otganida nega qattiq oh tortding?” deb soʻraydilar. U javobiga “bu odamlar menga tosh otayotgan boʻlsalar ham, ularning uzrlari bor, ular tushunmaydilar. Shibliy boʻlsa tushunib turib, menga bu ishni qildi. Shunga jonim ogʻridi”, deb aytadi.
Keyin uning qoʻlini kesadilar. Shunda u kuladi. Undan, nega kulding, deb soʻraydilar. U, bogʻlangan odamning qoʻlini kesish oson, agar mard boʻlsanglar arshi aʼlodagi himmat kulohini olib tashlanglar, deydi u. Keyin oyoqlarini qirqadilar. Oyoqlarini qirqqanda ham u bir tabassum qiladi. Aytadiki, men bu oyoqlarim bilan zaminda safar qilar edim. Lekin mening shunday bir qadamim borki, hozir ikki olamni sayru sayohat qiladi. Qoʻlinglardan kelsa, bu qadamni ham qirqib tashlanglar, deydi.
Ikki bilagini kesganlaridan keyin u choʻltoq bilaklaridagi qonni yuziga va tirsaklariga surtadi. Odamlar undan nega bunday qilding, deb soʻraydilar. U: “Mendan juda koʻp qon ketdi. Qon ketsa, yuz oqaradi. Sizlar meni qoʻrqishdan oqarib ketdi, deb oʻylamasligingiz uchun yuzimga qon surtdim. Erkaklarning surxi — qoni boʻladi”. (Ayollarning surxidan farqli oʻlaroq.)
Ha, yuzingga nega surtganingni biz tushundik, lekin nega tirsaklaringga ham surtding, deb soʻraydilar. Tahorat qildim, deydi u. Qanday tahorat bu, deb soʻraydilar. Ishq maktabida, deydi u, shundoq bir ikki raʼkat bor, uning tahoratini faqat qon bilan qilish mumkin, boshqa narsa bilan tahorat qilib boʻlmaydi.
Keyin qoʻllarini uzib tashlaydilar. Xalq orasida gʻavgʻoyu qiyomat boshlanadi. Baʼzilar yigʻlayotgan, baʼzilar tosh otayotgan. Keyin tilini kesmoqchi boʻladilar. Shunda u, bir ogʻiz gapim bor edi, shuni aytsam, deb iltimos qiladi. Keyin yuzini osmonga burib, “Iloho, menga qilgan bu ranjlari uchun ularni inoyatingdan mahrum qilma, ular Sening yoʻlingda mening qoʻl-oyoqlarimni kesdilar”, deb duo qiladi.
Keyin uning tilini, undan keyin boshini kesadilar. Boshini kesayotganlarida ham u tabassum qilib jon beradi. Uning kesilgan har bir aʼzosidan “anal-haq” degan ovoz chiqaveradi. Odamlar buni eshitib, gʻavgʻo juda ham kuchayib ketadi. Ikkinchi kuni mardum aytadiki, uning margiga uning tirikligidan ham koʻra koʻproq gʻavgʻo bor. Uning kesilgan aʼzolaridan “anal-haq” degan ovoz chiqib turibdi. Uni endi kuydirish kerak, deydilar. Uni kuydiradilar. Lekin kulidan ham “anal-haq” degan ovoz chiqaveradi. Kuli qayerga toʻkilsa, “anal-haq” degan yozuv paydo boʻlaveradi. Ular endi nima qilishlarini bilmay qoladi. Oxiri kulni Dajla daryosi ustiga tashlaydilar. Daryoda ham “anal-haq” yozuvi paydo boʻladi.
Abbosoi Tusiy degan bir mutasavvif aytgan emishki, qiyomat kuni ham Mansuri Xallojni zanjirband qilib keltirish lozim. Boʻlmasa, qiyomatni ham butunlay ostin-ustin qilib tashlaydi. Lekin asli haqiqat shuki, qiyomatda mezon Mansurning obrazi bilan belgilanadi, ammo lekin bu gapni hozir har kim ham hazm qila olmaydi.
Mansurni dorga osganlarida shayton kelib: “Sen bitta “ana” deding, men ham bitta “ana” dedim. Nima uchun sening ustingga rahmat yogʻilyapti, menga esa laʼnat?” Mansur javob berib aytibdi: “Sen “ana” ni oʻzingning eshigingga olib bording. Men esa “ana” ni oʻzimdan uzoq qildim. Shuning uchun menga rahmat keldi, senga kelmadi”. Manmanlik qilish yaxshi emas, menni oʻzidan yoʻq qilish yaxshi.
So’nggi izohlar