“Mendan rivoyat qilingan biror hadisni eshitganlaringizda dillaringizga tanish, badanlaringizga taʼsir qiladigan va aqllaringizga sigʻadigan boʻlsa, demak, u mening aytgan hadisimdir. Ammo eshitgan hadislaringiz buning aksidek boʻlsa, demak, u mening aytgan hadisim emasdir”.
Alloh sevgisiga erishgan banda
Inson yaxshiroq va teranroq oʻylasa, oʻzi sevgan barcha goʻzalliklarning ortida mulkning mutloq sohibi, butun olamlarning Rabbisi – Parvardigori Zul-jaloli valjamol hazratini koʻrgay.
Alloh sevgisiga erishgan qul avliyo boʻlgay, olim boʻlgay, fozil boʻlgay, komil boʻlgay; xayrli inson boʻlgay, xayrli avlod boʻlgay, xayrli ota-ona boʻlgay, xayrli omili boʻlgay, xayrli doʻst boʻlgay…
Bir kishi, qalbida ishqi ilohiy mashʼalasi yonmasdan turib, behuda ulugʻ ishlarga urinmasin, chunki qosh qoʻyaman deb koʻz chiqargay, xayr qilaman deb sharr (yomonlik) qilgay, jonni yoqgay, qalbni buzgay, atrof maydonni bir- biriga qorishtirgay, bandalarni bir-birlariga toʻqnashtirgay, gʻazab bilan turib, zarar bilan oʻtirgay, tiriltiraman deb oʻldirgay, obod qilaman deb barbod qilgay; chunki chala tabib jondan ayirgay…
Xalqqa yaxshi xizmat qilmoqning sharti, avvalo, Haqqa yaxshi qul boʻlmoqdir.
Xoliqiga vafosi boʻlmagan kimsaning maxluqotga safosi va foydasi sira boʻlmas!
Zohirini istaganicha poklasin, tozalasin, botini fosid boʻlsa, hech ahamiyati yoʻq.
Bizning bugungi kunda chekayotgan alamlarimizning koʻpi dushmandan emas, balki noqis musulmondandir. Bu kun har bir musulmon oʻz holiga, koʻrinishiga, qiyofasiga, kiyimiga, feʼl-atvoriga, soʻziga, ishiga juda diqqat etmogʻi, eʼtibor koʻrsatmogʻi, yomon taassurot uygʻotmoqdan shiddat bilan qochmogʻi lozimki, uzoqdan uni koʻrganlar, undan gʻazablanib, undan nafratlanib, Islomdan uzoqlashmasinlar!
Bolalardan soʻraladigan bitta savol bor: “Eng koʻp kimni yaxshi koʻrasan?” deyiladi. Tabiiyki, bola bu savolning javobini beradigan shurr saviyasida emas. Ammo onasi bilan otasi bolaga eng koʻp kimni yaxshi koʻrish kerakligini tushuntirish uchun shu savolni berib turishadi. Shunday qilib, unga “Eng koʻp Allohni yaxshi koʻraman” demoqni oʻrgatishadi. Sevgilarning eng haqiqiysi, eng birinchi oʻrinda turadigani Alloh sevgisidir.
Hammasidan oldin anglashilmoqdaki, baʼzi felʼlu xulq, harakatlar, duch kelgan tavr – holatlar insonni mahv etishi mumkin. Bas, u holda yomon feʼlu xulqlarimizni mutlaqo tark etmogʻimiz, ichimizni toza va yaxshi axloq bilan, tashqimizni esa ulugʻ, asl va yetuk feʼl- atvor bilan bezamogʻimiz lozim: komil, orif va zarif kishilar boʻlmogʻimiz lozim.
Alloh taolo hazratlari bizlarga Oʻzi sevgan qullaridan boʻlmogʻimizni nasib aylasin….
Bizda Oʻzi sevmagan neki hol, feʼlu xulq va sifat, ish bor boʻlsa, bulardan Oʻzi qutqarsin. Bizni Oʻzi sevgan hollar ila hollantirsin, Oʻzi sevgan axloq ila xulqlantirsin…
Oʻzi sevgan ishlarni bajarmogʻimizni muvaffaq aylasin….
Oʻzi sevgan qullari bilan birga yashamogʻimizni nasib aylasin….
Oʻzi sevgan qullari bilan hamroh qilsin….
Habibi adibiga qoʻshni aylasin….
