Qurʼonni oʻqib unga amal qilinglar. Undan uzoqlashib ham ketmanglar, uning maʼnosiga chuqur maʼno beraman, deb xato va mubolagʻaga berilib ketmanglar. Uni tirikchilik vositasi qilib olib, molu dunyo orttirishga ham oʻtmanglar.
Farididdin Attor: Ilohiynoma
Tangri taolo nomi-la boshladim “Ilohiynomani”, barcha nomalar maʼnosi Uning nomi-la bezanur. U shunday ulugʻ Zotki, mulki zavol bilmas. U haqda soʻzlaguvchining aqli xiralanib, tili lol boʻlur. Uning nomi nomlarni sharaflab, dillarga shodlik bagʻishlar, devonlar mundarijasining boshi ham shu nom. Bu nomdan jonlarning ogʻzi sharbatga toʻlar, Uni yodga oluvchining tili durru gavhar sochar. Uning nomisiz biror narsa yoʻq, barcha moʻʼjizalar, xushboʻy hidlar, rangin manzaralar, qudrat va sifatlar, shaʼnu sharaf, oru nomus shu nomdandir.
U shunday qudratli oliy Tangriki, barcha borliq Uning oldida pastdir, Uning zoti ilmu donishimiz, taʼrif-tavsifimizga sigʻmas, bas, qanday qilib Uning sharhu taʼrifini keltiray! Sunʼ qudrati qoʻli bilan tuproq markazi boʻlmish Yerni koptokchaday qilib falaq chavgoniga solib qoʻyibdi. Hech kimning aqli Undan yuqori emas, nechunkim hech kim Uning gʻaybi — asrorini biluvchi emas. Dunyodagi barcha hodisalar, ashʼyolar, koʻp va ozlik, salbiy va ijobiylik, raddiya va tasdiqlar Uning mavjudligini isbotlashga xizmat qiladi. Butun olam munazzah — pok Zotining dalilidir. Sifatlari Uning zotidir va zoti sifatlariga misoldir. Agar sinchiklab qarasang, barcha sifatlar zotdir. Butun borliqning vujudi Uning hazratining soyasi, Uning qudratining izi — asari, ijodi, sanʼati.
Ha, Uning zoti bilan mavjud boʻlgan olam shunday mustahkam vobastalik, oʻzaro bogʻliqlikka egaki, suvdagi baliqdan falakdagi oygacha jami narsalar bir-biri bilan uzviy aloqador, lekin koʻrinib turgan bu dunyo Uning cheksiz olami oldida qilning qora rangichalik kichik bir narsa. U shunday bir ulugʻvorlikki, hech narsaga muhtojligi yoʻq, behisob aql va jonlar Uning oldida bosh oʻynab taslimdadirlar. U shunday qudratli harakatki, agar jonga kirsa, har zarrasidan ming toʻfon qoʻzgʻoladi. Shunday ajoyib vahdat-yagonalikki, oraga qil sigʻmaydi. Oh agar Uning huzurida qilchalik qadrim boʻlsaydi koshki!
Uning marhamati shunday ulugʻki, agar iblis undan bir qatra bahra olganida, barcha nobakorliklarni tark etgan boʻlardi. U shunday bir gʻayratki, agar olamga taralsa, butun borliqni bir lahzada barham eta oladi. U shunday haybatki, quyosh uning soyasida yoʻqolur, balki zarra misoli kichrayur. U shunday ulugʻ dargohki, xizmatiga oshiqqanlar uchun hech vaqt joy torlik qilmas. U shundayin bezavol mulk-saltanatki, abadul abad yoʻqolmas, eskirmas, vayron boʻlmas, kamaymas va yo ziddiyatlardan yemirilmas. Voqean, Unda ziddiyat, kelishmovchilik yoʻqdir.
Bu Daryo nuridan jahon yorugʻlik topadi. Haqdan homiylik va bandadan toatu ibodat, mehr va muhabbat boʻlsa qanday yaxshi! Haq va bandasi orasida robita-muomala boʻlsa qanday yaxshi!