Nega yomgʻir uchun duo qilinadi- yu, islomiy yuksalish, rivoj uchun duo qilinmaydi?…
Nega Fotih jomeʼsida hozirga qadar hech: shu musulmonlik rivoj topsin, deb qilinmagan?….Qanday dunyoparast insonlarmiz biz?.. Yomgʻir yogʻmay qolsa, oʻn besh ming kishi Fotih jomeʼsida toʻplandi: “Yo Robbiy, yomgʻir yubor!” deb yigʻlashadi. Islom ketayapti, ammo hech kimning tuki qimirlamaydi!..
Insonlarni hozirgi holiga qaramang, uning ichidagi iymon imkoniyatiga qaragaysiz. Bir kofirning shu ondagi holiga boqmagaysiz, uning imkoniyatida musulmon boʻlish ehtimoli borligiga qaragaysiz. Shuning uchun unga nisbatan oliyjanob harakat etgaysiz….
Qalb, koʻngil Allohning tajalliygohi boʻlgani uchun, koʻngilni topmoq, koʻngilni olmoq, koʻngilni shod etmoq juda muhimdir. Shundan Yunus Emro: “Men bekorga bir daʼvo uchun kelmadim bu dunyoga… Men koʻngil topmoqqa keldim, koʻngil olmoqqa keldim …” deydi.
Muhabbatga erishish choralarini dinimiz bayon etgan. Bu bilan bogʻliq hadisi shariflarda nasihatlar bor. Shulardan bittasi salomlashmoqdir.
Jumla jahon xalqi biladi, musulmonlar roʻza tutadi. Roʻzaning gʻoyasi qanday anglatiladi oyati karimada: “Ey iymon keltirganlar, shoyad taqvo qilsangizlar, (shoyad taqvoga erishsangizlar, shoyad taqvoni oʻrgansangizlar) deb, sizlardan oldingilarga farz qilinganidek, sizlarga ham roʻza farz qilindi….”, deb marhamat etadi Alloh. Maqsad – taqvo!.. Yaʼni, tasavvuf!..Yaʼni, botin tarbiyasi.Yaʼni, inson qalbini tozalamogʻi, poklamogʻi… Bu eski bir zamonning shunchaki urfi emas, eskirmas bir vazifa bu….Islomning bosh vazifasi bu!.. Ibodatlarning maqsadi, omoli, gʻoyasi bu!…
Bir musulmonning boshqa bir musulmon yuziga shavq bilan, ishtiyoq bilan nazar qilmogʻi, mehr – muhabbat bilan boqmogʻi Paygʻambar janobimizning masjidlarida bir yil qolib, uyga bormasdan, kecha kunduz toat – ibodat qilib, Qurʼon oʻqib, zikr qilib yashamogʻidan koʻra savobliroq, hayrliroq ekan!
Inson qizishadi, bugʻz etadi, ammo tuygʻularini nazorat etmogʻi lozim. Inson ichidan chiqqan har bir tuygʻuning darhol talabini bajarmogʻi kerak emas. Inson oʻzini tuta oladigan maxluqdir.
Dunyoni istamoq, sevmoq har bir xatoning manbaidir. Xato shundan boshlanadi. Insonni dindan uzoqlashtirgan, adolatdan uzoqlashtirgan, yomonlik, aldoqchilik qildirgan, birodarlikni buzdirgan, har turli xatolarning manbai dunyo sevgisidir. Har turli rasamad dunyodadir. Ikki aka – ukani, birodarni urishtirgan u.
Sevmoq odamzotga baxsh etilgan tuygʻularning eng yaxshisidir. Ichki va tashqi dunyomiz mehr – muhabbat bilan – sevgi bilan ranglangay, jonlangay va maʼnolangay. Allohning bu goʻzal neʼmatidan mahrum boʻlganlarning esa yuzlari tund, qoshlari chimiriq, koʻngillari xiradir, qorongʻidir.
Biz oxirat xaridorimiz, uni sotuvchi emasmiz.
Siz avvalo jannatga tushuvchi solih boʻling, ikkinchidan, boshqalar ham jannatiy boʻlsin, deydigan muslih boʻling, ularning ham haq yoʻlga kirishiga yordam qiling!..
Dunyoni koʻzga ilmaslik, unga ahamiyat bermaslik, uning mol-mulkiga, rohat – farogʻatiga asir boʻlib qolmaslik, oxiratni istash va unga ragʻbat qilish, Allohning rizoligini oʻylash va koʻz yoshlari bilan oʻtkazish, kunduzlari yelib – yugurib xalq xizmatini qilish, boshqalarning duosini olish, ammo mol – mulkini olmaslik, qoʻl ostida boshqalarning haq – huquqidan foydalanish imkoniyatlari boʻla turib, undan oʻz manfaati uchun foydalanmaslik va oddiy hayotni davom ettirishni zuhd deydilar, zohidlik deydilar.