Butun olamda sening Undan oʻzga yoring yoʻq, nega boshqa ishlarni boʻyningga olasan, oʻzgalardan madad soʻraysan? Agar oʻyingda yuzta oshno-doʻsting boʻlsa ham barini begona hisobla. Chunki chin doʻst Uning Oʻzidir. Agar senda togʻning sabriyu dengizning safo va sofligi boʻlsa, Doʻstning yetishish yoʻlidagi anduh-gʻamlar osonlikcha barham topajak. Agar ajaldan oldin oʻlsang, yaʼni nafsingni oʻldirolsang — abadiy hayotga erishasan. U senga yaqin, ammo sen Undan uzoqsan. Ogoh boʻlib anglagʻil, ey ayriliqdagi yantoq, sen Yaqindan shuncha uzoqlashding, hasratdan qalbing dogʻ, sharmandalik boshini tizza ustiga egasan.
Agar Xudo yoʻliga loyiq boʻlsang, hoyu havas yoʻlini tark et. Hoyu havasning koʻzi koʻr boʻlgach, ilohiy koʻzing haq sari ochiladi. Hayratning oxiri koʻrinmaydi, sen hayrat olami ichra gʻarqsan, ignani Daryo ichidan topishga intilasan, talpinasan, toʻlgʻanasan. Sen jahonni ikki eshikli ravon bil — bu eshigidan kirib, u eshigidan chiqib ketasan. Sen gʻaflat uyqusidasan va hech narsadan xabaring yoʻq. Xohlasang-xohlamasang, qismat qoʻlidasan. Agar gado yoki podsho boʻlsang ham, ikki gaz boʻz va toʻqqizta gʻishtdir oxirgi “mulking” — dunyodan orttirgan matoying. Sen toki falak ostidasan, ozod emassan. Baxt va baxtsizlik haqidagi tushunchalaring boʻsh va bemaʼni, tashla bu xayollarni! Agar mulku boyliging yeru koʻkdan iborat boʻlsa ham, oqibat gadoysan, Xudo mehrining gadoyi.
Ey aziz! Sen shohlik xazinasini tilarsan, ammo U raʼy qilsa beradi, istasa tortib oladi yoki umuman bermaydi. Sen esa bu boylikni U nega berdi va yana nega qaytarib olganini bilishing kerak. Bevafo dunyoning abadiy xursandchiligi yoʻq, nuri ham zulmatdir. Undago toʻyu tamosho motam va gʻamsiz emas. Agar kumush hadiya etsa, toshga aylanadi, bergan oti choʻloq, baxt qushining qanoti qayrilgan. Firoqsiz visol inson qismati emas, gul tikansiz, shakar esa chivinsiz boʻlmaydi. Bu olamda men begʻam kishini koʻrmadi, shunday odamni koʻrganimda edi, etagini ushlab, tavof etardim.
Borgil, taningni ulugʻ yuk gʻami ostiga qoʻy — Osmon shohligi gʻami bilan shugʻullan, jon chekkil, agar jon zarur boʻlsa, joningni bergil. Goʻrga kirmasdan burun charxi falak boʻylab, yugurishga qobil mardlik qobiliyatini koʻrmoqchiman senda. Jahon seni deb gʻam yemaydi-ku, nega sen uni deb gʻam chekasan, xoʻsh? Jahonning sen kabi kuyovlari koʻp boʻlgan, bayramlari, kelinlik toʻylari behisob boʻlib oʻtgan, lekin biriga vafo qilmadi… Onadan tuproq uchun tugʻilding, bu tuproq tepaning ustida qasru ayvon qurishing nima tagʻin! Joning tuproqqa qorishib, uqalanib ketar ekan, ayvon peshtoqini falak peshtoqiga yetkazishdan maʼno bormi?
Boylik gʻamini yeyishing qachongacha, nom-shuhrat uchun qaygʻurishing qachongacha? Ey xasta, agar aqling boʻlsa, oʻzingga oʻzing eshikni yop! Razzoqqa suyan, iymon-eʼtiqodda mustahkam boʻlib Unga ishongil, sabr qilib tinchlan biroz.
So’nggi izohlar