Pora olgan rahbar vijdonini yegan, nohaqlikka, adolatsizlikkka rozi boʻlgan, oʻz manfaatini oʻylagan, xalq haqqiga xiyonat qilgan boʻladi. Mana shunday yoʻllar bilan jamiyatdagi qonunlar oyoq osti boʻladi, rivojlanish oqsaydi, haqlar toptaladi, mazlum va begunoh xalqning haqqi himo yalanmaydi.
Zolimlar xalq pulini, molini, davlat xazinasini, uning gʻaznasidagi boylikni talon – taroj qiladilar, xalq manfaatini aslo oʻylamaydilar. Qalʼa devoridan biror joyga darz ketsa, bir teshik ochilsa, qalʼa qulagani kabi, hovuzning ostki qismi teshilib, hovuz suvlar oqib ketgani kabi, natijada olamning taʼsis etgan nizom – qonunlari buziladi, dahshatli zararlar yuzaga keladi…
Ikki musulmonning koʻrishuvi ikki qoʻl kabidir: bir – birini yuvadi, tozalaydi, poklaydi. Bitta qoʻl chala yuvadi, oʻzidan boshqasini yuva olmaydi. Ammo ikkita qoʻl boʻldimi, bir – birini poklaydi. Ikki musulmon ham ikki qoʻlga oʻxshab bir – birini tozalaydi.
Bir inson boshqa bir insonning toʻgʻri yoʻlga kirishiga vasila boʻlishi, uni jahannam yoʻlidan qaytarib, jannat yoʻliga boshlashi, jannatiy boʻlishiga sababchi boʻlishi dunyodagi barcha narsaga ega boʻlishidan koʻra yaxshiroq, xayrliroqdir.
Allohga qaytishni “tavba” deydilar. Shuni bilish kerakki, faqatgina “Tavba qildim, yo Rabbim!” deyishning oʻzi bilan tavba tavba boʻlmaydi. Tavba – vaʼdadir, nadomatdir… Inson oʻz jarayonini, faoliyatini, yoʻnalishini, yashash tarzini oʻzgartirishidir. Shuning uchun Allohga haqiqatan tavba qilish kerak…
“Men oʻlsam, mening birodarlarim bola – chaqamga, oilamga qaraydi”, deydigan darajada qadrdon boʻlaylik. Oʻrganadigan va oʻrgatadigan kishilar jannatga kirgaylar. Bularga zid, bularga ayrincha kishilarda xayr yoʻq. Tamom! Ularda aslo xayr yoʻq! Oʻrganadigan va oʻrgatadigan kishilarda xayr bor.
Bir kishi uyiga kelarkan, kulib kelsa, hazil – huzul qilib kelsa; uyida zahar – zambarak yoʻq, ayoli, bola – chaqasi gʻavgʻo qilmasa, chiroyli muomala qilsa… “Ana shunday kishi hoji kabidir, gʻoziy kabidir”
Gunohga rozi boʻlsa, xuddi shu gunohni qilgandek, gunohkorga sherik boʻlgan boʻladi. Shu gunohdan xushnud, mamnun boʻlsa, uni xush koʻrsa, “Boʻpti, qilsa,qipti – da! Men boʻlsam, men ham shunday qilardim. Nima boʻpti? Yaxshi qipti!” desa, “Nega buncha tanqid qilasizlar. Men ham shunday qilgan boʻlardim. Qilsa boʻlaveradi!” desa, faqatgina tili tufayli, xuddi shu gunohni qilgandek, gunohga sherik boʻladi, unda ishtirok etgan boʻladi.
Sen menga bayʼat qilyapsan, ammo eʼtibor qil, bu Paygʻambar janobimizga qilingan bayʼat kabidir. Hazrati Paygʻambarimizga qilingan bayʼat esa Allohga bayʼat qilmoq demakdir. Chunki u zot Allohning elchisidirlar. Murshidga bayʼat qilmoq hazrati Paygʻambarimizga bayʼat qilmoq demakdir. Chunki murshid maqomning vorisidir; maqomi irshod, maqomi risolatning u zotdan keyingi davomchisidir. Murid oʻz ahdiga sodiq qolmogʻi lozim.
“Ilohiy, anta maqsudiy va rizoka matlubiy”. Maʼnosi: “Ilohim, maqsudim Sensan, mening talabim Sening rizoligingdir”.
Murshidikomil
MAHMUD ASʼAD JOʻShON
So’nggi izohlar